Aliyev va Pashinyan Moskvada. Tomonlar nimani muhokama qiladi?

Jahon 16:58 / 11.01.2021 20963

Kreml saytida aytilishicha, uch davlat yetakchilari 9 noyabr kuni imzolangan tinchlik bitimdan so‘ng Qorabog‘da amalga oshirilgan ishlarni muhokama qilishadi. Shuningdek, ushbu hudud aholisiga zarur sharoitlarni yaratish, transport va savdo aloqalari borasida fikr almashadi.

Uchrashuv Rossiya prezidenti tashabbusi bilan o‘tkazilmoqda. Armaniston tomonining ma'lum qilishicha, uchrashuvlar vaqtida bedarak yo‘qolgan harbiylar masalasi birlamchi hisoblanadi.

«Armaniston tomoni uchun asirlarni qaytarish, qidiruv-qutqaruv operatsiyalarini o‘tkazish, halok bo‘lganlarning tanasini topish va bedarak yo‘qolganlarning taqdiri borasida ma'lumot to‘plash birlamchi masala hisoblanadi», deb yozgan Nikol Pashinyanning matbuot kotibi Mane Gevorgyan.

Ayni damda Moskvada muzokaralar boshlangan. Bu uchrashuvni muzokara deyish ham aslida to‘g‘ri emas, chunki unda ikki mamlakat delegatsiyalari to‘liq tarkibda uchrashmaydi, shunchaki davlat yetakchilari vaziyatni muhokama qilishadi. Bu Aliyev va Pashinyanning sentyabrda boshlangan urushdan keyingi ilk uchrashuvi bo‘ladi.

Ozarboyjon uchun nima muhim?

Ayni damda Qorabog‘ masalasida Ozarboyjon uchun eng muhim jihat barcha muammoli jihatlarni hal qilish. Iqtisodiy jihatdan o‘ziga to‘q bo‘lgan ushbu davlat Qorabog‘ni rivojlantirish uchun juda katta pul sarflamoqchi va buning uchun egallagan hududlar qayta hujumga uchramasligi muhim hisoblanadi. Shuningdek, Ozarboyjon tomonidan egallangan hududlarning bir qismida hamon armanistonliklar yashamoqda. Ozarlar ularga zo‘rlik qilayotgani yo‘q, ularga Ozarboyjon fuqaroligini olgan holda ushbu hududda yashashda davom etish taklif qilinmoqda.

Aliyev Qorabog‘dagi armanlar «kerak bo‘lsa Yerevandagi armanlardan yaxshi yashashi»ni aytdi va buning uchun katta pul sarflashga tayyor. Ozarboyjon Qorabog‘dagi o‘z tasarrufiga o‘tgan hududlarni qayta tiklashga 1,3 milliard dollar sarflashini ma'lum qildi. Bu pulga uzoq vaqt zamondan ortda qolib yashagan hududlarda uylar, yo‘llar va ijtimoiy obektlar quriladi. Qorabog‘ni qo‘llab-quvvatlash uchun Ozarboyjonda butun boshli fond ham tuzildi. Fond homiylik mablag‘lari hisobiga shakllantiriladi. Unga istagan odam pul tashlashi mumkin va yig‘ilgan pullar Qorabog‘ uchun ishlatiladi.

Aliyev urushdan so‘ng egallangan Fuzuliydan Shushagacha temir yo‘l qurilishini aytdi. Shuningdek, Goradizdan Fuzuliygacha temir yo‘l quriladi. Bu ikki hududni birlashtiruvchi avtomobil yo‘lini qurish esa boshlab yuborilgan. Aliyev Fuzuliyda xalqaro aeroport qurilishini ham ma'lum qildi. Prezidentning aytishicha, bu ish Shushaga borayotgan xorijlik sayyohlarga qulaylik yaratish maqsadida qilingan. Mana shu katta loyihalarni amalga oshirish uchun esa Ozarboyjonga urush tiklanmasligi borasida ishonch, imkon bo‘lsa hujjat kerak.

Bu uchrashuvdan Putin yutadi(mi?)

Yuqorida aytilganidek, ayni damda Armanistonda harbiylarining jasadlarini topish va asirlarni qaytarishdan ortiq da'vo yo‘q.

Shuningdek, bu uchrashuvda Rossiyaning ham o‘ziga xos maqsadlari bor. Chunki Qorabog‘dagi urushda hal qiluvchi nuqtani har qanaqasiga Rossiya qo‘ydi. Agar Rossiya aralashib, «tinchlikparvar kuchlari»ni kiritmaganda Ozarboyjon Qorabog‘ni to‘liq egallagan bo‘lishi ham mumkin edi. Buni Pashinyanning o‘zi ham rad etmadi. Katta ehtimol bilan Putin Ozarboyjon va Armaniston yetakchilarini Rossiya hududda hal qiluvchi mamlakat ekanini yana bir bor eslatib qo‘yish uchun bir stol atrofida uchrashuvga taklif qildi. Mashhur bir siyosatchining ta'biri bilan aytganda «bunaqasi faqat Putinning qo‘lidan keladi».

Albatta, siyosatda o‘zaro mojarolarni hal qilishda bir davlat boshqa ikki davlatga vositachilik qilishi doim olqishlangan, lekin Rossiyadagi ozar va arman yetakchilarining uchrashuvidan Rossiyaning maqsadi shunchaki vositachilik emas, o‘zining mintaqadagi asosiy kuch ekanini eslatib qo‘yish ekani haqiqatga yaqin. Bu uchrashuvda tomonlar Qorabog‘ bo‘yicha qanaqadir kelishuvga erishishini kutish qiyin, chunki bunday kelishuvlar uchun mojaroga daxldor ikki davlat delegatsiyalari uzoq vaqt seriyali uchrashuvlar o‘tkazishi kerak. Xullas, uch tomonlama uchrashuvdan kim ko‘proq yutishiga qaramay, u mintaqa uchun muhim ahamiyatga ega bo‘ladi. Chunki ko‘pchilik iqtisodiy inqiroz holatida bo‘lgan vaqtda yaqin atrofdagi urushni hech kim xohlamaydi.

Pashinyan uchun oxirgi imkonmi?

Bugungi uchrashuv Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan uchun oxirgi imkon degan mulohazalar ham yo‘q emas. Chunki Pashinyan Qorabog‘ jangida [ko‘pchilik armanlarning o‘ylashicha] barvaqt oq bayroq ko‘targach, mamlakatda uning hukumatda qolishiga qarshi namoyishlar boshlanib ketdi. Hatto Pashinyanni o‘ldirmoqchi ham bo‘lishdi va suiqasdning oldi olindi. Moskvadagi uchrashuvda qandaydir qat'iyat ko‘rsatmasa, Pashinyan keyinchalik Armaniston hukumati rahbari lavozimida qolishi qiyin bo‘ladi. Hozircha uchrashuvning faqat rasmiy tomonlari ma'lum, uning tafsilotlari esa keyinroq e'lon qilinishi mumkin. Darvoqe, uchrashuv boshlanishida Aliyev va Pashinyan o‘zaro qo‘l berib ko‘rishmadi...

Ko‘proq yangiliklar: