2021 yil jahon texnologiya olamida nimalar kutilmoqda?

Fan-texnika 21:37 / 29.12.2020 10612

Chunki Yevropa va AQSh rasmiylari Google, Facebook, Amazon, Apple kabi kompaniyalarning kuchini raqobat va boshqaruv mexanizmlari yordamida siqib chiqarishga kirishishdi.

BBC nashri 2021 yil kutilayotgan texnologik ishlanmalar haqida ma'lumot berdi.

Ulkan texnologik kompaniyalarga cheklovlar

2020 yilning so‘nggi haftalarida Google, Facebook, Amazon va Apple kabi kompaniyalarning osmonida qora bulutlar aylana boshladi.

Dekabr oyi boshida AQSh federal kuchlari va 45 shtat prokurori Facebook’ni o‘z raqobatchilarini sotib olish va raqobatni cheklash maqsadida noqonuniy xatti-harakatlar sodir qilganlikda aybladi.

Xuddi shuningdek, Yevropa komissiyasi yirik texnologiya kompaniyalarini tartibga solish to‘g‘risidagi yangi qonun loyihasini taqdim etdi.

Angliyada esa raqobat va bozorlarni tartibga soluvchi institut ushbu kompaniyalarga qarshi sanksiyalar joriy etishni ko‘zda tutuvchi mexanizm yaratdi.

Shu bois yuqorida nomi tilga olingan kompaniyalar AQShning yangi saylangan prezidenti Jo Baydenning bu borada qanday yo‘l tutishini intiqlik bilan kutishmoqda.

Qayd etish joiz, Bayden avvalroq ulkan texnologik kompaniyalar, xususan, Facebook’ni tanqid qilgandi. Qolaversa, ushbu kompaniyalar tomonidan monopoliya o‘rnatilishiga qarshi bo‘lganlar soni kundan kunga ortib bormoqda.

Elektr davri

Aviatsiya va kosmik sanoat koronavirus pandemiyasi tufayli juda og‘ir yilni boshdan kechirdi. Ayni paytda har ikki sektor ham tadqiqot va rivojlanish tashabbusiga sodiq ekanini bildirmoqda.

Sentyabr oyida Airbus vodorod bilan ishlovchi uchta yangi dizaynni taqdim etdi. Kelasi yil mazkur kompaniya Germaniya, Fransiya, Ispaniya va Italiya kabi mamlakatlar bilan uchuvchisiz havo vositalarini yaratish bo‘yicha shartnoma imzolaydi.

Rolls-Royce esa 2021 yilda elektr samolyotini taqdim etadi. Kompaniya ushbu samolyotni tezlik rekordini yangilaydigan ilk elektr uchar transport vositasiga aylantirishni maqsad qilmoqda.

Chakana savdo inqilobi

Ortda qolayotgan yil ko‘plab chakana savdo kompaniyalari uchun ham og‘ir bo‘ldi.

Pandemiya tufayli odamlar asosan onlayn do‘konlarga murojaat qilishni ma'qul ko‘rishmoqda.

Chakana savdo sohasida 2021 yil juda ko‘p o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin. Masalan, Amazon kelgusi yil kassasiz do‘konlarining sonini ko‘paytirishni rejalashtirmoqda. Hozirda AQShda 20ta do‘kon faoliyat yuritayotgani, 2021 yilda esa Angliyada ham ushbu turdagi do‘konlarni ochish kutilayotgani haqidagi xabarlar mavjud.

Yangilanish shundaki, odamlar nimalarni sotib olgani aqlli kamera va sun'iy intellekt yordamida aniqlanadi va hisob-kitob ularning uylariga jo‘natiladi.

Uy sharoitida ishlashga mo‘ljallangan texnologiyalar

Kelgusi yil ham ko‘plab kompaniyalar uy sharoitida ishlash tizimini davom ettirishlari mumkin.

Masalan, Dropbox va Twitter kompaniyalari barcha xodimlar uyda ishlashini e'lon qildi.

Microsoft va Facebook ham aksariyat xodimlari uyda qolishda davom etishini ma'lum qildi.

Bu esa o‘z navbatida texnologik kompaniyalarga foyda olish uchun yangi maydon yaratadi. Ayniqsa, xavfsizlik sohasida xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalar uchun bu hol yaxshigina daromadni anglatishi mumkin. Chunki uyda ishlashga imkon beruvchi kompaniyalar uchun internetga ulanishdan tortib to ma'lumotlarni saqlashgacha bo‘lgan xavfsizlik masalalari nihoyatda muhim ahamiyatga ega.

Shu bilan bir qatorda, xodimlar o‘rtasida aloqa qilishni ta'minlaydigan dasturiy ta'minotlarga ham talab ortib bormoqda. Masalan, so‘nggi paytlarda Miro va Mural kabi dasturlarga ehtiyoj kuchaydi. Mural bu yil milliondan ziyod faol foydalanuvchiga ega bo‘ldi. Ushbu dasturlar yordamida hamkasblar umumiy loyiha ustida birgalikda ishlashlari mumkin.

Haydovchisiz boshqariladigan transport vositalari

AQShning Feniks shahrida Waymo deb nomlangan kompaniyaning haydovchisiz harakatlanadigan 300ga yaqin avtomobili mavjud.

Alphabet kompaniyasining ko‘magi bilan avtonom avtosanoatda tez sur'atlarda o‘sib borayotgan Waymo endilikda o‘z xizmatini Feniks va undan tashqarida ham kengaytirishni rejalashtirmoqda.

Waymo’ning raqibi hisoblangan va General Motors’ga aloqador Cruise ham San-Fransiskoda haydovchisiz boshqariluvchi mashinalarni sinovdan o‘tkazmoqda.

Oktyabr oyida sinov uchun ruxsat olgan Cruise ham Waymo kabi davlat xizmatini ko‘rsatishni ko‘zlamoqda. Ammo buning qachon amalga oshishi hali ma'lum emas.

Lyft ham tajribalarini San-Fransiskoda o‘tkazmoqda.

Uber esa haydovchisiz boshqariladigan avtomashinalarni ishlab chiqish rejasidan voz kechdi. Ushbu kompaniya haydovchisiz transport vositasi ishlab chiqarish loyihasini Amazon tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Aurora Technologies kompaniyasiga sotdi va o‘z xizmatini taksi hamda oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berishga yo‘naltirdi.

Ko‘proq yangiliklar: