«Bezorilar 15 sutkagacha qamaladi» - IIV tiktokerlarni ogohlantirdi

O‘zbekiston 21:38 / 11.01.2021 12869

«Oxirgi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarning TikTok platformasida fuqarolarimizni, ayniqsa yoshlarimizni o‘zlariga e'tibor jalb qilish maqsadida turli masxaraomuz, odob-ahloq qoidalariga zid harakatlari tasvirlangan videolarini ko‘plab kuzatyapmiz. Shu o‘rinda eslatib o‘tmoqchimanki, fuqarolarning osoyishtaligini hamda jamiyatda yurish turish qoidalarini buzish mayda bezorilik hisoblanadi va 15 sutkagacha qamoq bilan jazolanadi.

Aslida ota-onalar farzandlarini nazorat qilishga mas'ul hisoblanadi. Bu O‘zbekiston Konstitutsiyasi va qonunlarida belgilab qo‘yilgan. Biroq ayrim ota-onalar farzandlarini yoshligidan taltaytirib yuborgani, ularning tarbiyasiz va odobsiz qiliqlariga ko‘z yumib kelganining zararini kech tushunadi.

Ota-onalar beo‘xshov qiliqlari bilan tengdoshlari e'tiborini qozonishga urinayotgan farzandlarini tartibga chaqirmagan taqdirda ham, biz bunday axloqsizlika yo‘l qo‘yib bermaymiz», – dedi IIV axborot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Guliston shahri markazidagi chorrahalarning birida 2 nafar yigit mashinalar harakatiga xalaqit berib, raqsga tushgani aks etgan video tarqalgan, so‘ng bu shaxslar huquq-tartibot idoralari tomonida aniqlanib, 4 sutkaga qamalgani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek, Olmaliq hokimining o‘g‘li Toshkentda 150 km/soat tezlikda avtomobil haydab, mazkur jarayon aks etgan videoni TikTok'ga joylagan, mazkur holat OAV va blogerlar tanqidiga uchragach, Toshkent shahar IIBB tomonidan yo‘l harakati qoidalarini buzgan haydovchi jarimaga tortilgandi. Ko‘p o‘tmay hokim Usmon Rahimov shu vaj bilan ishdan olindi.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning oktyabrida TikTok dunyo bo‘yicha smartfonlarga eng ko‘p ko‘chirib olingan ilova bo‘lgani aytilgandi.

App Annie kompaniyasi tahlilchilari TikTok'ni 2020 yilning eng ommaviy mobil dasturi deb topgan.

Ko‘proq yangiliklar: