Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi matbuot xizmatining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, taklif etilayotgan loyiha respublika bo‘ylab 10ta yo‘nalish bo‘yicha mingdan ortiq IT-mutaxassislarini tayyorlash va ularni ish bilan ta'minlashga yoki o‘z-o‘zini ish bilan ta'minlashiga (freelancing) yordam beradi.
Qayd etilishicha, loyihadan ko‘zlangan maqsad axborot texnologiyalari sohasida kadrlarni tayyorlashda professional tizimni takomillashtirish, mehnat bozorida malakali IT-mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojni qondirish, shuningdek, «Raqamli O‘zbekiston — 2030» strategiyasini muvaffaqiyatli amalga oshirish va aholining kundalik hayotiga raqamli texnologiyalarni keng joriy etishni ta'minlashdan iborat.
Loyihaning ochilish marosimida mehmonlarga bo‘lajak IT-mutaxassislari uchun tanlangan ta'lim yo‘nalishlari haqida taqdimot bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Future Skills Uzbekistan doirasida quyidagi 10ta yo‘nalish bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanishi kutilmoqda:
- web-dasturlash;
- mobil ilovalarni ishlab chiqish;
- IT-xavfsizlik va tarmoq texnologiyalari;
- ma'lumotlar bilan ishlash;
- mobil o‘yinlarni ishlab chiqish;
- mobil robototexnika;
- grafik dizayn;
- 3D modellashtirish;
- ingliz tili;
- IT-menejment.
Bundan tashqari, marosim ishtirokchilari mamlakat bo‘ylab o‘qish tashkil etiladigan barcha joylar, ro‘yxatdan o‘tish usuli, tanlov mezonlari va to‘lov mexanizmlari, shu jumladan, ishsiz va ish qidirayotgan fuqarolarga hamda kam ta'minlangan oilalarda yashovchi shaxslarga o‘qish uchun beriladigan imtiyozli kvotalar to‘g‘risida batafsil ma'lumot olishlari mumkin. Loyiha taqdimotida alohida e'tibor 9 oylik o‘qish va amaliyotni yakunlagandan so‘ng bandlik va o‘z-o‘zini ish bilan ta'minlash (freelancing) istiqbollariga qaratiladi.
Ochilish marosimi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida bo‘lib o‘tishi, unda tashkilotchilar loyihaga oid barcha savollarga javob berishi rejalashtirilgan.