Telegram 2021 yildan boshlab tijoriy loyihaga aylanadi, deya e'lon qildi messenjer asoschisi va rahbari Pavel Durov.
U mazkur qarorni messenjerning aktiv foydalanuvchilari soni yarim milliardga yaqinlashgani, shu bois xarajatlar ham ortib borayotgani bilan izohlagan.
Durovning aytishicha, Telegram'ga reklamalar joylashtirilishi, unda pulli stikerlar va boshqa tijoriy takliflar ham paydo bo‘lishi foydalanuvchilarning «g‘ashiga tegmaydigan» qilib yo‘lga qo‘yiladi.
«Hozirgi tekin funksiyalarning barchasi tekinligicha qoladi. Aksar foydalanuvchilarga o‘zgarishlar deyarli sezilmaydi», – dedi u.
«Telegram'ning faol foydalanuvchilari 500 millionga yaqinlasharkan, ko‘pchilik bir savolni bermoqda: bunday o‘sishni moliyaviy tarafdan kim qo‘llab-quvvatlaydi? Axir foydalanuvchilar qancha ko‘p bo‘lsa, serverlar va trafikka sarflanadigan mablag‘ ham shuncha ortadi degani. Loyihamiz faoliyat ko‘rsata olishi uchun yiliga yuz millionlab dollar sarflanyapti.
Telegram tarixiga nazar solsak, loyiha xarajatlari asosan shaxsiy mablag‘im hisobidan qoplab kelingan. Joriy o‘cish sur'atlariga ko‘ra, Telegram foydalanuvchilari milliardga yetishiga ko‘p qolmadi va shunga yarasha moliya kerak bo‘ladi. Istalgan texnologik loyiha bunday ko‘lamga ega bo‘lgach, odatda ikki yo‘l qoladi – chiqimlarni qoplash uchun pul ishlashni boshlash yoxud kompaniyani sotib yuborish.
Shunday ekan, Telegram qaysi yo‘lni tanlaydi? Keling, rejamni bayon qilish uchun bir necha muhim jihatlarni sanab o‘tay:
1. WhatsApp yaratuvchilaridan farqli o‘laroq, biz kompaniyamizni sotmoqchi emasmiz. Dunyoga foydalanuvchilarini hurmat qiladigan va yuqori sifatli xizmat ko‘rsatilishi kafolatlangan Telegram kabi mustaqil resurs kerak. Telegram mukammallik va birdamlikka intiluvchi texnologik kompaniya namunasi o‘laroq, dunyo ahliga xizmat ko‘rsatishda davom etishi lozim. Biz kabi loyihalar korporatsiyalar qanoti ostiga kirishi yoqimsiz tajriba bo‘lishini ko‘rsatyapti.
2. Telegram o‘z faoliyatini uzoqroq davom ettirmoqchi. 8 yil muqaddam ilovalarimizni o‘z xodimlarimiz uchun ishlab chiqa boshlaganmiz va o‘shandan beri ancha yo‘lni bosib o‘tdik. Bu jarayonda Telegram odamlarning muloqot qilish usullarining bir necha jihatlarini o‘zgartirdi – shifrlash, funksiyalar, soddalik, dizayn, tezlik. Safarimiz endi boshlandi. Biz qila olishimiz (qilamiz ham) va dunyoga bera olishimiz mumkin bo‘lgan narsalar hali ko‘p.
3. Birinchi va ikkinchi punktda aytilganlarni amalga oshirish uchun, Telegram kelasi yildan boshlab tijoriylasha boshlaydi. Biz buni o‘tgan 7 yil davomida shakllangan qadriyatlarimiz va va'dalarimizga binoan amalga oshiramiz. Hozirgi ko‘lamimiz tufayli buni jonga tegmaydigan tarzda qilish imkonimiz bor. Aksar foydalanuvchilarga o‘zgarishlar uncha sezilmaydi.
4. Hozirda bepul bo‘lgan barcha funksiyalar bepulligicha qoladi. Biz biznes jamoalar va tajribali foydalanuvchilar uchun yangi funksiyalar qo‘shiladi. O‘sha funksiyalarning ba'zilari ko‘proq resurs talab qiladi va zikr qilingan premium foydalanuvchilar tomonidan qoplanadi. Odatiy foydalanuvchilar Telegram'dan toabad bepul foydalanishda davom etadilar.
5. Telegram'ning xabar jo‘natish qismi reklamadan xoli bo‘ladi. Bizningcha, shaxsiy yozishmalar yoki guruhlarda reklama joylashtirish yaxshi emas. Insonlar o‘rtasidagi muloqot reklamalardan xoli bo‘lishi kerak.
6. Xabar jo‘natishdan tashqari, Telegram ijtimoiy tarmoq funksiyasi ham bor. Tarmog‘imizdagi kanallar bir necha milliongacha obunachilarga ega bo‘lishi mumkin va bu jihatdan Twitter'ga o‘xshab ketadi. Bu kabi kanallarning aksari pullik e'lonlar, ba'zan esa uchinchi shaxslarning reklamalarini joylashtiradi. Ular joylashtiradigan reklamalar oddiy xabarlarga o‘xshaydi va odatda asabga tegadigan bo‘ladi. Biz buni kanallarga Ad Platform (o‘z reklama platformamiz)ni taklif qilish orqali hal qilamiz. U foydalanishga qulay, maxfiylikni ta'minlaydigan hamda bizga server xarajatlari va sarflanayotgan trafikni qoplash imkonini beradi.
7. Telegram pul ishlab topishni boshlasa, bundan jamoatchilik ham naf ko‘rishi kerak. Aytaylik, Ad Platform orqali yirik kanallarda reklama joylashtirilsa, ushbu kanal egalari o‘z hajmlariga proporsional tarzda trafikka ega bo‘lishadi. Yoki Telegram premium stikerlar taqdim qilsa, foydaning bir qismi stikerlar mualliflariga ham tegadi. Biz Telegram'ning millionlab ijodkorlari va bizneslar ravnaq topishi va barcha foydalanuvchilar uchun nafi tegishini istaymiz.
Bu – Telegram tanlagan yo‘l.
Bu bizga innovatsiyalar qilish va kelasi o‘n yilliklarda ham rivojlana olish imkonini beradi. Biz behisob yangi funksiyalarni ishga tushirish va milliardlab yangi foydalanuvchini jalb qilish imkoniga ega bo‘lamiz. Bularning barchasini qilayotib biz mustaqil bo‘lib qolamiz, qadriyatlarimizga sodiq bo‘lamiz, texnologik kompaniya qanday bo‘lishi haqidagi tasavvurlarni o‘zgartiramiz», – deya ma'lum qildi Pavel Durov.
Eslatib o‘tamiz, Telegram'ning 23 dekabr kuni e'lon qilingan yangi versiyasi bilan, guruhlarda ovozli chat tashkil etish imkoni paydo bo‘ldi.