Komil Allamjonov: «Amaldorlar ertaga ishdan ketib, oddiy odamlar qatoriga qo‘shilsa, matbuot qanchalar odamlar dardiga malham ekanligini tushunadi»

O‘zbekiston 15:38 / 28.11.2020 12169

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov matbuotdagi vaziyat va so‘z erkinligi to‘g‘risida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, himoya shaxslarga bog‘liq bo‘lishi kerak emas. Qonun ustuvor bo‘lishi, har bir fuqaro, jurnalist, bloger yoki matbuot o‘zini himoya, haq-huquqini esa talab qila olishi kerak.

«Bugungi davr matbuotini agar yangi tug‘ilgan chaqaloqqa tenglashtirsak, albatta u oyoqqa turishi, yurib ketishi uchun, unga ko‘mak, himoya kerak edi. Xuddi shu himoya AOKA vazifalaridan biri bo‘lgan. Nima uchun o‘sha davrdagi hukumat tarkibidagi Matbuot va axborot agentligi mavqeyi ko‘tarilib, prezident administratsiyasi tuzilmasiga kiritildi yoki uning direktori avval vazir darajasida bo‘lsa, keyinchalik prezident maslahatchisining birinchi o‘rinbosariga tenglashtirildi? Chunki matbuot 90 foiz holatda hukumat tarkibiga kiruvchi tashkilotlar, vazirliklar, idoralar, qo‘mita va hokimliklar, ya'ni ijro apparati faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatadi. Demak agar agentlik Vazirlar Mahkamasi tarkibida bo‘lsa va direktor darajasi boshqa vazirlar bilan teng bo‘lsa gapini o‘tkaza olishi, himoya qila olishi, kerak paytda hisobot va axborot berishga undashi qiyin kechadi. Bu holatda matbuotni bugungidek ko‘tarib bo‘lmas edi. Yana qonunlarga o‘zgartirish kiritish, ko‘plab normativ hujjatlar yaratish hukumat tarkibida tezroq kechadimi yoki undan yuqori prezident administratsiyasi tarkibidami?

Xullas, AOKA, yuqorida aytganimdek, go‘dak matbuotga enaga qilib belgilangan edi o‘shanda. Va shuning uchun ham jurnalist yoki blogerlar tomonidan qonunlar buzilsa ham, xatolar bo‘lsa ham ko‘z yumib turaylik, matbuot jonlanib olsin, deya targ‘ib qilar edik. Oradan mana 4 yil vaqt o‘tdi. Urilib, surilib, gohida qashqa bo‘lib, gohida g‘urra, bezori bolalar bilan urishib, talashib, matbuot ancha yetilib, tishlari chiqib, ko‘chada bemalol yura boshladi. Buni kuzatib turgan enaga ham sekin asta o‘zini orqaga tortdi. Bir so‘z bilan aytganda ular chinakam hayotga uchirma qilindi.

Endi minbardan turib, sizni himoya qilamiz, bizning himoyamizdasiz deydigan gaplar davri o‘tdi. Endi har bir jurnalist va bloger avvalo o‘zini o‘zi himoya qila oladigan darajada bo‘lishi kerak. Qonunlarni yaxshi bilishi, jurnalistika etikalariga rioya qilib ishlashi kerak. Aslida bu sohada ham tartib bo‘lishi shart. Bu juda muhim. Ana o‘shandagina jurnalistning tili uzun, boshi mag‘rur bo‘ladi.

(Vaziyat ko‘rsatyaptiki, «spros» boshlandi).

O‘tgan hafta davomida bo‘lib o‘tgan voqealar shuni ko‘rsatdiki, matbuot gapini ayta oladigan, har qanday unga nisbatan ogohlantirishlarga munosabat, e'tiroz bildira oladigan, ochiq bahslasha oladigan davrga ham yetib keldi. Bu aslida Prezident boshchiligida yaratilgan so‘z erkinligi konsepsiyasining amalda ishlayotgani belgisi bo‘ladi. So‘z erkin bo‘ldiki bosim bo‘lyapti deya olyapsiz, sizga e'tiroz bildirgan davlat tashkilotiga fikringizni bemalol tengma teng ayta olyapsiz. Boshingizga bir urib, mana senga xat, jim o‘tir, deydigan davrlar o‘tganidan darak bu. Albatta qiyinchiliklar ko‘p, lekin kim aytgandi oson bo‘ladi deb? Ushbu darajaga yetib kelishda bizga ham o‘zi uchun turib bera olish sizga ham oson emas. Shuning uchun ham biz aynan shu safar jim o‘tirdik, kuzatdik va izoh bermadik. Bahslar, tortishuvlar faqat rivojlantiradi davlatni.

Bir so‘z bilan aytganda qo‘lingizni tushirmang hurmatli hamkasblar! Biz to‘g‘ri yo‘ldamiz. Eng asosiysi bilingki, ushbu jarayonga to‘siq yoki qarshiliklar bo‘lishi mumkin, lekin bu foydasiz. Katta g‘ildirak joyidan qo‘zg‘alib yurib bo‘ldi. Endi u to‘xtamaydi. Chunki ushbu islohotning konsepsiyasi juda puxta yaratilgan!

PS: o‘z vazifasidan kelib chiqib bizni yomon degan amaldorlar ertaga ishdan ketib, oddiy odam bo‘lib, jamiyat qatoriga qo‘shilsa, matbuot qanchalar odamlar dardiga malham ekanligini tushunadi. Masalaga qaysi nuqtadan turib qarash juda muhim!» - deb yozadi Komil Allamjonov.

Ma'lumot uchun, 23 noyabr kuni Kun.uz tahririyati 22 noyabr kuni e'lon qilingan «Xalqqa svet-gaz bering!» – ijtimoiy tarmoqlarda azaliy va og‘riqli mavzu» sarlavhali materiali tufayli AOKAdan ogohlantirish xati oldi. Unda tahririyat «jiddiy huquqiy oqibatlar» haqida xabardor qilingan.

Keyinchalik Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi O‘zbekistondagi yana bir qator internet saytlariga ogohlantirish xatlari yuborgani ma'lum bo‘ldi. Gazeta.uz, Podrobno.uz va Daryo.uz nashrlari 26 noyabr kuni ushbu tashkilotdan koronavirus bemorlari uchun mo‘ljallangan kasalxonalardagi bemorlar statistikasi va SSVning koronavirus bemorlari to‘g‘risidagi ma'lumotlar taqqoslangan yangilikni e'lon qilgani uchun «jiddiy huquqiy oqibatlar» haqida ogohlantirilgani haqida xabar berdi.

Ko‘proq yangiliklar: