Afsonalar jangi: Mayk Tayson va Roy Jons o‘rtasidagi jangda g‘olib aniqlanmadi

Sport 12:21 / 29.11.2020 39754

“Afsonalar jangi” deb nom olgan jang Los-Anjyelesdagi Staples Center arenasida bo‘lib o‘tdi. WBC ushbu jang g‘olibi uchun yangi maxsus kamar Frontline Battle Heavyweight tayyorlab qo‘ygandi. 

Bokschilarning yoshi kattaligini hisobga olib, 2 daqiqadan 8 raundlik jang tashkillashtirilgan. Ikkala bokschi ham jang uchun 10 mln dollardan haq olgan.

Bokschilar jangning birinchi raundidanoq bir-biri bilan zarbalar almasha boshlagan, biroq ulardan hech biri ikkinchisiga jiddiy zarba bera olmagan. Ikkinchi raunddan esa bokschilar asosan klinchga kira boshlashgan.

Raundlar o‘tgan sari bokschilarning toliqqani sezila boshlagan. “Temir” Mayk ora-orada tezkor hujumlar uyushtirishga, Jons esa ko‘proq klinchga kirishga harakat qilgan. Ta'kidlab o‘tish joiz, jangchilar yoshlari uchun ancha keskin harakat qilishgan.

Oxir-oqibat ikkala bokschi ham 8 raundlik jangni boshdan-oxirigacha o‘tishdi, hakamlar esa durang natija e'lon qilishdi.

54 yoshli Tayson uchun ushbu jang faoliyatidagi 59-jang bo‘ldi. Bungacha “qariya” Mayk 58ta rasmiy jang o‘tkazib, ulardan 50tasida qo‘li baland kelgan. U o‘z vaqtida mutlaq jahon chempioni, WBC, WBA, IBF, The Ring versiyalari bo‘yicha bir necha karra jahon chempioni bo‘lgan. U oxirgi jangini 2005 yil iyunda Kevin Makbraydga qarshi o‘tkazib, unga texnik nokaut bilan yutqazgan. 

51 yoshli Jons hisobida esa bungacha 75ta jang bo‘lgan va u ulardan 66tasida g‘alaba qozongan, 9tasida mag‘lubiyatga uchragan. U 4ta – o‘rta, super o‘rta, og‘ir va o‘ta og‘ir vazn toifasida chempionlik kamarlariga ega dunyodagi yagona bokschi hisoblanadi. Jons faoliyatini 2018 yilda hamyurti Skott Sigmon ustidan g‘alaba bilan yakunlagan.

Ko‘proq yangiliklar: