«Hozir tadbirkorning shaxsiy imiji kompaniya brendidan muhimroq» - biznes-murabbiy Ixtiyar Dosmetov

Business class 20:30 / 22.12.2020 73052

O‘zbekiston biznes olamida ham biznes-treninglar tobora ommalashib bormoqda. Shu bilan birga, har qanday yangilik bilan bo‘lgani kabi, biznes-trenerlar haqida ham turlicha fikrlar bor.

Xo‘sh, biznes-trener aslida kim va u tadbirkorga qanday amaliy yordam bera oladi? Biz shu mavzudagi savollarga xalqaro toifadagi biznes-trener Ixtiyar Dosmetovdan javob oldik.

«Biznes va shaxsiy rivojlanish bo‘yicha o‘zbek millatiga mansub birinchi xalqaro spikerman. Biznes va shaxsiy rivojlanish bo‘yicha yozilgan «Qadam-baqadam» kitobimni ham birinchi besseller desa bo‘ladi. Ekspert sifatida hozirgi kunda xalqaro toifadagi biznes murabbiyiman», – deydi Ixtiyor Dosmetov.

– Boshqa trenerlardan farqli jihatingiz nimada, deb o‘ylaysiz?

– Ko‘pchilik biznes-murabbiy bo‘lish bir odamni boy qilish deb o‘ylaydi. Aslida, murabbiyning vazifasi – insonga ko‘nikma o‘rgata olish.

Farqli jihatim shundaki, men shaxsiy rivojlanishga ko‘proq urg‘u beraman. O‘zbekistonda shaxsiy rivojlanish bo‘yicha trenerlar juda kam. Iymonim komilki, hamma narsaning tagida insonning shaxs sifatida o‘sishi yotadi.

Biznesning zo‘r bo‘lishi biznesmenga bog‘liq. Ammo u shaxsiy rivojlanmagan bo‘lsa, qaysidir bosqichda baribir to‘xtaydi. Tadbirkor birinchi boshlashi kerak bo‘lgan o‘quv – shaxs sifatida rivojlanish, yuksalish.

Shaxs qancha yaxshi rivojlangan bo‘lsa, o‘z sohasining shunchalik zo‘r egasi bo‘lib boraveradi. Men aminmanki, hamma sir shu yerda. Samolyotga chiqsangiz ham xavfsizlik qoidalarini tushuntirayotgan paytda avariya holatida maska beriladi va o‘sha maskani birinchi o‘zingizga taqing deyishadi. Chunki o‘zini qutqara olmagan inson farzandlarini qutqara olmaydi. Bu ham shunga o‘xshagan narsa.

– Yaxshi kitob o‘qiganda, yaxshi film ko‘rganda yoki yaxshi treningda qatnashish davomida inson o‘sha kitob, film yoki treningning o‘zgacha muhitiga tushadi, motivatsiya oladi, fikrlashi o‘zgara boshlaydi. Lekin kitobni yopishi bilan, filmni ko‘rib tugatishi bilan yoki treningdan so‘ng birmuncha vaqt o‘tib, yana avvalgi real hayotiga qaytadi.

– Men bu borada biroz boshqacha fikrlayman. Biznes murabbiyining asosiy vazifasi – motivatsiya berish emas, qandaydir ko‘nikmani o‘rgatish. Notiqlik orqali tinglovchini ruhlantirish – bu instrument, xolos.

Xalqaro spiker bo‘lish uchun biz qaysidir bosqichlardan o‘tganmiz. Notiqlik, zalni ushlab tura olish, insonlar e'tiborini jalb qila olish kabilar – shunchaki vosita. Agar insonlarga ko‘nikma bera olmasangiz, barchasi befoyda.

Hamma gap uning muammosi hal bo‘lishida. Agar bunday bo‘lmasa, u baribir treningga qaytib kelmaydi. Siz o‘sha insonni o‘z muammolarini ishonch bilan hal eta oladigan darajada tarbiyalashingiz kerak.

Biznes-tarbiya – bu qaysidir vaziyatlarda ruhan tura olish, qanday qilib o‘zini energiyaga to‘la holda ushlab tura olish, tajriba almashish, biznesmen biznes-uchrashuvlarda o‘zini qanday tutishi kerakligi. Lekin bularning barchasini tadbirkor bila olmaydi. U tadbirini qilishi kerak, aslida. Qolganlarini biz o‘rgatamiz.

– Egasining kimligi noma'lum bizneslardan ko‘ra, egasi kimligi aniq bizneslar muvaffaqiyatliroq deyishadi. Chindan ham shundaymi?

– Albatta. Oldin kompaniya nomi muhim edi, bugun esa biznesdan ko‘ra biznes egasining nomi va imiji muhimroq. Shaxsiy brend muhimroq. Ya'ni dunyo shaxsiyat tomonga qarab yuryapti.

Biznes egasi ma'lum bo‘lishi shart emas, lekin ma'lum bo‘lsa, biznes yaxshiroq yuradi. Ukrainalik biznesmen Yevgeniy Chernyak bir chiqishida aytdiki, shaxsiy brend qurib, YouTube'ga chiqishni boshlaganida kompaniyasining savdosi 2 barobarga oshgan ekan – aynan biznesmenning nomi chiqqani uchun.

Kompaniyaning reklamasi kamlik qiladi hozir. Biz bugun shaxsga ishonamiz. Agar shaxsga ishonsak, u ishlab chiqarayotgan mahsulotlarga ham ishonamiz. 10 nafar biznesmen bir xil mahsulot chiqarayotgan bo‘lishi mumkin. Lekin ichida qay biri shaxsiy brend qura olsa, eng kamida 5-10 baravar balandroq yuradi.

– Treninglarga va murabbiylarga nisbatan aldoqchi degan qarash bor. «Ular gapiradigan gaplarni o‘zim ham bilaman», deb ishonadiganlar talaygina. Bu haqda nima deysiz?

– Bizda mentalitet ko‘p narsaga ishonmaydi, aslida. Men ham xuddi shu fikrlar bilan katta bo‘lganman. O‘n yil avval treninglar boshlaganimda taklifnoma tarqatganimizda ham 6 kishi yig‘ilardi. Hozirgi kunda minglab odam yig‘iladi, biz o‘zimiz to‘xtata olmaymiz.

Nega? O‘sha boshidagi olti kishi treningdan foyda olgani uchun 12 nafar bo‘ldi, keyin ular 50 nafar va hokazo. Xalqimiz buni endi-endi tushunishyapti.

Tadbirkor turli kasb egalariga qaraganda o‘n barobar ko‘proq o‘qishi kerak. Hozir biznesmenlar ham tushunib qoldi. O‘z ustida ishlamasa, biznesi ma'lum bosqichda to‘xtab qoladi.

Siz aytgan qarashlar o‘zgargan, deb ayta olmayman, ammo birmuncha yaxshilangani shubhasiz.

– Tadbirkorlarda o‘z ishiga shunchalik berilib ketganidan, holdan toyish holatlari kuzatilib turadi. Energiyani, hayotga chanqoqlikni, kuchni saqlagan holda, barchasini birday olib borish hammaga ham nasib etavermaydi.

– Albatta, men «Qadam-baqadam cheksiz imkoniyatlar sari» kitobimda hayotning to‘rt jabhasini yoritib ketganman: moliya, insonlar bilan munosabatlar, sog‘liq va energiya, shaxsiy rivojlanish.

Shu to‘rtala jabhada garmoniya bo‘lmasa, inson baxtli bo‘lmaydi. Uyg‘unlik bo‘lsagina inson yuksalib boraveradi.

To‘rtinchi jabha – shaxsiy rivojlanish – eng asosiysi, qolgan jabhalarning poydevori. Har birining o‘z ta'limi bor.

Bizning mentalitetda muvaffaqiyatning boshqacha tushunchasi ham bor: hovli, mashina, yana nimadir... Omma muvaffaqiyat deb bilgan narsaga intilamiz, aslida. Bu noto‘g‘ri.

– O‘z biznesingiz bormi?

– Albatta. Men ICC xalqaro kasting markazi rahbariman. Hozirgi kunda Rossiya va MDH davlatlaridagi kasting bo‘yicha eng yirigi bizning kompaniyamiz. Biz 600dan ko‘p kompaniya bilan hamkorlik qilamiz.

Hozirgi kunda ofisimiz Almati shahrida. Endi keng ko‘lamda ishlash imkoniyati va dunyo markazi bo‘lgani uchun Londonga ko‘chyapmiz. To‘g‘ri, u yerda katta raqobatchilar bor, lekin niyatimiz ulkan.

Bunga katta investitsiya, katta kuch va katta jamoa safarbar qilingan. Bu meni besh yil qiynagan. Qiyin bo‘lgani sari shu narsani qilgim kelyapti. Bankrot ham bo‘lganman, menga 1 mln 200 ming dollar zarar ham keltirgan. Vaholanki, hamma narsa noldan boshlangan.

Bugun katta mablag‘ evaziga Londonda ochilib, katta tarmoqda ishlamoqchimiz. Butun dunyodagi prodyuserlik markazlari, kinostudiyalar, modellik agentliklari – hammasi bilan hamkorlik qilish niyatimiz bor. Hamma soha bo‘yicha. Masalan, sizning sohangiz (media) bo‘yicha ham.

Mening eng katta orzum – o‘zbek biznesmeni modelini yaratish. Qayerga borishimizdan qat'i nazar, o‘zbek biznesmeni formasini yaratish. Hamkorlik qilishni istashsa, aniq bilishsinki, o‘zbek biznesmenlari – ishonchli, halol, to‘g‘ri va eng muhimi, tajribali va zo‘r ko‘nikmalarga ega, bizni uyaltirmaydigan.

Biznes ishonch orqali rivojlanadi. Biznesmen rivojlansa, jamiyat rivojlanadi. Agar ming nafar biznesmen haqiqatan kuchli bo‘lsa, u nechta-nechta oilani boqadi, nechta-nechta xodim yollaydi, jamiyatga yordam beradi.

Bizning klubimiz missiyasi ham juda katta. Va bu har yili bo‘ladi. Kerak bo‘lsa, uxlamayapmiz ham. Chunki bu loyihani qilish kerak. Tadbirkorlarga ham aytgan bo‘lardim, 1 yanvardan boshlaymiz. Loyiha bir yil davom etadi. O‘sha vaqt davomida men biznes va shaxsiy rivojlanishdan dunyoni kezib topgan bilimlarimning hammasi bilan bo‘lishaman.

Bobur Akmalov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Jamshid Abdiyev.

Ko‘proq yangiliklar: