Germaniyada qat'iy karantin kuchga kirdi

Jahon 00:34 / 12.01.2021 5773

Germaniyada 11 yanvardan koronavirus tarqalishiga qarshi qat'iy karantin choralari kuchga kirdi. Jumladan, o‘quvchilar ta'limning onlayn shakliga o‘tkazildi, o‘zaro aloqalar cheklandi.

Endilikda bir uyda yashovchilar va yana bir kishi uchrashishiga yo‘l qo‘yiladi. O‘quvchilar masofadan o‘qishga o‘tkazilgan. 

Sportzallar, restoranlar, mehmonxonalar, muzeylar ishlamaydi. Shuningdek, sayohatlar cheklandi.

Haftasiga 100 ming aholiga 200dan ko‘proq koronavirusga chalinish holati qayd qilingan hududlarda fuqarolarga uzrli sabablarsiz o‘z uylaridan 15 kmdan ko‘proqqa uzoqlashish taqiqlanadi. 

Imkoni bor joylarda ish beruvchilarga xodimlarning masofadan ishlashiga ruxsat berish tavsiya qilingan. Jamoat joylarida spirtli ichimliklar iste'mol qilish taqiqlanadi.

Shu bilan birga, cherkovlar, masjidlar, sinagogalarga karantin choralari va gigiyenik qoidalarga rioya qilgan holda tadbirlar o‘tkazishga ruxsat berilgan.

Germaniyaga xavf darajasi yuqori bo‘lgan hududlardan kelganlar 2ta test topshirishlari va 10 kunga karantinga ketishlari belgilab qo‘yildi. Ikkita test orasida birinchi test manfiy chiqqan bo‘lsa ham 5 kunni karantinda o‘tkazish kerak bo‘ladi.   

Mamlakatning turli yerlarida karantin qoidabuzarliklari uchun turlicha jarimalar kiritilgan. Misol uchun, Tyuringiyada qoidabuzar 25 ming yevro to‘lashiga to‘g‘ri kelishi mumkin.

Federal va hududiy hukumatlar rahbarlari 25 yanvarda uchrashib, karantin muddatlari va virusga qarshi kurashning keyingi strategiyasini muhokama qilishadi. 

Germaniyada so‘nggi sutkada 12 mingdan ko‘proq yangi kasallanish holati qayd qilingan. Pandemiya boshidan beri ushbu ko‘rsatkich 1,921 mlndan oshib ketdi.

Ko‘proq yangiliklar: