O‘zbekistonlik 600 nafar maktab o‘quvchisi IT bo‘yicha xalqaro Cisco kurslarida o‘qitiladi

Fan-texnika 01:09 / 11.12.2020 6580

O‘zbekiston Xalq ta'limi vazirligi 3 dekabr kuni AQShning yuqori texnologiyalarga ixtisoslashgan Cisco kompaniyasi bilan hamkorlik bitimini imzoladi. Bu haqda Kun.uz'ga vazirlik axborot xizmati ma'lum qildi.

Bitimga ko‘ra, Cisco kompaniyasi o‘zbekistonlik maktab o‘qituvchilari va o‘quvchilari uchun IT-kurslar, treninglar, o‘quv materiallari, Webex videokonferensiya va sertifikatlash tizimlari imkoniyatlari ta'limiy maqsadda bepul taqdim etadi.

Kelishuv doirasida dastlabki bosqichda respublikadagi 30 ta maktabning 60 nafar informatika o‘qituvchilari va 600 nafar yuqori sinf o‘quvchilari Cisco IT Essentials kurslarida o‘qitiladi.

Mazkur kurs kompaniyaning boshqa professional kurslariga tayanch hisoblanadi va uni yakunlagan o‘quvchilar tarmoqlarni boshqarish (CCNA, CCNP), kiberxavfsizlik (CyberOps), internet xizmatlari va texnologiyalari (IoT, DevOps), dasturlash bo‘yicha kurslarda tahsil olishlari mumkin.

Ayni paytda, «IT-Teachers 2020» tashabbusi doirasida 70 nafardan ortiq informatika o‘qituvchilari va AKT mutaxassislari CCNA ITN (Cisco'ning sertifikatlangan tarmoq administratori – tarmoq texnologiyalariga kirish) kurslarida malaka oshirmoqda.

Yuqorida qayd etilgan ixtisoslashtirilgan kurslarni o‘zlashtirib, tegishli amaliy topshiriq, nazorat ishi va imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tgan o‘qituvchilarga Cisco'ning xalqaro trenerlik sertifikati beriladi.

Ma'lumot uchun, ushbu kompaniya «Forbes Top 100 Digital Companies» nufuzli xalqaro reytingida birinchi yigirmatalikka kiradi.

Ko‘proq yangiliklar: