ShHT missiyasi Qozog‘istondagi saylov bo‘yicha xulosasini e'lon qildi

Jahon 16:15 / 11.01.2021 5452

Joriy yilning 7-10 yanvar kunlari Qozog‘istonda palament saylovini kuzatish uchun yuborilgan Shanhay hamkorlik tashkiloti missiyasi saylov yakuni bo‘yicha o‘z xulosasini e'lon qildi. Missiya xulosalariga ko‘ra, «saylov kampaniyasining barcha jihatlarining chuqur tahlili mamlakatda siyosiy raqobat mavjudligi, saylov kampaniyasining ochiqligi va shaffofligini ko‘rsatgan. Saylovlar Qozog‘iston qonunchilik talabiga va mamlakat o‘z zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarga javob bergan hamda saylov natijalariga ta'sir qilishi mumkin bo‘lgan qonunbuzarliklar aniqlanmagan».

Missiyaga rahbarlik qilgan ShHT Bosh kotibining o‘rinbosari Chjan Xaychjouning bildirishicha, «missiya o‘tgan saylovlarni erkin, adolatli, ishonchli va demokratik saylovlar sifatida tan oladi, saylovlarning qonuniyligi shubhasizdir. Mamlakat qonunchilik organini saylash demokratik Qozog‘istonni yanada rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam» bo‘lgan.

Missiya tomonidan xalqaro kuzatuvchilarning taklif etilishi rasmiy Nur-Sulton parlament saylovlarining «maksimal darajada ochiqligi, oshkoraligi va demokratik xarakterini ta'minlashga bo‘lgan intilishi sifatida baholanishi» e'tirof etilgan.

O‘nta banddan iborat missiya bayonotida kuzatuvchilarning faoliyati, mamlakat saylov qonunchiligi bazasi, zamonaviy axborot texnologiyalari va jamoat platformalaridan foydalanish, Qozog‘iston Majilisiga nomzodlar, saylovoldi tashviqoti, saylovlarga tayyorgarlik ishlari, imkoniyati cheklangan saylovchilarga yaratilgan sharoitlar, saylov bo‘lib o‘tgan kun hamda asosiy xulosalar bayon etilgan.

Missiya saylov uchastkalari tibbiy yordam ko‘rsatish xonalari bilan jihozlangani, ovoz berish o‘rnatilgan tartibda tinch o‘tganini qayd etgan hamda kuzatuv davomida missiya vakillariga hech qanday shikoyat va mulohazalar kelib tushmagan.

Ma'lumot uchun, Qozog‘iston parlamenti – Majilisi 107 nafar deputatdan iborat bo‘lib, ulardan 98 nafari yashirin ovoz berish orqali siyosiy partiyalar ro‘yxati asosida saylanadi.

Qoidaga ko‘ra, deputatlikka nomzod bo‘lishi uchun Qozog‘iston azamati 25 yoshga to‘lgan va so‘nggi 10 yil mobaynida mamlakat hududida muqim istiqomat qilib kelayotgan bo‘lishi shart.

Bayonot so‘ngida missiya vakillari saylovlarning yakunlangani bilan Qozog‘iston xalqini tabriklab, davlatchilik va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni yanada mustahkamlashda muvaffaqiyatlar tilagan.

Shanhay hamkorlik tashkiloti 1996 yilda Xitoy tashabbusi bilan davlat mustaqilligini e'lon qilgan Rossiya, Tojikiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston bilan ustuvor masala sifatida mavjud sobiq sovet-xitoy chegara muammolariga manfaatli yechim topish maqsadida tashkil topgan. Unga keyinchalik 2001 yilda O‘zbekiston, 2017 yilda Pokiston va Hindiston qo‘shilishi hisobidan jahonshumul nufuz kasb etdi.

Shuningdek, ShHTning yuqori darajali uchrashuvlarida Afg‘oniston, Belarus, Mo‘g‘uliston va Eron kuzatuvchi maqomida, Armaniston, Kambodja, Nepal, Ozarboyjon, Turkiya va Shri-Lanka muloqot sheriklari sifatida ishtirok etadilar. Betaraf Turkmaniston uchrashuvlarga mehmon sifatida taklif etiladi.

Odatda ShHT, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT)dan farqli o‘laroq o‘ziga a'zo davlatlarning prezident, parlament saylovlari yo referendumlari haqida bironta tanqidiy bayonotlar chop etmaydi. Vaholanki, bu haqda missiya o‘z bayonotida ham quyidagilarni ma'lum qilgan: «missiya o‘z faoliyatini ShHT doirasida qabul qilingan nizomga muvofiq milliy qonunchilikka qat'iy rioya qilish, siyosiy betaraflik, xolislik va davlatning ichki ishlariga aralashmaslik tamoyillariga asosan yuritadi»

Ko‘proq yangiliklar: