Eronlik yadrochi olimning o‘ldirilishi tafsilotlari ma'lum qilindi 

Jahon 22:55 / 29.11.2020 62055

Ta'kidlanishicha, olim o‘ziga suiqasd qilingan vaqtda rafiqasi bilan Eron shimolidagi Rustamko‘l shahridan (Mozandaron viloyati) Tehron viloyatidagi Absard shahri tomon yo‘nalayotgan bo‘lgan. Unga uchta mashinada soqchilar hamrohlik qilgan. 

Eskortdagi birinchi mashina yo‘ldagi vaziyatni tekshirish uchun biroz oldinlab ketgan. Shundan keyin Faxrizodaning e'tiborini avtomobiliga teggan o‘q ovozlari tortgan. Olim bu ovozlarni dvigateldagi yoki yo‘ldagi muammolar deb o‘ylab, nima yuz berganini ko‘rish uchun mashinadan chiqqan. 

Shunda unga 150 metr narida turgan Nissan avtomobili ichida o‘rnatilgan masofadan boshqariluvchi avtomatik quroldan o‘t ochilgan. So‘ngra mashina portlatib yuborilgan. Qotillik tashkilotchilari voqea joyida bo‘lmagan.

Ta'kidlanishicha, olimga 4ta o‘q teggan. Jumladan, ikkita o‘q olimning biqiniga, bittasi orqasiga teggan. Buning oqibatida olimning orqa miyasiga shikast yetgan. Faxrizoda tansoqchilaridan biri tomonidan panalangan. Tansoqchiga ham bir nechta o‘q teggan. 

Shundan keyin olim shifoxonaga yetkazilgan, biroq shifokorlar uning hayotini saqlab qolisholmagan.

Ma'lum qilinishicha, hujum 3 daqiqacha davom etgan. Voqea joyida Faxrizoda va uning tansoqchilaridan boshqa hech kim bo‘lmagan. Ta'kidlanishicha, Nissan egasi mamlakatni 29 oktyabrda tark etgan. 

Eron rahbariyati ushbu hujumda Isroil maxsus xizmatlarini ayblamoqda.

Ko‘proq yangiliklar: