Jizzaxda hukumat komissiyasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi

O‘zbekiston 12:07 / 12.01.2021 20616

Ma'lum qilinishicha, bugun, 12 yanvar kuni, Jizzax viloyati xokimligi binosida Jizzax shahrida qurilayotgan ko‘p qavatli turar joy binosining qulashi sabablarini o‘rganish hamda kelgusida shu kabi holatlarning oldini olish bo‘yicha hukumat komissiyasining yig‘ilishi rejalashtirilgan.

Yig‘ilishni bosh vazirning birinchi o‘rinbosari – hukumat komissiyasi raisi Ochilboy Ramatov olib boradi. Yig‘ilishda komissiyaning barcha a'zolari hamda tegishli vazirlik va idoralar xodimlari qatnashadi.

Joriy yilning 10 yanvar kuni soat 17:10da Jizzax shahridagi «Zilol» mahallasi Mustaqillik ko‘chasida yangidan qurilayotgan ko‘p qavatli uylardan biri kutilmaganda, hech bir tabiiy ofat ta'sirisiz qulab tushdi.

Rasmiy ma'lumotga ko‘ra, jabrlanganlar va halok bo‘lganlar yo‘q. Foydalanishga topshirilmagan bino 6 qavatli bo‘lib, xususiy tadbirkor tomonidan ustki 4 qavati turar joy, dastlabki 2 qavati noturar joy sifatida qurilayotgan bo‘lgan.

Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishi bilan bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov rahbarligida hukumat komissiyasi tuzildi.

Komissiya zimmasiga 6 qavatli uyning qulab tushish sabablari, bunga omil bo‘lgan holatlar, loyiha hamda pudratchi tashkilot tomonidan uyning barpo etilishi davrida shaharsozlik norma va qoidalariga rioya etilgani, shuningdek, bunday holatlarning oldini olish bo‘yicha amaldagi normativ-me'yoriy huquqiy hujjatlarni o‘rganib chiqib, taklif kiritish vazifasi yuklatilgan.

Ko‘proq yangiliklar: