Endi esa vaziyat o‘zgarish arafasida. Eng yorqin isbot esa vodiyning otaxon kompaniyalaridan biri Hewlett Packard bosh ofisini Texasga ko‘chirayotganidir. Juma kuni Kremniyning yana bir qadrdoni Oracle Ostin shahriga (u ham Texas shtatida) ko‘chayotganini ma'lum qilgan.
Kaliforniyani boshqa soha vakillari ham tark etishmoqda. O‘tgan hafta Ilon Mask Beleyrdagi uyini sotib, Texasga ko‘chganini e'lon qildi.
Bu kabi ko‘chishlar pandemiya davrida kutilgandi – odamlar uydan turib ishlashyapti. Ba'zi texnologik kompaniyalar pandemiyadan so‘ng ham xodimlariga masofadan turib doimiy ishlash imkonini bermoqchi ekanini aytishgandi.
Lekin bosh ofislar, kompaniya asoschilari va sarmoyadorlar nega Kremniy vodiysidan ko‘chib ketishyapti?
San-Fransiskoni tark etgan kompaniyalarning ba'zilari shahar va shtat ma'muriyati boshqaruvi yomonligidan noroziliklarini izhor etishgan. Aftidan, pandemiya tufayli Kaliforniya ma'muriyati joriy qilgan cheklovlar texnogigantlar uchun yomon syurpriz bo‘lgan. Masalan, Florida va Texasda cheklovlar Kaliforniyaga nisbatan ancha yengil.
Kremniy vodiysida ko‘chmas mulk narxlari ancha balandligi ham vaziyatga ta'sir ko‘rsatmasdan qolmadi. Shuningdek, Kaliforniya shtatida daromad solig‘i yuqori. Florida va Texasda esa bunaqa soliq yo‘q.
Qayerga ko‘chishyapti?
Texasga ko‘chayotganlar bu borada birinchilar emas. Kremniy tepaliklari (Silicon Hills) deb nom olgan yangi manzilga Advanced Micro Devices (AMD), Dell (DELL) va boshqa dong‘i chiqqan kompaniyalar ko‘chib borishgan.
Ostin Tijorat palatasi ma'lumotlariga ko‘ra, joriy yilning noyabr holatiga ko‘ra, 39ta texnologik va boshqa kompaniyalar Ostin shahriga ko‘chib o‘tishgan (Ostin Texas shtatining ma'muriy markazi hisoblanadi). Tijorat palatasi axborotiga ko‘ra, ko‘chib o‘tganlar orasida 8VC venchur kompaniyasi, Ostinda 37 gektardan ziyodroq joyda 5000 kishini ish bilan ta'minlashi ko‘zda tutilgan ofis qurishni mo‘ljallagan «Tesla» kompaniyalari bor. Texnologik bo‘lmagan kompaniyalardan elektron sigaretlar ishlab chiqaruvchi Juul Labs ham o‘z ofislarini eski Kremniydan yangisiga ko‘chirgan.
Turli millatlar va yaxshi ta'lim olgan aholini nazarda tutib «Inson kapitali asosiy sabab», deydi OTP prezidenti va bosh menejyeri Loro Hafman yirik kompaniyalar bu hududga ko‘chib kelish sabablari haqida gapirarkan. Uning aytishicha, shaharning mehnatga layoqatli aholisining 47 foizi oliy ma'lumotli va Ostinda 25ta universitet va kollejlar bor.
Kimlar ko‘chyapti?
Quyidagi kompaniyalar Kremniy vodiysidan Texasga ko‘chishni e'lon qilishdi:
Hewlett Packard Enterprises. Kompaniya oy boshida bosh ofisini San-Xosedan Texasga ko‘chirishini ma'lum qilgandi. Hyuston shahri esa, kompaniyaning eng ko‘p xodimlari ishlaydigan shaharga aylanib bo‘lgan va Hewlett Packard shaharda yangi ofis quryapti.
Oracle. Kompaniya bosh ofisini Kaliforniyadagi Redvud-Sitidan Texasdagi Ostinga ko‘chiryapti. «Biz ko‘chish Oracle’ning rivoji va xodimlarimizga qulaylik yaratish uchun eng yaxshi yechim deb ishonamiz», deya bayonot bergan Debora Hellinger.
Tesla. Kompaniya yetakchisi Ilon Mask o‘tgan hafta Wall Street Journal’ning yillik sammitida shu haqda ma'lum qilgan. Maskning bu qarorini Texas gubernatorti Greg Ebbott ham olqishlagandi. Mask hali Texasga ko‘chganicha yo‘q, lekin Ostin shahri yaqinida yirik ofis quryapti.
Drew Houston. Dropbox kompaniyasi bosh menejyeri Ostindan uy sotib olgan va uni doimiy yashashga mo‘ljallab turibdi.
FileTrail. Yuridik firmalarga dastur ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi bu kompaniya aprelda San-Xosedan Ostinga ko‘chib o‘tdi.
Aftidan, pandemiyaning eng katta ta'sirlaridan biri Kremniy vodiysi kabi yirik texnoparklarning ko‘payishi bo‘ladi.