«SOS – O‘zbekiston bolalar mahallalari» faoliyati takomillashtiriladi

O‘zbekiston 08:11 / 30.11.2020 3638

Hujjat prezidentning 11.02.2019 yildagi «Yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-4185-son qarorini ijro etish, shuningdek ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni joylashtirishning oilaviy shaklini va boshqa muqobil shakllarini joriy qilish, ularning hamjamiyatga tezda ijtimoiy moslashishi uchun keng imkoniyat yaratish maqsadida ishlab chiqilgan.

Norma’ning yozishicha, «SOS – bolalar mahallalari» uyushmasining faoliyatini to‘g‘ri ifodalash uchun quyidagi xizmatlar qayta nomlanishi belgilandi:

  • bolalar mahallalari – bolalarni muqobil parvarish qilish xizmatlari;
  • yoshlar uylari – yoshlarga hamrohlik qilish xizmatlari;
  • ijtimoiy markazlar – ijtimoiy yetimlikning oldini olish xizmatlari.
  • Hujjat bilan quyidagi xizmatlar faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi nizomlar tasdiqlandi:
  • bolalarni muqobil parvarish qilish;
  • yoshlarga hamrohlik qilish;
  • ijtimoiy yetimlikning oldini olish.

Muqobil parvarish qilish xizmatining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

  • oilada yoki oilaga o‘xshash muhitda, bolalarning aqliy, ruhiy va jismoniy jihatdan rivojlanishiga yordam beradigan qulay muhitni yaratish;
  • bolalar hayotini muhofaza qilish va sog‘lig‘ini saqlashni ta'minlash;
  • o‘rta ta'lim olishlarini, ijtimoiy himoya qilishni va ularning jamiyatga moslashuvini ta'minlash;
  • milliy urf-odatlar asosida Vatanga muhabbat, vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat bilan munosabatda bo‘lish ruhida tarbiyalash;
  • mehnat ko‘nikmalarini shakllantirish, ularga o‘z kasblarini o‘zlari tanlashlari uchun sharoit yaratish;
  • o‘z oilasi bilan aloqa bog‘lashiga ko‘maklashish, shuningdek reintegratsiya qilish (oilasiga qaytarish).

Ijtimoiy hamrohlik qilish xizmatining asosiy maqsadi yetim bolalarda mustaqillik, erkinlikni va jamiyatga yaxshi moslashish, o‘z oldilariga aniq maqsadlar qo‘yish va ularga erishishga intilish ko‘nikmalarini shakllantirishdan iborat.

Ijtimoiy yetimlikning oldini olishda normal oilaviy munosabatlarni shakllantirish va ta'minlash, sog‘lom turmush tarziga yo‘naltirish, oila va nikoh institutini rivojlantirish maqsadida ota-onalar va bolalar bilan ishlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar nazarda tutilgan.

Hujjat 21.11.2020 yildan kuchga kirdi.

Ko‘proq yangiliklar: