Bayden AQSh prezidenti saylovlari tarixida eng ko‘p ovoz to‘pladi

Jahon 08:38 / 25.11.2020 6135

Jo Bayden AQShdagi prezident saylovlarida 80 mlndan ko‘proq ovoz to‘plagan tarixdagi birinchi nomzod bo‘ldi. AQShning ko‘plab shtatlari hali ovozlarni hisoblashni davom ettirmoqda, biroq NBC telekompaniyasi ma'lumotlariga ko‘ra, ayni vaqtga kelib Bayden uchun 80 mln 11 mingdan ko‘proq kishi ovoz bergan.

AQShning amaldagi prezidenti Donald Tramp esa 73 mln 881 mingdan ko‘proq ovoz to‘plagan.

Avvalroq Associated Press axborot agentligi AQSh OAV tomonidan prezident saylovlari g‘olibi deb e'lon qilingan Bayden saylovlarning ertasi kuniyoq 70 mln amerikalik tomonidan qo‘llab-quvvatlanganini ma'lum qilgan. AQSh tarixida hali birorta nomzod bunchalik ko‘p ovoz to‘play olmagan. Avvalgi rekord ko‘rsatkich Barak Obamaga tegishli bo‘lgan. Uni 2008 yildagi saylovlarda 69,4 mln amerikalik qo‘llab-quvvatlagan. 

Tramp ham 70 mlndan ko‘proq ovoz to‘plab prezidentlik saylovlarida mag‘lubiyatga uchragan nomzod sifatida rekord o‘rnatgan. 

Shuningdek, joriy saylovlardagi davomat ham rekord darajada bo‘lgan. Ularda saylash huquqiga ega amerikaliklarning 65 foizga yaqini ishtirok etgan va bu 1908 yildan beri eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.   

Biroq Tramp hozircha o‘z mag‘lubiyatini tan olmayapti va sudlar orqali g‘alaba qozonganini isbotlashga urinmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: