Sut va sut mahsulotlari narxi oshayotganini Kun.uz muxbirlarining respublika bo‘ylab o‘rganishlari ham tasdiqlaydi. 20 dekabr kungi narx-navolar haqidagi ma'lumotlarga ko‘ra, sut narxi Urganch va Jizzaxda 4 ming so‘m bo‘lgani holda respublika bo‘ylab o‘rtacha 5-6 ming so‘m atrofida, ayrim joylarda 8 ming so‘mgacha chiqib ketgani kuzatilgan.
Bu xom sut, ya'ni qadoqlanmagan, pishirilmagan va ko‘p hollarda yog‘i olingan mahsulot narxlari. Ammo qadoqlangan mahsulotlarda nafaqat narx oshyapti, balki mahsulotning keskin tanqisligi ham kuzatilyapti.
Buning sabablarini o‘rganish uchun uyida chorvachilik bilan shug‘ullanuvchilar, yirik chorvadorlar, tayyor mahsulot qadoqlovchilar va sotuvchilar bilan suhbatlashdik.
Ma'lum bo‘lishicha, sut qiymatining shakllanishi ko‘p marta o‘rganilgan go‘sht narxi muammolari bilan ayni bir xil ekan. Ya'ni xomashyo yetkazuvchilarning aksariyati bir xil gapni takrorlashdi – sigirni boqish uchun yem, pichan qimmat. Zarur maydonlar yo‘qligi, ozuqa bazasi g‘aribligi xomashyo hajmiga salbiy ta'sir qiladi.
Sanjar Muhammedjanov, «Mehnat Agrofirmasi» MChJ ish boshqaruvchisi:
– Bizda 970 bosh qoramol, 2,5 mingta qo‘y bor. Har kuni o‘rtacha 4700 litr sut topshiramiz. Biz odatda qishin-yozin sut narxini bir xil saqlaymiz, ya'ni yillik shartnomalarga ko‘ra ishlaymiz. Chunki qishda sut iste'moli oshadi, yozda esa aksincha, sutga talab kamayadi, bunday paytlarda sutni uzoq saqlanishi mumkin bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqaruvchilariga topshiramiz.
Endi umuman sut narxi oshib borayotganiga kelsak, buning aniq sabablari bor va bular chorvachilikni azaldan qiynab, rivojlanishiga to‘sqinlik qilib kelayotgan muammolardir. Bir bosh qoramol uchun normativ bo‘yicha 0,45-1 gektar sug‘oriladigan yer berilishi kerak. Mana, bizda shuncha chorva bo‘laturib, 143 gektar yerimiz bor. Majburlikdan chetdan ozuqa sotib olamiz va bu tannarxga ta'sir qilmay qolmaydi.
Qolaversa, bayram faktori ham bor. Ya'ni yangi yil bayrami arafasida sutga bo‘lgan talab keskin oshadi. Biz shartnoma bo‘yicha bir maromda ishlaganimiz bilan shaxsiy xo‘jalikda qoramol boquvchilar talabga ko‘ra narxni oshiradi.
«Evro Ekfin» MChJ (Rash-Milk savdo belgisi), Husniddin Mamasiddiqov, xomashyo va tashqi savdo menejyeri:
– Sut mahsulotlari qimmatligiga sabab, asosan, xomashyolar tannarxi balandligida. Dunyo bozorida xom sut arzonligi sababi rivojlangan davlatlarda chorvachilik mukammal rivojlangan. Ya'ni yer hajmiga nisbatan sut beruvchi qoramolning sut unumdorligi yuqori hisoblanadi.
O‘tgan yillar davomida mutaxassislar yo‘qligi, veterinariya xizmatlari yuqori emasligi xomashyo taqchilligiga katta ta'sir ko‘rsatdi. Lekin mana asta-sekin davlat rahbari tomonidan chorvachilikning ham klasterga aylantirilishi, qoramol nasllarini takomillashtirish, naslli qoramollarni chet davlatlaridan olib kelish va ularni mahalliylashtirish amalga oshirilmoqda. Bu o‘z-o‘zidan sut miqdori unumdorligini oshiradi. Shu bilan birga, xomashyo sifati va hajmi ham oshadi.
Bu yil har bir soha uchun qiyin yil bo‘ldi. Pandemiya sabab sutchilik yo‘nalishida ishlovchi ko‘pchilik kichik ishlab chiqaruvchilar faoliyati to‘xtab qoldi. Chunki kontrabanda yo‘li orqali sut mahsulotlari kirib kelishi tufayli ular raqobatga dosh bera olmay qoldilar. Bunday holatlar qattiq nazoratga olinsa, mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan ishlab chiqarilgan sut mahsulotlari hajmi ortib boradi.
Musaffo savdo belgisi marketing bo‘limi boshlig‘i Malik Ro‘ziboyev:
– Sut mahsulotlari tanqisligi qator omillarga bog‘liq. Pandemiya davrida aholi ma'lum xavotirlar ortidan «qo‘ldan» qadoqlanmagan sut xarid qilishni keskin kamaytirdi, ko‘chalardagi sut sotuvchilar ham harakatlana olishmadi. Tabiiyki, qadoqlangan sutga bo‘lgan talab oshdi.
Umuman, sut iste'molining o‘zi oshdi, odamlar salomatlikka e'tibor qaratishdi va bu mahsulotga jiddiyroq ahamiyat bera boshlashdi. Qolaversa, mavsumiy faktor ham bor.
– Bu jarayonning faoliyatingizga ta'sirini hamda narx o‘sishini raqamlarda ifodalay olasizmi?
– Ishlab chiqarish hajmimiz ikki barobar oshdi. Mahsulot narxini esa o‘rtacha 10 foizga oshirdik. Buning ham obektiv sabablari bor va ular, asosan, xomashyoga borib taqaladi. Chorvachilikning kompleks muammolari faoliyatimizga bevosita ta'sir qilmay qolmaydi.
– Nega mahsulot kichik do‘konlarda yo‘q, yiriklarida bor? Tanqislik paytida tanlash siyosati olib borilyaptimi?
– Yo‘q, gap shundaki, kichik do‘konlarda katta aylanma mablag‘, yirik hajmdagi mahsulotni saqlash imkoniyati yo‘q. Ya'ni ko‘pchiligi nari borsa bir haftaga yarasha mahsulot oladi. Talab oshgan paytda bu mahsulot ikki-uch kunda tugab qoladi va qolgan paytda xaridorlarni qaytarishga majbur bo‘ladi. Yirik tarmoqlar esa bir necha oylik zaxira qilib qo‘ya oladilar, tugash prognozini oldindan chamalaydilar va o‘rnini to‘ldiradilar.
– Tanqislik va narxga bayram faktori rol o‘ynaydimi?
– Fikrimcha, unday emas. Sut va sut mahsulotlari har kuni iste'mol qilinadigan tovarlar toifasiga kiradi. Aynan qish mavsumida ularga tabiiy talab oshadi, ammo biror bayram ta'sirini sezmaganmiz.
Qadoqlangan sut mahsulotining yetakchi ishlab chiqaruvchisi va yetkazib beruvchisi bo‘lgan Lactalis Central Asia kompaniyasi bosh direktori Kristian Hubert bilan ham bevosita uchrashdik.
- Nestle kompaniyasi O‘zbekistondagi suv va sut qadoqlash biznesini Fransiyaning Lactalis kompaniyasiga sotgan. Ya'ni ayni paytda Nestle Sutim sifatida tanilgan mahsulot nomi asta-sekin Lactel deb o‘zgartirilmoqda.
– Janob Hubert, biz bilgan Nestle Sutim mahsuloti narxi oshishi va mahsulot tanqislashishi biznesning yangi egasi bo‘lgan Lactalis kompaniyasining narx siyosati bilan bog‘liqmi?
– Yo‘q. Bunga tabiiy jarayon sifatida qarashimiz lozim. To‘g‘ri, biz oktyabr oyida mahsulot narxini 6 foizga oshirdik. Ammo o‘tgan vaqt davomida inflatsiya va boshqa turdagi mahsulotlar narxi oshishi bundan balandroq bo‘ldi. Shuningdek, xorijiy valuta qiymati ham muntazam ko‘tarilib bormoqda, bu ham oxir-oqibat mahsulot tannarxiga ta'sir qilmay qolmaydi. Umuman, xomashyo narxi oshishiga kelsak, bu juda ko‘plab faktorlarga bog‘liq va bilishimcha ularning yechimi, ya'ni chorvachilik rivoji bo‘yicha O‘zbekistonda ma'lum dasturlar amalga oshirilmoqda.
– Narx bo‘yicha tushunarli, lekin mahsulot tanqisligini qanday izohlash mumkin? Ayrim kichik do‘konlarda mahsulot deyarli yo‘qolib qoldi.
– O‘zi umuman pandemiya juda ko‘p narsani o‘zgartirib yubordi. Masalan, bizning ikkinchi mahsulotimiz – qadoqlangan suv savdosi keskin tushib ketdi. Chunki ayni qizg‘in mavsumda odamlar uyda bo‘lishdi, ko‘chada savdolar cheklandi.
Sut mahsulotlarimizda sotuv hajmi esa aksincha 30 foiz atrofida oshdi. Bu ham tushunarli, odamlar umumiy ovqatlanish maskanlariga bormadilar, uylarida yegulik tayyorladilar, ana shunday paytda, tabiiyki, bunday mahsulotlarga talab ko‘paydi.
– Sut mahsulotiga talab oshishida mavsum va bayram faktori rol o‘ynaydimi?
– Ha, yozda suv savdosi kuchaygani kabi qish mavsumida sut iste'moli ham oshadi. Yangi yil bayrami esa shirinliklar tayyorlanadigan, dasturxon to‘ldiriladigan bayram. Tabiiyki, bu faktor ham sezilarli rol o‘ynaydi.
Sotuvchilar nima deydi?
Korzinka.uz supermarketlar tarmog‘i rahbari Zafar Hoshimov:
– Qadoqlangan sut narxi bizning tarmoqda barqaror turibdi, ya'ni eski bahosida sotilmoqda. Ammo ishlab chiqaruvchilar tomonidan mahsulot yetkazib berish hajmi keskin kamaygan. Buning sabablarini surishtirsak asosan bir xil javob eshityapmiz – xomashyo kamaygan, talab oshgan va ishlab chiqaruvchilar uchun sutni shunchaki qadoqlab sotgandan ko‘ra oddiy sutga nisbatan qo‘shimcha qiymati yuqori bo‘lgan boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish foydaliroq bo‘lib qolgan.
Shartnomalarga kelsak, ularning shartlari vaziyatga ko‘ra o‘zgartirilishi mumkin. Sababi, qishloq xo‘jalik mahsulotlari hajmi va qiymati juda ko‘p faktorlarga bog‘liq. Ob-havodan tortib hosildorlikkacha hammasi rol o‘ynaydi. Shunday ekan, zaruratga ko‘ra hamkorlarimiz bilan mahsulot hajmi va narxlar bo‘yicha bandlar qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.
Bu zanjirda jiddiy o‘rni bo‘lgan sut yetkazib beruvchi fermerlar ham bugungi vaziyatdan kelib chiqib narx belgilaydilar. Qisqa qilib aytganda eng muhim yo‘nalishlarda (yoqilg‘i, ob-havo, hosildorlik, chet eldan qoramol olib kelish, transport, ozuqa va h.k.) narxlari va hajmlaridagi o‘zgarishlar qadoqlangan sut taklifi va bahosida aks etmay qolmaydi.
O‘zbekistonda aholi soni muntazam oshib bormoqda, tabiiyki, sut mahsulotlariga talab ham endi ko‘payaveradi. O‘zi shundoq ham sut iste'moli dunyoning ko‘pchilik davlatlariga nisbatan past bo‘lib turgan bir paytda bu mahsulot bahosidagi tebranishlar yoki tanqisliklar xaridorni o‘ylantirishi tayin.
Abror Zohidov