Karate federatsiyasidagi nosog‘lom muhit sabab 60 nafar sportchi O‘zbekiston kubogida qatnasha olmadi

Sport 17:19 / 30.11.2020 9628

21–23 noyabr kunlari Urganch shahrida karate WKF bo‘yicha O‘zbekiston kubogi bo‘lib o‘tdi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ma'lumotga ko‘ra, kubokda qatnashish uchun Toshkent shahridan borgan 60 nafar sportchiga turnirda qatnashishga ruxsat berilmagan.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bu ma'lumotni tasdiqladi. Vazirlik xabariga ko‘ra, tizimning mazkur musobaqaga aloqador barcha xodimlari intizomiy jazoga tortiladi.

Rasmiy izohda aytilishicha, Sport vazirligining 2020 yilgi musobaqalar rejasida karate WKF bo‘yicha kattalar, yoshlar, o‘smirlar va bolalar o‘rtasida O‘zbekiston kubogini o‘tkazish belgilangan.

26 oktyabr kuni O‘zbekiston karate milliy federatsiyasi raisi Alamjon Mullayev shu yil ushbu musobaqani 21–23 noyabr kunlari Xorazm viloyati Urganch shahrida o‘tkazishni so‘rab, vazirlik tizimidagi Sport yakka kurashlari bo‘yicha respublika oliy sport mahorati maktabiga murojaat qilgan.

Alamjon Mullayev / Foto: Xalqaro sambo federatsiyasi

Ammo, 2 noyabr kuni ushbu maktabga O‘zbekiston karate milliy federatsiyasi prezidenti Nurxon Nafasov ham murojaat qilib, sudning 20 oktyabrdagi qaroriga asosan, federatsiya prezidenti lavozimiga tiklanganini ma'lum qilgan. Federatsiyaning yangi rahbari O‘zbekiston kubogi bahslarini 19–22 noyabr kunlari Toshkent shahrida o‘tkazish bo‘yicha amaliy yordam so‘ragan.

Nurxon Nafasov / Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi

«Holat yuzasidan 10 noyabr kuni Jismoniy tarbiya va sport vazirligida navbatdan tashqari yig‘ilish o‘tkazildi. Unda vazirlik va federatsiya rahbariyati, murabbiylar hamda sportchilar qatnashdi. Yig‘ilish qaroriga asosan, federatsiyada yuzaga kelgan kelishmovchilik, tarafkashlik holatlarini oldini olish maqsadida O‘zbekiston kubogi bahslarini o‘tkazish va rahbarlik qilish Sport yakka kurashlari bo‘yicha ryespublika oliy sport mahorati maktabi zimmasiga yuklandi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirining 2020 yil 13 noyabrdagi 1367-sonli buyrug‘iga asosan, karate WKF bo‘yicha o‘smirlar, yoshlar va kattalar o‘rtasida O‘zbekiston kubogi 2123 noyabr kunlari Xorazm viloyati Urganch shahrida o‘tkazilishi belgilandi», – deyiladi rasmiy axborotda.

Qayd etilishicha, musobaqa nizomiga asosan, har bir hududdan bitta terma jamoa belgilangan muddatda hududiy Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi hamda hududiy Karate milliy federatsiyalari tomonidan tasdiqlangan talabnomalar asosida O‘zbekiston kubogida ishtirok etishiga ruxsat berilgan.

Biroq O‘zbekiston karate federatsiyasida yuzaga kelgan nosog‘lom muhit sababli nizom talablariga rioya etmasdan, musobaqa tashkiliy qo‘mitasiga belgilangan talabnomani taqdim etmasdan, Toshkent shahridan ikkinchi jamoa Xorazm viloyatiga borgan.

Musobaqa tashkiliy qo‘mitasi Toshkent shahrining ikkinchi jamoasi a'zolariga O‘zbekiston kubogi bahslarida ishtirok etishga ruxsat bermagan.

O‘zbekiston kubogi ishtirokchilari kata va kumite yo‘nalishlarida bahslashdi.
Foto: O‘zbekiston karate milliy federatsiyasi

«Mazkur holat Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan atroflicha o‘rganib chiqildi hamda shunday qarorga kelindi:

– yoshlarning sportga bo‘lgan qiziqishini so‘ndirishi, ishonchsizlik kayfiyatini yuzaga chiqarishi mumkinligini inobatga olgan holda, bu kabi holatlarning qayta takrorlanmasligi uchun vazirlik tizimidagi mazkur musobaqaga aloqador barcha xodimlarga nisbatan intizomiy jazo chorasi ko‘rilishi belgilandi.

O‘zbekiston karate milliy federatsiya rahbariyati bilan esa kerakli tushuntirish ishlari olib borildi», – deb ma'lum qilmoqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Matbuot xizmati.

Ko‘proq yangiliklar: