Yevropa iste'molchilar tashkiloti Apple kompaniyasidan 180 mln yevro talab qilmoqda

Fan-texnika 23:08 / 02.12.2020 3671

 Euroconsumers Yevropa iste'molchilar huquqlarini himoya qilish assotsiatsiyasi Apple kompaniyasidan sud tartibida 180 mln yevro to‘lanishini talab qilmoqda. Bu haqda Financial Times xabar berdi.

 Qayd etilishicha, kompaniya eski iPhone modellarining ishlash tezligini ataylabdan pasaytirganlikda ayblanmoqda.

 Apple mart oyida xuddi shu da'vo tufayli AQShda 500 mln dollargacha to‘lashga rozi bo‘lgandi, ammo keyin aybini tan olmadi. Amerika sudining 4 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan da'volarni tartibga solish bo‘yicha yig‘ilishida har bir iPhone egasi 25 dollar miqdorida kompensatsiya talab qilishi mumkin. Euroconsumers har bir smartfon egasiga o‘rtacha 60 yevrodan to‘lanishini talab qilmoqda.

 Euroconsumers tarkibiga kiruvchi tashkilotlar Belgiya va Ispaniyada da'vo kiritgan, yaqin haftalarda Italiya va Portugaliyada da'vo qo‘zg‘ash niyatida. Ish iPhone 6, 6 Plus, 6s, 6s Plus smartfonlariga taalluqli.

 "Iste'molchilar mahsulot juda tez eskirayotganidan borgan sari norozi bo‘lmoqda, bunga iPhone 6 modellari yaqqol misol bo‘la oladi", - dedi Euroconsumers vakili Els Bruggeman.

 Apple 2017 yilda uning dasturiy ta'minoti smartfonlar kutilmaganda o‘chib qolishining oldini olish maqsadida ilgari chiqarilgan modellarning hisoblash quvvatini chegaralab qo‘yganligini tan olgandi. Fransiyada kompaniya fevral oyida 25 mln yevro jarimaga tortilgandi.

2018 yil oxirida Italiya antimonopoliya tashkiloti dasturiy ta'minot yangilanishi smartfonlar ishida jiddiy muammolar keltirib chiqarganligi uchun kompaniyaga 10 mln yevro jarima solgandi. Samsung ham xuddi shu ayblov bilan 5 mln yevro jarima to‘lagandi.

Apple Italiyada ushbu haftada ham iPhone smartfonlari suv o‘tkazmasligi borasida xaridorlarni chalg‘itgani uchun 10 mln yevro jarimaga tortildi, deb xabar bermoqda OAV. Kompaniya o‘z reklamasida smartfoni 4 metrgacha suv ostida ishlay olishini bildirgan, ammo Italiya hukumati iPhone ma'lum bir sharoitlardagina suv o‘tkazmasligini aniqlagan.

Ko‘proq yangiliklar: