O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiyada ishtirok etdi

O‘zbekiston 08:27 / 26.11.2020 1554

Tadbir Finlandiya va Afg‘oniston hukumatlari tomonidan hamda BMT ko‘magida tashkil etildi. Konferensiya ishida 100dan ortiq davlat, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, fuqarolik jamiyati va OAV vakillari qatnashdi.

Tadbir chog‘ida O‘zbekistonning afg‘onlararo tinchlik muzokaralari boshlanganini olqishlagan va ularning o‘tkazilishiga faol ko‘maklashgan ilk davlatlardan biri bo‘lgani qayd etildi. Respublika Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlik o‘rnatish jarayonlarida faol ishtirok etmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan mazkur mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotini tiklashga qaratilgan qator muhim va dolzarb tashabbuslar ilgari surilgan.

O‘zbekistonning elektr ta'minoti, transport infrastrukturasini qurish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash sohalarida Afg‘onistonga yordam berayotgani ta'kidlandi.

Konferensiyada koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish hamda uning oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha hamkorlik qilish masalalariga alohida e'tibor qaratildi. Pandemiya sharoitida birodar afg‘on xalqiga O‘zbekiston tomonidan birinchi darajali ehtiyoj mahsulotlari, oziq-ovqatlar, tibbiyot vositalarini o‘z ichiga olgan qator gumanitar yordam karvonlari yuborilgani e'tirof etildi.

Forum qatnashchilari Afg‘onistonda tinchlik jarayonini ilgari surish va uning iqtisodiyotini tiklashga ko‘maklashish borasida O‘zbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berdi, deyiladi Tashqi ishlar vazirligi ma'lumotida

Ko‘proq yangiliklar: