Angliyada «London derbisi», Ispaniyada «Atletiko» uchun jiddiy sinov. Haftaning 5 markaziy o‘yini anonsi

Sport 14:50 / 28.11.2020 3841

«SASSUOLO» – «INTeR» (28 noyabr, 19:00)

O‘tgan yilning shu vaqtida juda o‘rinli va muvaffaqiyatli avlodlar almashinuvi o‘tkazayotgandek tasavvur uyg‘otgan «Inter» bir yil ichida shu darajaga yetdiki, Antonio Konte iste'foga yaqinlashib qoldi. Ayniqsa, so‘nggi paytlar o‘ta muvaffaqiyatsiz kechmoqda – milanliklar oxirgi uchrashuvning atigi ikkitasida g‘alaba qozondilar xolos. Natijada jamoa beshinchi o‘ringa tushib ketdi, Chempionlar Ligasida keyingi bosqichga chiqish imkoniyati ham endi Konte shogirdlariga bog‘liq emas.

Mana shunday pallada muhim g‘alaba qozonib, peshqadamlar safiga kirib olish «Inter»ga ayni muddao bo‘lardi, ammo raqib bu safar anoyi emas. «Sassuolo» bu mavsumda «Milan» va «Yuventus» bilan birga mag‘lubiyat nimaligini bilmayotgan uch jamoadan biridir. «Sassuolo» turnir jadvalida 2-pog‘onada bormoqda, urilgan gollar soni bo‘yicha eng yaxshi ko‘rsatkich ularda - «Atalanta»ga salom! Xullas, bu yilgi A Seriya yana bir kashfiyot jamoa taqdim etmoqda. «Sassuolo»ning asosiy yutug‘i, so‘nggi yillardagi yetakchilar, jumladan Boga, Berardi kabi futbolchilarni o‘z safida saqlab qolganidir. Faqat bir jihatga alohida e'tibor berish kerak. «Sassuolo» uydan ko‘ra safarda samaraliroq to‘p suryapti. Jamoa safardagi to‘rt uchrashuvning barchasini g‘alaba bilan yakunladi, raqiblar ichida «Napoli» ham bor. Uyda esa to‘rt o‘yinda uch durang.

O‘zaro o‘yinlarga qarasak, ayniqsa, o‘tgan mavsumdagi to‘qnashuvlar chempionatni bezab bergandi. «Inter» safarda 4:3 hisobida yutgan bo‘lsa, Milandagi o‘yinda 3:3 hisobi qayd etilgan. Umuman oxirgi 15 uchrashuvning 8tasida aynan «Sassuolo» g‘alaba qozongani, jamoa «Inter» uchun o‘ta noqulay raqib ekanini ko‘rsatadi.

Har ikki tomonda ham yaqinda sodir bo‘lgan jarohatlar deyarli yo‘q. Lekin «Inter» kelasi haftada menxengladbaxliklar bilan YeChLda hal qiluvchi uchrashuvda maydonga tushishi, bu o‘yinga bo‘lgan munosabatga ham ta'sir qilsa kerak.

«VALeNSIYa» – «ATLeTIKO» (28 noyabr, 20:15)

Asta sekinlik bilan «Atletiko»ning bu mavsum sovrini uchun eng asosiy da'vogar ekanini tan olayapmiz. «Real» ham, «Barselona» ham qatorasiga bir necha muvaffaqiyatli o‘yin o‘tkaza olmayaptilar. Zidan shogirdlarida jarohatlar ko‘p, «Barselona» yangi murabbiy bilan ham “cho‘loqlanib” turibdi. Bunday pallada har doimgidek Simeone vaziyatdan foydalanishi kerak.

Chempionlar Ligasidagi o‘yinlarni inobatga olmasa, «Atletiko» Ispaniyada aynan barqarorlik borasida eng namunali jamoa bo‘lib turibdi. Madridliklar qatorasiga besh o‘yinni g‘alaba bilan yakunladilar, umuman hali mag‘lubiyat nimaligini bilmagan yagona jamoa bo‘lib turibdi. Turnir jadvalida «Sosedad» peshqadam bo‘lib turgan bo‘lsa-da, «Atletiko» 2 o‘yin kam o‘tkazgan va yo‘qotilgan ochkolar bo‘yicha yaqqol yetakchidir. Himoya chizig‘i esa doimgidek – Oblak 8 o‘yinda atigi 2 marotaba o‘z darvozasidan to‘p olib chiqdi, xolos.

«Valensiya» moliyaviy inqiroz tufayli yozda tarkib yetakchilaridan ayrildi. Jamoani «xavfli zona»dan atigi 4 ochko ajratib turibdi, xolos. Lekin bu o‘yinning anonsga tanlanganida sabablar ko‘p – birinchidan, baribir «Valensiya» bu «Valensiya», ikkinchidan, jamoa peshqadamlarga qarshi dadil va ishonchli to‘p surishini «Real»ga qarshi o‘yinda (4:1) ham ko‘rdik. «Valensiya» oxirgi 9 o‘yindan atigi 2 marotaba g‘alaba qozondi, ammo bu yutuqlar «Real» ustidan yirik hisobda, shuningdek, peshqadam «Sosedad» bilan safar o‘yinida qo‘lga kiritildi, Gayya, Soler, Vass, Paulista, Li Kan kabi futbolchilar bir jamoa uchun yulduzlar limitini to‘ldira oladigan va top klublarning nazaridagi o‘yinchilardir. Uchinchidan, «Valensiya» «Atletiko» bilan o‘zaro o‘yinlarda ham ancha munosib harakat qiladi. Oxirgi to‘r o‘yindan uchtasida tomonlar murosa ko‘chasini tanlashgan. «Mestalya»dagi oxirgi – shu yilning fevralida bo‘lib o‘tgan uchrashuv 2:2 hisobida yakunlangandi.

«Atletiko» bu o‘yinda qarshi kelishi mumkin bo‘lgan yana bir muammo hujum chizig‘idagi ijrochilar Luis Suares va Diyego Kostaning safda yo‘qligidir. Bu holatda oldingi chiziqda oson bo‘lmayapti, masalan «Lokomotiv»ga qarshi YeChL dagi uy uchrashuvida raqib darvozasi ishg‘ol qilinmadi.

«SAUTHEMPTON» – «MANCheSTeR YuNAYTeD» (29 noyabr, 19:00)

Bu jamoalarning oxirgi 18 o‘yinida, ya'ni «Sauthempton» APL ga qaytganidan buyog‘ini oladigan bo‘lsak, atigi bir marotaba, 2016 yilning avgustida «MYu» 2:0 hisobida ustun kelgan. Qarangki, qolgan barcha o‘yinlarda yo durang, yo kimdir bir to‘p farqi bilan g‘alaba qozongan. Shu faktning o‘zi ushbu uchrashuvning juda murosasiz kechishini taxmin qilishimizga asos bo‘ladi.

Shuningdek, «Sauthempton» hozirda APLning eng yorqin va eng barqaror jamoalaridan biri – dastlabki 2 turda mag‘lubiyatga uchralganidan keyin qatorasiga 7 uchrashuvdan beri mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelmoqda. Ayniqsa, Ralf shogirdlari raqib maydonida faol pressingni amalga oshirish bo‘yicha liganing eng yaxshi jamoasi sanaladilar. Har qanday jamoa uchun juda noqulay raqib.

«Yunayted» esa, zo‘r va o‘ta yomon o‘yinlarni navbati bilan namoyish qilib, barchani hayron qoldirishda davom etyapti. «Vest Bromvich»ga qarshi o‘yin g‘alaba bilan yakunlangan bo‘lsa-da, ko‘pchilikning hafsalasini pir qildi, uch kun o‘tib esa, «Istambul»ga qarshi ancha saviyali futbol namoyish qilindi. Aynan shu safar nimani kutish mumkinligini oldindan aytish qiyin. Bir narsa aniqki, tashabbuskor va faol jamoalarga qarshi Sulsher ancha yaxshi o‘yin qura oladi. «Sauthempton» ana shunday raqiblardan biri.

Tarkiblar borasida ikki frontda kurashayotgan «Yunayted»da muammolar ko‘p. Ammo «Sauthempton»ning yo‘qotishlari ancha jiddiyroq ekanini aytish mumkin. Dani Inggz va Natan Redmond ayniqsa, oldingi chiziqda katta xajmdagi ishlarni amalga oshirishardi. Mehmonlardan, Sulsherning aytishicha, Pogba va Maktominey jamoaga yordam bera olmaydi. Bu aslida foyda, zero murabbiyga eng to‘g‘ri tarkibni o‘ylanib o‘tirmay tanlash imkonini beradi. Agar «Sauthempton»ning pressingni yaxshi ko‘rishini inobatga olsak, bu borada Fred va Van De Bek juftligi ancha foydali bo‘lishi mumkin. Aaron van Bisakka va Lindelyof YeChL o‘yinida yengil jarohat bilan o‘yinni erta tark etgan bo‘lishsa-da, Sulsherning aytishicha, himoyachilar yakshanba oqshomida tayyor bo‘lishlari mumkin.

«CheLSI» – «TOTTeNHEM» (29 noyabr, 21:30)

«Chelsi» va «Tottenhem» so‘nggi ikki oydagi Angliyaning eng kuchli jamoalari deb bemalol aytish mumkin. Natijalar ham bundan dalolat qilmoqda. «Chelsi» barcha musobaqalarda 13 o‘yindan beri mag‘lubiyat nimaligini bilmayapti. Bu o‘yinlarning 8tasida gol o‘tkazilmaganini qayd etsak, o‘tgan yilgi «Chelsi»dan asosiy farq o‘rtaga chiqadi – Silva va Mendining kelishi himoya chizig‘ini tartibga soldi.

«Tottenhem»da oxirgi 17 o‘yinda atigi 1 mag‘lubiyat. U ham, uncha ahamiyatli bo‘lmagan Yevropa ligasi doirasida ikkinchi tarkib bilan maydonga tushilganda sodir bo‘lgan. Bu seriyaning sababi Mourino shogirdlarining YeChL emas, YeLda qatnashayotganliklari va APL taqvimi ancha oson bo‘lganini aytib kelayotgandik, ammo o‘tgan turda «Manchester Siti» ustidan qozonilgan g‘alaba barchasi jiddiyligini ko‘rsatdi. Demak, «Tottenhem» har qanday raqibni yuta oladi.

Angliyaning ushbu mavsumda eng yaxshi hujum («Chelsi») va eng yaxshi himoya («Tottenhem») to‘qnashuvida qaysidir ijobiy seriyaga barham beriladi. Yoki sentyabrdagi Angliya liga kubogi bahsidek durang bilan ham tugashi mumkin. O‘shanda penaltilar seriyasida Lempard shogirdlari g‘alaba qozongandilar.

Jarohatlar borasida mezbonlarda muammo yo‘q. Faqat Billi Gilmur safdan chiqqandi, u ham mashg‘ulotlarga qaytgan. «Tottenhem»da esa, Lamela va Alderveyreldning jarohat olganidan tashqari, Lo Chelso, Steven Bergveyn va Ugo Lorisda kichik muammolar bor. Bu nomlarning ba'zilari derbida yordam bera olmasligi mumkin.

Xullas, Mourino yana bir sobiq jamoasi maydoniga tashrif buyurmoqda. Oxirgisi yaqinda «Old Trafford»da ro‘y bergani va natija qanday yakunlanganini eslatish shart emas.

«NAPOLI» – «ROMA» (30 noyabrga o‘tar kechasi, 00:45)

Aytish mumkinki, «Roma» va «Napoli» ushbu mavsumda Italiyaning eng yorqin jamoalardandir. Bu klublar ishtirokidagi o‘yinlar juda shiddatli va gollarga boy bo‘lmoqda. «Roma» 8 o‘yindan 17 ochko jamg‘arib, peshqadam «Milan»dan 3 ochko ortda qolgan holda 3-o‘rinni egallab turibdi. Bu o‘yindagi g‘alaba rimliklarni hatto turnir jadvalida karvonboshi qilishi mumkin, «Napoli» hisobida esa shuncha o‘yindan 14 ochko bor. Peshqadamlardan uzoq masofada qolib ketmaslik uchun ham ochko yo‘qotishga haqqi yo‘q. G‘alaba «Napoli»ni «Roma»ga yetib olishini ta'minlaydi. Diyego Maradonani butun dunyo so‘nggi manzilga kuzatayotgan haftada «Napoli» uning xotirasiga muhim g‘alabani bag‘ishlamaslik, kechirilmaydigan hol bo‘lishi tabiiy.

«Roma»ning barcha musobaqalardagi mag‘lubiyatsiz o‘yinlar seriyasi 11 uchrashuvga yetdi. Qatorasiga besh o‘yin g‘alaba bilan yakunlandi. «Napoli»ning formasi ham yomon emas, ammo shuni e'tirof etish kerak – Gattuzo shogirdlari autsayderlar bilan o‘yinlarda ancha ishonchli va yo‘qotishlarsiz borayotgan bo‘lsa-da, turnir jadvalida o‘zidan yuqoriroq o‘rindagi raqiblarga qarshi muammolarga uchrayapti. Mavsumdagi ikki mag‘lubiyat ham aynan peshqadamlar – «Milan» va «Sassuolo»ga qarshi o‘yinlarda qabul qilindi. Yana bir turda «Yuventus»ga texnik g‘alaba yozilganidan xabaringiz bor.

Jamoalarning tarkibidagi muammolariga to‘xtaladigan bo‘lsak, mezbonlar tarkibida Viktor Osimxen va Alsaid Xyusaylar bir necha haftaga safdan chiqqan. Shuningdek, Bakoyoko «Milan»ga qarshi o‘yinning 65-daqiqasida maydondan chetlatildi va diskvalifikatsiya tufayli ushbu uchrashuvni o‘tkazib yuboradi. Mehmonlar tarkibida esa asosiy himoyachilar Davide Santon va Kris Smolling jarohatni davolash bilan band. Nikolo Dzanolo esa yana kamida besh oy maydonga tusha olmaydi.

O‘zaro o‘yinlar borasida mutlaq tenglik. Oxirgi uchrashuvning 9tasida «Roma», 9tasida «Napoli» g‘alaba qozongan. O‘tgan mavsumda har ikki o‘yin ham mezbonlarning 2:1 hisobidagi g‘alabasi bilan tugagan.

BOShQA O‘YINLAR

28 noyabr. Brayton – LIVeRPUL (17:30), BORUSSIYa D – Kyoln (19:30), MANCheSTeR SITI – Byornli (20:00), Benevento – YuVeNTUS (22:00), ReAL – Alaves (29 noyabrga o‘tar kechasi, 01:00), PSJ – Bordo (29 noyabrga o‘tar kechasi, 01:00)

29 noyabr. BARSeLONA – Osasuna (18:00), MILAN – Fiorentina (19:00), ARSeNAL – Vulverhempton (30 noyabrga o‘tar kechasi, 00:15).

Ko‘proq yangiliklar: