Bank rahbarlari «mahallabay» ishlashga o‘rgatilmoqda

O‘zbekiston 14:13 / 12.01.2021 8013

11 yanvardan boshlab, 1 hafta davomida, Markaziy bank tomonidan «Tijorat banklarining mijozga yo‘naltirilgan siyosati va «mahallabay» ishlash tizimini amaliyotga joriy etish yo‘nalishlari» mavzusida seminar-trening boshlandi. Unda Markaziy bankning hududiy bosh boshqarmalari va tijorat banklarining viloyatlardagi filiallari rahbarlari ishtirok etyapti, deb xabar bermoqda Markaziy bank matbuot kotibi.

«Bir haftalik seminar-trening davomida biz «mahallabay» ishlash tizimini yaxlit holda ishlaydigan mexanizmga aylantirishimiz kerak», – dedi seminar-treningda ishtirok etgan Markaziy bank raisi.

Ta’kidlanishicha, seminar-trening davomida asosiy e’tibor «mahallabay» ishlash tizimini joriy etishning mazmun-mohiyatini tushuntirishga qaratilgan. Shuningdek, bank rahbarlari tomonidan ishchi «Target» guruhi tuzilib, mahallalarning iqtisodiy va tadbirkorlik salohiyatini oshirish reja-grafigini ishlab chiqish, mahallaning ishsiz aholisini ishga joylashtirish yoki tadbirkorlik sub’yektlariga yo‘naltirish maqsad qilib olingan.

«Bizning birinchi o‘rindagi vazifamiz – biriktirilgan tumandagi tadbirkorlik yo‘nalishi bo‘yicha shug‘ullanish, ikkinchisi aholisi bo‘yicha shug‘ullanish», – dedi Markaziy bank raisi.

Endilikda bank xodimlari mahalladagi xonadonlarning yer uchastkalaridan foydalanish darajasini o‘rganish va kreditga bo‘lgan ehtiyojni yo‘nalishlar bo‘yicha shakllantirish ishlarini yo‘lga qo‘yishi belgilanadi.

Ma’lumot uchun, mazkur seminar-trening dasturi prezidentning murojaatnomasida ta’kidlangan bank tizimi zimmasiga yuklatilgan vazifalar ijrosini ta’minlash va joylarda «mijozbay» ishlash tizimini joriy etish maqsadlariga qaratilgan.

Ushbu dasturning birinchi bosqichida bank sohasi rahbarlari o‘qitiladi. Ikkinchi bosqichda bank rahbarlaridan tuzilgan ishchi guruhlari fevral oyida viloyatlarga chiqqan holda har bir tuman va shaharlardagi bank rahbarlari va mas’ul bank xodimlarini «mahallabay» ishlash tartibi va tamoyillariga o‘rgatadi.

Ko‘proq yangiliklar: