Yevroparlament Belarus va Turkiyaga qarshi sanksiyalar haqida rezolyutsiyalarni qabul qildi

Jahon 01:03 / 27.11.2020 7031

Yevroparlament Belarus va Turkiya rahbariyati harakatlarini qoralovchi va Yevropa ittifoqi rahbariyatini ushbu davlatlarga nisbatan qat'iyroq sanksiyalar kiritishga chaqiruvchi rezolyutsiyani qabul qildi. Rezolyutsiyalar belaruslik faol Roman Bondarenkoning o‘limi va Turkiyaning Kiprdagi harakatlari bilan bog‘liq holda qabul qilingan.

Yevroparlamentning Belarusga nisbatan sanksiyalarni kuchaytirishi 31 yoshli belaruslik faol Roman Bondarenkoning o‘limi bilan bog‘langan. U 12 noyabrda uyi hovlisida niqoblarda bo‘lgan noma'lum kishilar tomonidan kaltaklangandan keyin shifoxonada vafot etgan.

Yevrodeputatlar rasmiy Minskdan Bondarenko va boshqa belaruslik faollar, jumladan Aleksandr Taraykovskiy, Aleksandr Vixor, Artyom Parukov, Gennadiy Shutov va Konstantin Shishmakovning o‘limlarini sinchkov, xolis va mustaqil tergov qilishni talab qilgan. Shuningdek, Yevroparlamentda Belarusda o‘tgan prezident saylovlari natijalari va amaldagi prezident Aleksandr Lukashenkoning g‘alabasini tan olmasliklari yana bir karra tasdiqlangan. Bundan tashqari, Belarusda faollarga qarshi jinoyatlar haqida ma'lumotlarni to‘plovchi maxsus markaz tashkil etish taklif etilgan.

Yevroparlamentda Belarus rahbariyatiga bosim o‘tkazish maqsadida Yevropa ittifoqidan moliyaviy ta'sir vositalarini qo‘llash talab etilgan. “Yevroparlament Yevropa ittifoqi va unga a'zo davlatlar tomonidan Lukashenko tuzumiga qarshi kiritilgan harakatlar yetarlimas deb hisoblaydi va Yevrokengashning Lukashenko tuzumi bilan bog‘langan firmalar va oligarxlarga qarshi qaratilgan sanksiyalarning uchinchi paketi ustida ish olib borayotganini qo‘llab-quvvatlaydi”, deyilgan rezolyutsiyada.  

Yana bir rezolyutsiya Turkiyaning Kiprdagi harakatlari bilan bog‘langan. Turkiya Kipr orolining yarmiga yaqinini egallovchi va turk qo‘shinlarining Kiprga 1974 yilda kirishi natijasida paydo bo‘lgan Shimoliy Kipr turk respublikasini tan oluvchi yagona davlat hisoblanadi. 

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an 15 noyabrda Shimoliy Kiprga, jumladan Famagusta shahrida tashrif uchun ochilgan bahsli hudud - Varosh kvartaliga tashrif buyurgan.  

“Yevroparlament manzilli sanksiyalar kiritish imkoniyatini hisobga olib, Yevropa kengashini Turkiyaning bir tomonlama va noqonuniy harakatlari bo‘yicha yagona pozitsiyani saqlashga chaqiradi”, deyilgan ushbu rezolyutsiyada.

Ko‘proq yangiliklar: