Fransiyada politsiyachini suratga olish taqiqlanib, qoidani buzganlar qamalishi mumkin. Parijda to‘qnashuvlar boshlandi

Jahon 09:57 / 29.11.2020 17090

Qonun loyihasi parlamentda muhokama qilingach, unga qarshi namoyishlar boshlandi. Yevropa Ittifoqi va boshqa xalqaro tashkilotlar Fransiyani bu qonunni qabul qilishdan qaytarmoqda.

Qonun qabul qilinishiga qarshilarning fikricha, u jurnalist va huquq himoyachilariga politsiya tomonidan sodir etilgan qonunbuzarliklarni oshkor qilishda qiyinchilik tug‘diradi. Biroq hukumat bunday fikrda emas. Jumladan, Fransiya ichki ishlar vaziri Jyerald Darmanen 20 noyabr kuni jurnalist va oddiy fuqarolar politsiya xodimlarini yuzlarini yopmasdan suratga olishlari mumkinligi, qonundagi sanksiyalar faqat foto va videotasvirlar huquq-tartibot organlari vakillariga qasddan zarar yetkazish yoki zo‘ravonlikka chaqiradigan izohlar bilan tarqatilgan taqdirdagina amal qilishini aytdi.

Yevropa komissiyasining rasmiy vakili Kristian Vigand 23 noyabr kuni jamoat xavfsizligi kafolatlari va fuqarolarning huquq hamda erkinliklarini himoya qilish o‘rtasida muvozanat bo‘lishi lozimligini bildirdi. Vigand o‘z bayonotida Yevrokomissiya turli mamlakatlarda muhokama qilinayotgan qonun loyihalariga izoh berishdan tiyilishini, ammo jurnalistlarga o‘z ishlarini erkin va xavfsiz bajarish imkoniyatini berish juda muhimligini ta'kidlagan. Shuningdek, u Yevrokomissiya Yevropa Ittifoqiga kiruvchi mamlakatlarning qonunchilik hujjatlari Yevropa qonunchiligi normalariga muvofiqligini tekshirish huquqini o‘zida saqlab qolganini eslatdi.

Foto: Thomas Coex / AFP / AFP / Scanpix / LETA

Fransiya bosh ombudsmani Kler Edon qonundan politsiyachilarni suratga olgan shaxslarga jazo choralarini qo‘llash haqidagi bandlar olib tashlanishini talab qildi. Shuningdek, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi ham Fransiyada muhokama qilinayotgan qonun loyihasidan «chuqur tashvishdaligi»ni bildirgan.

Mamlakatning o‘zida va xalqaro tashkilotlar tomonidan bildirilgan ko‘plab e'tirozlarga qaramay, 20 noyabr kuni tunda Milliy assambleya deputatlari «Global xavfsizlik to‘g‘risida»gi qonunni qabul qilishni yoqlab ovoz berishgan. Shundan so‘ng Fransiyaning ko‘plab shaharlarida bu qonunga qarshi keng ko‘lamli namoyishlar boshlanib ketdi. Ayrim hududlarda aholi vakillari va politsiya o‘rtasida to‘qnashuvlar sodir bo‘ldi.

So‘nggi yillarda Fransiyada politsiya xodimlarining obro‘sini tushiradigan voqealar ko‘p sodir bo‘lmoqda. Aholi vakillari Ichki ishlar vazirligi kasbiga noloyiq bo‘lganlarni tizimdan chetlatish o‘rniga ularning aybini yopish uchun ularni suratga olishni taqiqlayotganidan norozi.

Foto: Philippe Lopez / AFP / Scanpix / LETA

Parijda qora tanli prodyuser kaltaklangani holatni yanada murakkablashtirdi

21 noyabr kuni 4 nafar politsiyachi Parijdagi ofislardan biriga bostirib kirib, qora tanli shaxsni kaltaklagan. Keyinroq jabrlanuvchi prodyuser Mishel Zekler ekani ma'lum bo‘ldi. U o‘z mashinasida tibbiy niqob taqmagan holda ofisiga kelgan. Orqasidan kuzatib kelayotgan politsiya xodimlari ofisga bostirib kirib, uni haqorat qilib kaltaklashgan. Shundan so‘ng prodyuserni politsiya bo‘limiga olib ketib, unga qarshi bir qancha moddalar bilan jinoiy ish ochishgan.

Oradan bir necha kun o‘tib, 26 noyabr kuni Loopsider saytida politsiya xodimlarining Zeklerni kaltaklayotgani aks etgan video paydo bo‘lib, tezda tarqaldi va uni ko‘rgan odamlar politsiyaning zo‘ravonligiga qarshi namoyish uyushtirib yana ko‘chaga chiqishdi.

Natijada politsiya Mishel Zeklerga qo‘yilgan ayblovlarni bekor qilib, uni qo‘yib yubordi. Unga zo‘ravonlik qilgan politsiya xodimlarining xatti-harakati ustidan surishtiruv boshlandi. Ammo endi namoyishlarni to‘xtatib bo‘lmasdi.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron politsiya xodimlarining qora tanli fuqaroga qilgan zo‘ravonligini qoraladi. «Politsiyachilarning Mishel Zeklerga qilingani kabi harakatlariga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Bu uyat. Fransiyada, kim bilan sodir bo‘lishidan qat'i nazar, zo‘ravonlik va shafqatsizlik bo‘lmasligi kerak. Fransiya nafrat va irqchilikka yo‘l qo‘ymaydi», degan u.

Makron hukumatdan politsiyaga ishonchni tiklash choralarini zudlik bilan ishlab chiqishni so‘ragan. «Vazifasi qonunlar bajarilishini nazorat qilish bo‘lgan odamlar avvalo o‘zlari o‘sha qonunlarni hurmat qilishlari kerak», degan Fransiya prezidenti. U ushbu masalani ichki ishlar vaziri bilan ham muhokama qilgan.

Zeklerning kaltaklanishiga oid kadrlar fransuzlarning g‘azabini qo‘zg‘atdi. Parij meri Enn Idalgo politsiyaning Zeklerga nisbatan qilgan harakatlarini qabul qilib bo‘lmaydigan holat deb atadi. Ichki ishlar vaziri Jyerald Darmanen Zeklerni kaltaklaganlar politsiya formasiga dog‘ tushirishganini va ular ishdan bo‘shatilishini aytdi.

Zeklerning politsiyachilar tomonidan kaltaklanishini Fransiyadagi ko‘plab taniqli kishilar ham qoralab chiqishdi.

Jumladan, Parijning «PSJ» klubi hujumchisi Kilian Mbappe Zeklerni kaltaklagan politsiyachilarni irqchilikda ayblab chiqdi. «Toqat qilib bo‘lmaydigan kadrlar. Chidab bo‘lmas zo‘ravonlik. Irqchilikka yo‘l qo‘ymang», deb yozgan u tvitterdagi sahifasiga Zaklerning qonga botgan yuzi suratini joylab.

Fransiya politsiyasi shafqatsizlikda ayblanmoqda

Foto: Geoffroy van der Hasselt / AFP / Scanpix / LETA

So‘nggi paytlarda Fransiya politsiyasi tez-tez zo‘ravonlikda ayblanmoqda. Zeklerning kaltaklanishidan tashqari, Parij politsiyasi xodimlari shu hafta Parij markazidagi Respublika maydonida joylashgan 500ga yaqin muhojirlar lagerini tarqatishda shafqatsizlik qilgan. Politsiya xodimlari bu vaqtda qarshilik bildirgan muhojirlarni ayovsiz ravishda kaltaklagan. Bu holatga toqatsizlik qilgan Fransiya fuqarolaridan iborat faollar ham politsiyaga qarshilik ko‘rsatgan va o‘rtada to‘qnashuv kelib chiqqan.

Politsiya xodimlarining muhojirlarga nisbatan qilgan harakatlari aks etgan videotasvirlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi va bu ham fuqarolar g‘azabiga sabab bo‘ldi. Holatga izoh bergan ichki ishlar vaziri tvitterdagi sahifasida videotasvirlarda muhojirlarga shafqatsiz munosabatda bo‘layotgan xodimlarning xatti-harakatidan hayratga tushganini, bu ish bo‘yicha surishtiruv boshlab, aybdor xodimlarga chora ko‘rilishini yozdi.

Foto: Benoit Tessier / Reuters / Scanpix / LETA
Foto: Joel Saget / AFP / Scanpix / LETA
Foto: Joel Saget / AFP / Scanpix / LETA
Foto: Christophe Petit Tesson / EPA / Scanpix / LETA
Foto: Thomas Coex / AFP / AFP / Scanpix / LETA
Foto: Francois Mori / AP / Scanpix / LETA
Foto: Alain Jocard / AFP / Scanpix / LETA
Foto: Benoit Tessier / Reuters / Scanpix / LETA
Ko‘proq yangiliklar: