Roskomnadzor IT-kompaniyalarni YouTube o‘rniga mahalliy videoxosting yaratishga chaqirdi

Fan-texnika 00:48 / 29.11.2020 3042

Roskomnadzor Rossiya IT-kompaniyalariga mahalliy OAVlar uchun alohida videoxosting yaratish chaqirig‘i bilan chiqdi.

«Rossiya OAVlarining e'tiborini mahalliy videoxostinglarda axborot kanallarini yuritish zarurligiga qaratmoqchimiz. Mamlakatning yetakchi internet-kompaniyalarini OAVlarimizga ana shunday kanallar yaratish va ularni ommalashtirishda yordam berishini so‘raymiz», — deyiladi tashkilot xabarida.

Roskomnadzor YouTube ma'muriyati ANNA News axborot agentligiga o‘z kanalini ochishni taqiqlaganidan so‘ng ana shunday murojaat bilan chiqdi.

23 noyabrda Roskomnadzor Google kompaniyasiga nisbatan ma'muriy ish qo‘zg‘atilgani, chunki qidiruv tizimi Rossiyada taqiqlangan axborotlarni tarqatuvchi internet-resurslar havolalarini qidiruv natijalaridan olib tashlamaganligini bildirgandi.

18 noyabrda esa tashkilot Google’dan jurnalist Vladimir Solovevning YouTube videoxostingidagi «Solovev LIVE» kanaliga qo‘yilgan cheklovlarni olib tashlashni talab qilgandi.

Avgustda «Tsargrad» telekanali YouTube’dagi kanali bloklangani uchun Google’ga nisbatan da'vo arizasi kiritgandi.

YouTube sentyabrda «Rossiya 1» kanaliga joylashtirilgan «Beslan» hujjatli filmiga ham cheklov qo‘ygandi. Qayd etilishicha, zo‘ravonlik sahnalari borligi sababli yosh cheklovi kiritilgan, ammo Roskomnadzor buni senzura deb hisobladi.

Ko‘proq yangiliklar: