«Navoiycha tender-2». Viloyatdagi ko‘plab qurilish ishlari amaldorlarga aloqador kompaniyalar tomonidan bajarilgan

O‘zbekiston 16:22 / 11.01.2021 17341

Ma'lum bo‘lishicha, 2018 yilda Navoiy viloyati hokimligi huzuridagi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasiga rahbarlik qilgan Vohid Mustafoyevich Bobomurodovga tegishli «Navoiy Tears Invest» MChJ oxirgi yillarda kamida 30 milliard so‘mlik davlat buyurtmalarini olgan.

Davletovuz kanali muallifi ochiq ma'lumotlarga asoslanib yozishicha, Vohid Bobomurodovning yaqin qarindoshi, ukasi Obid Mustafoyevich Bobomurodov «FARXOD FAROVON LYUKS» MChJga egalik qiladi.

Ba'zi tanlov hujjatlarida faqatgina mana shu ikki kompaniya ishtirok etgan davlat buyurtmalari ham borligi qayd etilgan. Navoiy shahrida «Bandlikka ko‘maklashish markaziga yordamchi bino qurish» obekti shular jumlasidan.

Ochiq ma'lumotlarga ko‘ra, Vohid Bobomurodovning yana bir ukasi —Zohidjon Mustafoyevich Bobomurodov ham 2020 yilning aprelida turar joy qurishga ixtisoslashgan «STRONG ORIENTAL HOUSES» MChJni tashkil qilgan. Mazkur mas'uliyati cheklangan jamiyati ustav fondidagi ulushning yarmi Farruxjon Qobulovich Tursunovga taalluqli. Surishtiruv muallifi Farruxjon Tursunov viloyat hokimi Qobul Tursunovning farzandi bo‘lishi mumkinligiga e'tibor qaratgan.

Vohid Bobomurodovning «Navoiy Tears Invest» MChJ 2020 yilning noyabrida Navoiy shahrida «Ishga marhamat» mono-markazi yaratish bo‘yicha qariyb 22 milliard so‘mlik tenderni yutgan. Shuningdek, ushbu kompaniya «Strong Home» brendi ostida aholi uchun ko‘p qavatli uy-joylar ham quradi.

Davletovuz ma'lumotiga ko‘ra, Navoiy viloyati hokimligi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasida ma'lum vaqt texnadzor bo‘lib ishlagan Karim Boboqulovich Barakayev ham «Baraka-Bino» MChJga egalik qiladi.

«Karim Barakayev keyinchalik bo‘lib o‘tgan sud ishlaridan birida kompaniya unga tegishli ekanligini yashirmagan. 2018 yil fevralida tashkil etilgan mazkur korxona allaqachon, hisob-kitoblarimizga ko‘ra, qariyb 13 mlrd so‘mlik davlat buyurtmalarini olishga ulgurgan», deb yozmoqda bloger.

Kanal muallifining yozishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy viloyati tumanlari sudlari hujjatlarini o‘rganish qurilishdagi davlat buyurtmalari atrofida korrupsiyaning boshqa turlari, shu jumladan, «otkat» va firibgarlik holatlari mavjudligini ko‘rsatdi.

Bundan tashqari, davlat buyurtmalarida ishtirok etib kelayotgan kompaniyalar rahbarlari juda ko‘p miqdordagi foyda va qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlashda ayblangan. Masalan, «Zarafshon Best Build» MChJ rahbari Sardor Bahodirovich Beknazarov 217 million so‘m 240 ming 400 so‘mlik soliqni to‘lamagan. Sud esa uning «muqaddam sudlanmagani, uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatni sodir etishda ayblanayotgani, tadbirkorligi, bugungi kunda ijtimoiy foydali mehnat bilan shug‘ullanib kelayotgani, davlatga yetkazilgan zararni qoplagani...»ni hisobga olib, javobgarlikdan ozod qilib, jinoyat ishini tugatishni lozim topadi.

Avvalroq, Navoiy viloyat hokimligi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi direktori Bahodir Mansurov oilasiga tegishli bo‘lgan «Mexrangez B-2002» MChJ bir necha milliard so‘mlik davlat buyurtmalarini qo‘lga kiritgani haqida surishtiruv e'lon qilingandi.

Shuningdek, Andijonda davlat buyurtmalarini buyurtmachining o‘ziga tegishli kompaniyalar taqsimlab olgani ma'lum bo‘lgandi. Xususan, «Yagona buyurtmachi xizmati» IK rahbari Muhiddin Qodirov o‘ziga tegishli bo‘lgan «Milano Biznes Servis» MChJga qariyb 20 milliard so‘mlik qurilishga oid davlat buyurtmalarini olgan. Andijon viloyati prokuraturasi qurilishlardagi manfaatlar to‘qnashuvini tekshirmoqda.

Davletovuz kanali Jizzax viloyatida ham viloyat hokimi o‘rinbosari qarindoshlarining kompaniyalari bir necha yuz milliard so‘mlik loyihalarni qo‘lga kiritgani haqida xabar bergandi.

Bundan tashqari, viloyat hokimi Ergash Soliyevning qiziga tegishli kompaniya ko‘chalarga gul ekish bo‘yicha bir necha milliard so‘mlik tenderlarni yutib olgani, Xorazmda viloyat hokimining tayinlanganiga bir yil ham bo‘lmagan o‘rinbosarining ukasiga tegishli kompaniya 20 milliard so‘mlik davlat buyurtmasini qo‘lga kiritgani ma'lum bo‘lgandi.

  • Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev 29 dekabr kuni parlamentga murojaatida bundan buyon barcha davlat xaridlari jamoatchilik va parlament nazoratida bo‘lishini ta'kidlagan edi.
  • Moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isoqovning ma'lum qilishicha, tanlov va tenderlar o‘tkazishdagi ochiqlik va shaffoflikni ta'minlash maqsadida joriy yildan boshlab, tenderlar to‘liq elektron shaklda o‘tkaziladi.
Ko‘proq yangiliklar: