O‘zbekistonlik va rossiyalik olimlar koronavirusni radiatsiya bilan davolashni taklif qilishdi

O‘zbekiston 22:53 / 11.01.2021 7543

Radiatsiyaning koronavirusga ta'sirini o‘rganish bilan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va Ural federal universiteti olimlari shug‘ullanishmoqda. Hozirda ular davolash metodikasini ishlab chiqishmoqda.

“Bu g‘oyaning mohiyati shundan iboratki, koronavirusning RNK molekulasi odam hujayrasiga tushganda o‘z uzunligi bo‘ylab ko‘plab qismlarida kuchli deformatsiyalanadi. Aniqlanishicha, virusning RNK molekulasi bo‘ylab deformatsiyalangan joylari sog‘lom hujayralardan ko‘ra radiatsiya ta'siriga ming marotaba ta'sirchan ekan. Bundan radiatsiyaning virus uchun halokatli kuchsiz dozalari odam hujayralariga mutlaq xavfsiz ekani kelib chiqadi”, deb ma'lum qilgan UrFU professori Anatoliy Zatsepin.

Mutaxassislarning ta'kidlashicha, radiatsiya ta'sirida nafaqat koronavirusni, balki boshqa viruslarni ham yo‘q qilish mumkin. Olimlar radiatsiya yordamida, shuningdek, turli sirtlarni dezinfeksiyalashni taklif qilishmoqda.  

Biroq rossiyalik virusolog, tibbiyot fanlari doktori Anatoliy Alshteynning ta'kidlashicha, koronavirusni radiatsiya bilan davolash xavfli bo‘lishi mumkin.

“Odamni radiatsiya bilan davolash kerak emas. Bundan tashqari, radiatsiya turli bo‘ladi. Rentgen va ultrabinafsha nurlanish orasida katta farq bor”, deb aytgan mutaxassis.

Uning ta'kidlashicha, agar bemorga unda koronavirusni o‘ldira oladigan dozada rentgen nurlanish berilsa, aksincha unga ziyon yetkazib qo‘yish ham mumkin.

“Sirtlarni nurlantirishga kelsak, marhamat, bu yaxshi dezinfeksiyadir. Havoda ultrabinafsha nurlanish bilan viruslar o‘ldiriladi”, deb yakun yasagan o‘z fikrlariga olim.

Ko‘proq yangiliklar: