MB: 2021 yilda davlat ulushidagi 6ta bank xususiylashtirishga tayyorlanadi, 1ta bank xususiylashtiriladi

O‘zbekiston 16:21 / 11.01.2021 17131

Markaziy bank deportamenti direktori Sanjar Nosirov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida banklarni xususiylashtirish jarayonida Yevropaning yetakchi banklari bilan muzokaralar olib borilayotganini ma'lum qildi.

«2021 yil 6ta bank xususiylashtirishga tayyorlanadi, 1ta bankni strategik investorlarga sotish bo‘yicha choralar ko‘rib boriladi. Transformatsiya natijasida banklarimiz bozor sharoitlarida ishlashga o‘rganadi va bu investitsion jozibadorlikni oshiradi. Ya'ni investor uchun katta imkoniyatlar yaratadi. Banklarimiz transformatsiya jarayonini boshlagan. Hozirda har bir bank 5ta yo‘nalish bo‘yicha ishlarni davom ettiryapti.  Korporativ boshqaruvni takomillashtirish, bank xizmatlarini raqamlashtirish, bank tarkibiy tuzilmasini bozor sharoitlariga moslashtirish va bankning  o‘z faoliyatini mijozga yo‘naltirilganini oshirish bo‘yicha choralar ko‘rib borilyapti», – deydi u.

Markaziy bank rasmiysining aytishicha, 3ta bankda davlat ulushi qoldiriladi. Ular ma'lum tarmoqlarga xizmat ko‘rsatishda davom etadi.

«2020-2025 yillarga mo‘ljallangan bank tizimini isloh qilish bo‘yicha strategiyada 3ta bankda davlat ulushi qoldirilishi bo‘yicha qaror qabul qilingan. Masalan, strategiyani amalga oshirish davrida bo‘shliqlar qolib ketmasligini hisobga olib qishloq xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatish uchun «Agrobank», yirik davlat korxonalariga xizmat ko‘rsatish uchun «Milliy bank», joylarda moliyaviy xizmatlarning ommabopligini kamaytirmaslik uchun «Mikrokreditbank» davlat ulushida qolyapti», – dedi Nosirov.

Prezidentning parlamentga murojaatida bank tizimini transformatsiya qilishga qaratilgan bir necha takliflar ilgari surilgan edi.

Xususan, 2021 yilda kamida bitta bankdagi davlat ulushi strategik investorlarga to‘liq sotiladi. Strategik ahamiyatga ega bo‘lgan 32ta yirik korxona va tarmoqni transformatsiya qilish ishlari amalga oshiriladi. Ular qatorida «Sanoatqurilish», «Asaka», «Ipoteka», «Aloqa», «Turon» hamda «Qishloqqurilish»  bank xususiylashtirishga tayyorlanishi ko‘zda tutilgan.

Ma'lum qilinishicha, 2020-2025 yillarga mo‘ljallangan bank tizimini isloh qilish bo‘yicha strategiyada 2025 yilgacha xususiy sektorning bank aktivlaridagi ulushini 15 foizdan 60 foizgacha oshirishga e'tibor qaratilgan. Ayni paytda 6ta tijorat banki uzoq muddatli strategiyalarni ishlab chiqish va xususiylashtirish masalalarida xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni boshlagan.

Ko‘proq yangiliklar: