Germaniyada karantin yana 3 haftaga uzaytirildi

Jahon 07:50 / 26.11.2020 2100

Germaniyada karantin rejimi 20 dekabrgacha uzaytiriladi. Bu haqda mamlakat kansleri Angela Merkel federal yerlar rahbarlari bilan uchrashuvdan keyin ma'lum qildi.

“Hozircha choralar 20 dekabrgacha amal qiladi. Biz cheklovlar yanvar boshigacha amal qilishidan kelib chiqmoqdamiz”, – deb aytgan Merkel.

Kanslerning ta'kidlashicha, cheklovlar kasallanish holatlari sonining jadal o‘sishini to‘xtata oldi, biroq mamlakatda qayd qilinayotgan holatlar hali ham ko‘p.   

Germaniyada navbatdagi karantin choralari 2 noyabrdan amal qilmoqda va oy oxirigacha davom etadi. Hozirda mamlakatda restoranlar, barlar tashrif uchun yopilgan, teatr, kinoteatr, konsert zallari, fitnes-klublar va go‘zallik salonlari ishi to‘xtatilgan. Shu bilan birga, maktablar, bolalar bog‘chalari va savdo markazlari ishlashda davom etmoqda. 

Dekabr boshidan esa 2 oilaning 5 a'zosidan ko‘proq bo‘lib yig‘ilish taqiqlanadi. 23 dekabrdan 1 yanvargacha, ya'ni Yangi yil nishonlanishi vaqtida cheklovlar vaqtincha yumshatiladi: bu vaqt davomida eng ko‘pi bilan 10 kishi bo‘lib yig‘ilishga ruxsat beriladi.

Bundan tashqari, savdo nuqtalariga tashrif qoidalari qat'iylashtiriladi. Ularga har 10 kvadrat metr maydonga bir kishini kiritishga ruxsat beriladi.  

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, Germaniyada o‘tgan hafta ichida 18,6 mingdan ko‘proq kasallanish holati qayd etildi. Mamlakatda pandemiya boshidan beri 532 mingdan ko‘proq kishi virusga chalingan, ulardan 14,7 ming nafari kasallikdan vafot etgan. So‘nggi sutkada Germaniyada rekord darajada o‘lim holati qayd etilgan va u 410tani tashkil qilgan. 

Ko‘proq yangiliklar: