Rossiya Farg‘onadan pomidor va qalampir import qilishga taqiq qo‘ydi

Iqtisodiyot 15:23 / 26.11.2020 63451

Rossiya veterinariya va fitosanitariya nazorati bo‘yicha federal xizmati («Rosselxoznadzor») 26 noyabr kunidan boshlab Rossiya Federatsiyasiga O‘zbekistonning Farg‘ona viloyati hududidan pomidor va qalampir olib kirishni taqiqlaydi. TASS nashri idora xabariga asoslanib xabar qilishicha, bunga sabzavotlarda karantin kasalligi tobamovirus aniqlangani sabab bo‘lgan.

«Veterinariya va fitosanitariya nazorati federal xizmati 2020 yil 26 noyabrdan boshlab O‘zbekiston Respublikasining Farg‘ona viloyatidan Rossiyaga pomidor va qalampir olib kirishga taqiqni joriy etadi. Bunday choralar O‘zbekistonning ushbu hududidan olib kelingan pomidor va qalampirda pomidor mevasining jigarrang burishishi (Tomato brown rugose fruit virus (ToBRFV)) virusi aniqlangani munosabati bilan amalga oshirildi», deyiladi xabarda.

Pomidor mevalarining jigarrang burishishi viruslari, pomidorda dog‘ paydo bo‘lishi va pepino mozaikasi Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi kengashi qarori bilan tasdiqlangan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi karantin obektlarining yagona ro‘yxatida mavjud emas.

«Rosselxoznadzor» Rossiyada issiqxonada sabzavot yetishtirish uchun ushbu viruslar zararli ekanini hisobga olib, 2020 yil 27 iyuldan boshlab vaqtincha karantin fitosanitariya chorasi sifatida eksport qiluvchi mamlakatlardan Rossiyaga keluvchi pomidor va qalampir urug‘lari, ko‘chatlari va mevalarida uning mavjud bo‘lmasligi talabini kiritdi.

Talab ushbu viruslar Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi karantin obektlarining yagona ro‘yxatiga kiritilguniga qadar amal qiladi. Shu bilan birga, idora ko‘rsatilgan zararkunanda organizmlarni yagona ro‘yxatga kiritish masalasini zudlik bilan ko‘rib chiqishni so‘rab, Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasiga murojaat qilgan.

Mevaning jigarrang burishishi viruslari (ToBRFV, tobamoviruslar turkumi vakili) sabzavot ekinlariga zarar keltiradi, barglarga dog‘ tushirib, meva deformatsiyasini keltirib chiqaradi.

Agar zararlangan meva sanoat issiqxonasiga tushib qolsa, undagi barcha o‘simliklarning to‘liq nobud bo‘lishiga olib kelishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: