Shayxontohur tumanidagi ko‘p qavatli uylarga 81ta yangi lift o‘rnatiladi

O‘zbekiston 23:35 / 25.11.2020 2159

24 noyabr kuni Toshkent shahar Shayxontohur tumani sektor rahbarlari sayyor qabul o‘tkazdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Qabulda fuqarolar Yangi Beltepa mahallasidagi ko‘p qavatli uylarda lift ishlamasligi muammosini ko‘tardi. Fuqarolarning aytishicha, bu liftlar unchalik ham eskirmagan, elektron liftlar bo‘lishiga qaramay, 2019 yilning aprel oyidan buyon ishlamaydi.

Murojaatga javoban ushbu ko‘p qavatli uyga liftlar bir oy ichida o‘rnatib berilishi ma'lum qilindi. Tuman hokimi Abduqahhor To‘xtayev bu masalada shaxsan o‘zi nazorat olib borayotganini ma'lum qildi.

«Bunday holatlar mas'ullarning joylarda yetarli darajada faoliyat olib bormayotgani sababli kelib chiqmoqda. Bu – jinoyat... Takrorlayman, 2019 yil apreldan beri lift ishlamasa, bu – jinoyat.

So‘nggi bir oyda 6 ta yangi lift almashtirdik. Juda ko‘p liftlarimiz talabga javob bermaydi, muddati o‘tib ketgan, tez-tez buziladigan bo‘lib qolgan. Tumanimiz bo‘yicha ko‘p qavatli uylarga 81 ta lift o‘rnatishni maqsad qilganmiz.

Toshkentdagi lift zavodi ishga tushishini kutdik. Shu zavodning eng birinchi mahsulotini tumanimizdagi uylarga o‘rnatdik. Ular hozir sinov muddatini o‘tamoqda.

Hammayoqni asfalt qildik, uylarning fasadlarini qildik, bir og‘iz bu haqida hech kim indamadi. Mahalla idorasida yig‘ilishlar o‘tkazdik. Nega mahalla raisi aytmagan? Bunaqa mahalla raisini boridan yo‘g‘i yaxshi. Nega shu masala shu vaqtgacha hal qilinmadi? Kim aybdor bunga? Bu – jinoyat; agar haqiqatan ham shuncha paytdan beri lift ishlamayotgan bo‘lsa», – dedi tuman hokimi Abduqahhor To‘xtayev.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahri Yashnobod tumanidagi Texnopark tarkibida lift ishlab chiqaruvchi korxona tashkil etilgan.

Ko‘proq yangiliklar: