Tramp saylovlardagi soxtalashtirishlarga FQB va adliya vazirligi aloqador bo‘lishi mumkinligini aytdi

Jahon 00:51 / 30.11.2020 4374

AQShning amaldagi prezidenti Donald Tramp Fox News telekanaliga bergan intervyusida AQSh adliya vazirligi va Federal qidiruvlar byurosi xodimlari mamlakatda o‘tgan prezident saylovlaridagi soxtalashtirishlarga aloqador bo‘lishi mumkinligini aytdi. 

OAV demokrat Jo Baydenni 3 noyabrda o‘tgan saylovlarning g‘olibi deb e'lon qildi. Biroq saylovlarning rasmiy natijalari dekabrda e'lon qilinadi.

AQSh prezidentining ta'kidlashicha, saylovlar davomida 10-15 yil avval vafot etgan odamlar nomidan ham ko‘plab ovozlar berilgan.

“Bu saylovlar – yoppasiga firibgarlik. FQB va adliya vazirligi qayoqqa qaradi? Bilmadim, balki ular bunga aloqadordir... Ushbu saylovlar soxtalashtirildi, OAV bu haqida yozishni istamayapti”, deb aytgan Tramp.

Uning ta'kidlashicha, OAV ushbu firibgarliklarni yoritishni istamayapti. “Bizda erkin matbuot yo‘q”, deb qo‘shimcha qilgan Tramp.

AQSh prezidentining aytishicha, AQShda matbuot ba'zi hodisalarga ko‘z yumishi mumkin. “Agar OAV bu haqida ma'lum qilmasa, siz mojaro uyushtira olmaysiz”, deb ta'kidlab o‘tgan Tramp. 

Tramp Baydenning g‘alabasini tan olmayapti. Uning ta'kidlashicha, saylovlar demokratlar tomonidan ko‘plab qoidabuzarliklar bilan o‘tgan. Jumladan, amaldagi prezident Bayden muhim shtatlarda ularning korrupsiyalashgani sababli g‘alaba qozongan, deb ta'kidlamoqda.

Avvalroq Tramp saylovchilar vakillarining ko‘pchiligi Baydenga ovoz bersa, Oq uyni tark etishini ma'lum qilgan. Biroq keyinroq Tramp Bayden saylovlarda g‘alaba qozonganini isbotlay olsa, unga hokimiyatni topshirishini aytgan.

Ko‘proq yangiliklar: