Eron prezidenti yadrochi olim o‘ldirilgandan keyin tegishli choralar ko‘rishga ko‘rsatma berdi

Jahon 19:52 / 29.11.2020 10401

Ruhoniy “qo‘rqoqlarcha uyushtirilgan qotillik”ni qoralagan va olim shahid maqomida halok bo‘lganini aytgan. U “xavfsizlikka putur yetkazuvchi bunday hodisalarning oldini olish” bo‘yicha choralar ko‘rishga, ularga qarshi kurashishga ko‘rsatma bergan.

“Eron prezidenti Muhsin Faxrizodaning qo‘rqoqlarcha o‘ldirilgani yuzasidan hamdardlik bildirib va u shahid maqomida halok bo‘lgani bilan tabriklab, bunday hodisalarga yo‘l qo‘ymaslik uchun zarur choralar ko‘rish haqida farmoyish qabul qilgan”, deyilgan Ruhoniyning saytida. 

Muhsin Faxrizoda 27 noyabrda qurollangan kishilar hujumiga uchragan. U hujum vaqtida olingan jarohatlardan shifoxonada vafot etgan. Eron mudofaa vazirligi olim vazirlik huzuridagi tadqiqot va innovatsiyalar tashkilotiga rahbarlik qilganini tasdiqlagan.

Eronda oxirgi 10 yil ichida yana 4 nafar fizik-yadrochi o‘ldirilgan. Faxrizodaning o‘ldirilishi 2010 yil 29 noyabrda boshqa bir eronlik yadrochi olim Majid Shahriyoriy o‘ldirilganining 10 yilligi arafasida sodir etildi.

Eron vitse-prezidenti va mamlakatning atom energiyasi tashkiloti rahbari Ali Akbar Salohiy Faxrizoda Eronga yadroviy zarbalar berilishiga qarshi mudofaa masalalari bilan shug‘ullanganini ma'lum qilgan. 

Eron rahbariyati olimni o‘ldirishda Isroilni ayblamoqda.

25 noyabrda AQShning Axios nashri isroillik harbiylar Isroil hukumatining AQShning Eronga qarshi zarbasiga tayyor turish haqida ko‘rsatmasini olganlarini ma'lum qilgandi. 

Ko‘proq yangiliklar: