«Hokimliklarning ikki mingtagacha qarorlari bekor bo‘lyapti. Yuristlar qayerga qarayapti?» - adliya vaziri

O‘zbekiston 19:29 / 25.11.2020 14334

Adliya vaziri Ruslanbek Davletov 25 noyabr kuni fuqarolar bilan o‘tkazilgan onlayn muloqotda korxonalarda huquqshunoslar shtati qisqartirilayotgani hamda noqonuniy chiqarilgan qarorlar haqida gapirdi.

«Hozirda prezident qaroriga asosan 3 ta hududda eksperiment o‘tkazyapmiz. Namangan shahri, Qarshi va Marhamat tumanlarida. Ya'ni tumandagi yuristlar shtatlari qisqartirilyapti-da, davlat tashkilotlariga huquqiy xizmat ko‘rsatish markazlari tuzilyapti. Ular mazkur markazda o‘tirib korxona va tashkilotlarga xizmat ko‘rsatyapti.

Birinchidan, ular korxona rahbari tazyiqiga uchramaydi. Rahbar yuristga qandaydir ta'sir qila olmaydi. Bunda obektiv huquqiy nuqtayi nazardan ekspertiza yuz beryapti. Biz birinchi bosqichda shunga guvoh bo‘lyapmiz.

O‘sha tuzilmada va davlat organlarida ishlaydiganlar ham bu tizimni olqishlashyapti. Chunki ularga aniq reglament belgilangan. Hujjatini beryapti. To‘g‘ri keladi yoki to‘g‘ri kelmaydi – qonunlarimiz aytyapti. Bu – tuman darajasidagi yuristlar masalasi.

Davlat tashkilotlaridagi xodimlar sonini qisqartirish bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri topshiriq bor. Bu hammani tahlilsiz ishdan olish kerak, degani emas. Mazkur masala bo‘yicha Moliya vazirligi tahlil olib boryapti. Maqsad – qonun ustuvorligini u yoki bu tashkilotda ta'minlash», – dedi vazir.

Davletov o‘z so‘zida yuristlardagi mas'uliyatsizlik borasida ham to‘xtalib o‘tgan.

«Oxirgi 2,5 yil ichida adliya tizimidagi idoralar tomonidan noqonuniy bo‘layotgan jarayonlar ustidan 39 175 ta taqdimnomalar kiritilgan. Buning natijasida 20 mingdan ortiq mansabdor shaxslarga nisbatan choralar ko‘rilgan. Bu yerda juda katta jarayon bo‘lyapti; kerak bo‘lsa, qonun ham buzilyapti.

10 250 ta holatda noqonuniy chiqarilgan qarorlar bekor bo‘lyapti. Bu – 10 ming nafar odamga, 10 mingta oilaning hayotiga ta'sir qiladigan hujjat degani.

Nimaga bunday bo‘lyapti? Nima uchun o‘sha tashkilotlarda ishlayotgan yuristlar qonun ustuvorligini ta'minlamayapti? Hokimliklarning 2000 tagacha qarorlari bekor bo‘lyapti. Yurist qayerga qarayapti? Nega obektiv ishlamayapti?

Qonun ustuvorligini ta'minlash maqsadida kerak bo‘lsa ish o‘rinlari qisqaradi, kerak bo‘lsa ko‘paytiriladi. Davlat organlari qabul qilayotgan qarorlar hech kimga ozor yetkazmasligi kerak. Noqonuniy bo‘lmasligi kerak», – dedi Ruslanbek Davletov.

Ko‘proq yangiliklar: