Gruziyada 2 oyga qat'iy lokdaun kiritiladi

Jahon 09:37 / 27.11.2020 3439

Gruziya hukumati koronavirus tarqalishiga qarshi 2 oyga qat'iy karantin kiritishga qaror qildi. Cheklovlar 28 noyabrdan 2021 yilning 31 yanvarigacha amal qiladi, deb xabar qildi Gruziya Online nashri.

Gruziyada bungacha 7ta shaharda komendantlik soati amal qilgan, endi esa u butun mamlakat bo‘ylab soat 21dan 5gacha davom etadi. Bundan Yangi yil va Rojdestvo bayramlari munosabati bilan 31 dekabr va 6 yanvar kunlari mustasno bo‘ladi.

Gruziyada taksidan boshqa transport vositalariga shaharlararo qatnovlar amalga oshirish taqiqlanadi. Kafe va restoranlar, kinoteatr, sport zal, basseyn, muzey, bolalar bog‘chalari, bozorlar, savdo markazlari tashrif uchun yopiladi. Shuningdek, oziq-ovqat do‘konlari, dorixonalar, zootovarlar va maishiy kimyo do‘konlaridan tashqari barcha do‘konlar faoliyati to‘xtatiladi.

O‘quvchilar va talabalar masofadan o‘qishga o‘tkaziladi.

Shuningdek, poytaxt Tbilisi, Telavi, Batumi, Kutaisi, Rustavi, Gori, Poti va Zugdidi shaharlarida jamoat transporti faoliyati to‘xtatiladi.

Tog‘-chang‘i kurortlari faoliyati to‘liq to‘xtatiladi, mehmonxonalar karantin uchun joylar hozirlangan holda ishlashi mumkin bo‘ladi.

24 dekabrdan 2 yanvargacha cheklovlar yumshatiladi: bozorlar, savdo-ko‘ngilochar markazlari, jamoat transporti ishlashiga ruxsat beriladi. Biroq 2 yanvardan keyin cheklovlar yana qaytariladi. 

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, mamlakatda hozirga kelib koronavirus bilan kasallanganlar soni 118 mingdan oshdi, infeksiyadan vafot etganlar soni 1124 nafarni tashkil qilmoqda. 

Ko‘proq yangiliklar: