Energetika vazirligi sement zavodlarining energiyadan ajratilganini inkor etdi. Birja savdolarida sement narxi oshmoqda

O‘zbekiston 14:11 / 25.11.2020 7359

Energetika vazirligi O‘zbekistonda sement ishlab chiqaruvchi zavodlarga elektr energiyasi yetkazib berilishi to‘xtamaganini ma'lum qildi.

«Bu yolg‘on ma'lumot bugun, 25 noyabr kuni 19 mingdan ziyod obunachiga ega bo‘lgan telegram kanallaridan birida joylashtirilgan. Mazkur telegram kanali egasi u qanday auditoriyani qamrab olishga qodir ekanini hisobga olgan holda har qanday yolg‘on ma'lumot tarqatish holati uchun javobgarlikni his qilishi lozim.  

Mish-mishni tasdiqlovchi yoki inkor etuvchi vakolatli manbalarga murojaat qilmay turib, «tarmoq ma'lumotlariga asoslanib» deb yozgan holda mazkur telegram kanali muallifi sement ishlab chiqaruvchi aniq korxonalarni tilga oladi va ularga elektr energiyasi yetkazib berish to‘xtatib qo‘yilganini ma'lum qiladi», — deyiladi vazirlik xabarida.

Dispetcherlik markazi ma'lumotlariga ko‘ra, 24 noyabr kuni Ohangaron sement zavodiga 605 ming kVt.soat elektr energiyasi yetkazib berilgan bo‘lib, o‘rta hisobda bu zavodga kuniga 540 ming kVt.soat elektr energiyasi yetkazib beriladi. Jumladan, Quvasoy sement zavodi sutkasiga o‘rtacha 332 ming kVt.soat elektr energiyasi iste'mol qiladi.

Avvalroq Bakiroo telegram kanali muallifi ijtimoiy tarmoqda bildirilgan ma'lumotga asoslanib, «sement ishlab chiqaruvchi gigantlar «Ohangaronsement» va «Quvasoysement» ishlab chiqarish quvvatlari gaz ta'minotidan uzilgan»i haqida xabar bergandi. Kanal muallifining yozishicha, bu holat garchi mavsum bo‘lmasa-da, sement narxlarining keskin ko‘tarilishiga olib kelgan.

Twitter’dagi «Bobo» akkaunti egasi 25 noyabr kuni Ohangaron sement va Quvasoy sement zavodlari 2 oylik muddatga gaz ta'minotidan uzib qo‘yilgani haqida xabar bergan.

«Birjada 500-550 so‘mga tushgan sement 2 kunda 50 so‘mga oshdi. Bu yil ham qurilishlarning asosi (bo‘lgan) sement 1000 so‘mdan o‘tadi, shekilli», — deya fikr bildirgan tarmoq foydalanuvchisi.

Energetika vazirligi qonunchilikka muvofiq, jismoniy shaxs yolg‘on xabar tarqatgani uchun qonuniy javobgarlikka tortilishini eslatgan.

«Ma'lum bir auditoriyaga mo‘ljallangan har qanday xabar tarqatayotgan kishi bu boradagi mas'uliyati va har qanday isbotini topmagan xabar, odamlarga mish-mishlar va tekshirilmagan ma'lumotlarni yetkazgani uchun javobgarlikka tortilishi mumkinligini aniq his qilishi lozim», — deyiladi vazirlik xabarida.

Tovar xomashyo birja ma'lumotiga ko‘ra, shu yilning 20 noyabr kuni «Ohangaronsement» AJ tomonidan birja savdolariga qo‘yilgan portlandsementning (PsX) 1 tonnasi o‘rtacha 504 ming so‘mdan sotilgan. Shu kuni «Quvasoysement» AJ tomonidan savdoga qo‘yilgan M-400 sementining 1 tonnasi o‘rtacha 631 ming so‘mga sotilgan.

23 noyabr kuni «Ohangaronsement» AJ birja savdolarida ishtirok etmagan. Shuningdek, «Quvasoysement» AJ ham bozorda taklif bildirmagan. 20 noyabrda 40 ming 394 tonna turli sifatdagi sement birja savdolariga qo‘yilgan bo‘lsa, uch kun o‘tib, ushbu ko‘rsatkich qariyb 9 ming tonnaga kamaygan. 24 noyabr kuni yakunlangan birja savdolarida 1 tonna sementning o‘rtacha narxi 520 so‘mgacha ko‘tarilgan bo‘lib, 4 kun ichida o‘rtacha 20 so‘mlik narx oshishi kuzatildi. «Ohangaronsement» AJ va «Quvasoysement» AJ birja savdolarida 24 noyabrda ham ishtirok etmagan.

Birja vakilining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, keyingi yil fevral oyiga qadar sement narxining keskin ko‘tarilishi kuzatilmaydi.

Ko‘proq yangiliklar: