Apple ishchilariga maosh bermay qo‘ygan Hindistondagi iPhone ishlab chiqaruvchi zavodni jazoladi

Fan-texnika 02:14 / 20.12.2020 6521

Apple kompaniyasi ishchilariga maosh bermay qo‘ygan Hindistondagi iPhone ishlab chiqaruvchi zavodni jazoladi: Karnataka shtatidagi zavod egasi bo‘lgan Tayvanning Wistron kompaniyasiga buyurtma berishni to‘xtatdi, deb yozadi Bloomberg.

O‘tgan haftada mingga yaqin ishchilar oylik maosh berilmagani uchun Wistron zavodi va ofisida tartibsizliklar uyushtirganidan so‘ng ana shunday qaror qabul qilindi.

Qayd etilishicha, ishchilar ishga qabul qilinayotganida ularga 21 ming rupiy (286 dollar) oylik maosh va'da qilingan, so‘ngra ish haqi oyiga 16 ming rupiyga (217 dollar), keyinroq 12 ming rupiyga (163 dollar) tushgan. Jami zarar miqdori yetti million dollarga yaqin deb baholanmoqda.

«Apple xodimlari va Apple yollagan mustaqil auditorlar Narasapurdagi Wistron korxonasida vujudga kelgan muammolarni o‘rganib chiqdi. Hozirda surishtiruv davom etmoqda, dastlabki xulosamizga ko‘ra, yetkazib beruvchilarning axloq kodeksi buzilgan. Bu oktyabr va noyabrda ayrim xodimlarga maosh to‘lanmasligiga olib kelgan… Biz Wistron uchun sinov muddati belgiladik va ular vaziyatni o‘nglamagunicha Apple’dan hech qanday yangi buyurtma olmaydi», — deyiladi kompaniya bayonotida.

O‘z navbatida Wistron zavodning ayrim ishchilariga yetarlicha maosh to‘lanmaganini tan olgan va Hindistondagi zavodni boshqaruvchi menejyerni ishdan bo‘shatgan.

13 dekabrda Hindistonning Karnataka shtatidagi Apple telefonlari ishlab chiqariladigan zavodning mingga yaqin ishchilari oyliklarini talab qilib chiqishgan, bu chiqish tartibsizliklarga aylanib ketgandi. Shtat politsiyasi 128 kishini hibsga olgan, yana 300 kishi so‘roq qilish uchun qo‘lga olingan.

Tayvanning Wistron Corp kompaniyasi Apple kompaniyasining pudratchisi hisoblanadi. Uning Karnatakadagi zavodida iPhone SE telefonlari ishlab chiqariladi.

Ko‘proq yangiliklar: