Turkiya eronlik yadrochi olimning o‘ldirilishini qoraladi 

Jahon 08:09 / 29.11.2020 12420

Eron yadroviy dasturi mualliflaridan biri bo‘lgan olim 27 noyabr kuni Tehron yaqinida hujumga uchragandi va olingan jarohatlardan shifoxonada ko‘z yumgandi. 

“Eronlik olim Muhsin Faxrizoda Tehrondagi qurolli hujum oqibatida halok bo‘lganidan afsusdamiz. Biz ushbu qotillikni qoralaymiz, Eron hukumati va olim oilasiga hamdardlik bildiramiz. Turkiya mintaqada tinchlik va osoyishtalikni izdan chiqarishga har qanday urinishga hamda jinoyatchi kim va qanday maqsad ko‘zlanganidan qat'i nazar, terrorchilikning har qanday turiga qarshi chiqadi. Biz barcha tomonlarni teran va bosiqlik bilan harakat qilishga hamda mintaqada vaziyatning keskinlashuviga olib keladigan qadamlarni amalga oshirmaslikka chaqiramiz”, deb aytilgan Turkiya tashqi ishlar vazirligida.       

Vazirlikda ushbu hujumga aloqador barcha aniqlanishi va sud oldida javob berishiga umid bildirilgan.

Eron prezidenti Hasan Ruhoniy olimning o‘ldirilishi javobsiz qoldirilmasligini aytgan. Eron tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif olimni o‘ldirishda Isroilning qo‘li borligiga ishora qilgan va xalqaro hamjamiyatni ikkilik standartlarini bas qilib, “davlat terrorchiligini”ni qoralashga chaqirgan. Isroil bosh vaziri devonxonasida Eronning bu bayonotiga izoh berilmasligi aytilgan.      

Avvalroq Yevropa ittifoqining tashqi ishlar xizmati ham Faxrizodaning o‘ldirilishini qoralab chiqqandi. Shuningdek, Germaniya tashqi ishlar vazirligi hujumdan keyin Fors ko‘rfazida vaziyat keskinlashishi mumkinligidan xavotir bildirgan.

Ko‘proq yangiliklar: