Asadjon Xodjayev Kun.uz’ni gaz-svet muammosini yozgani uchun ogohlantirdi. Tahririyat buni bosim o‘tkazish deb hisoblaydi

O‘zbekiston 20:17 / 25.11.2020 83171
Asadjon Xodjayev / Foto: Kun.uz

Noyabr oyidayoq havo keskin sovib, qorlar yog‘ib, O‘zbekistonda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari o‘lda-jo‘lda bajarilganini ayon qilib qo‘ydi.

Elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi korxonalarda avariyalar ro‘y berdi va elektr tarmog‘ida uzilishlar kuzatila boshladi, ko‘plab aholi punktlarida tok berishga cheklovlar joriy etildi.

Albatta, bu odamlarning keskin noroziligini keltirib chiqara boshladi.

Kun.uz sayti 22 noyabr kuni «Xalqqa svet-gaz bering!» – ijtimoiy tarmoqlarda azaliy va og‘riqli mavzu» sarlavhasi ostida ijtimoiy tarmoqlarda bildirilgan fikrlar jamlangan materialni e'lon qildi.

Mazkur material yuzasidan tahririyatimizga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev tomonidan 23 noyabr sanasi bilan imzolangan ogohlantirish xati kelib tushdi.

Xatda AOKA tomonidan Facebook ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchisi Dilshod Odilov va yozuvchi Ulug‘bek Hamdamning postlaridan keltirilgan jumlalarga e'tiroz bildiriladi.

«Materialda elektr energiya hamda tabiiy gazni aholiga yetkazib berish bilan bog‘liq joylardagi muammolar bir tomonlama hissiyotga berilgan holda yoritilgan», – deb yoziladi ogohlantirish xatida va iqtibos keltiriladi.

«Tahririyat materialda mamlakatda tabiiy gaz qazib olishning pasayish sabablari, hukumat tomonidan aholiga elektr hamda tabiiy gaz va suyultirilgan gaz yetkazib berish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga, xususan, yoqilg‘i energetika kompleksini modernizatsiya qilish hamda iste'mol qilish sohasidagi qator islohotlarga atroflicha to‘xtalmagan», – deb yoziladi xatda.

Materialda keltirilgan post matnida hukumat haqida gap bormagan bo‘lsa ham, «O‘zbekiston hukumati aholiga nisbatan jinoyat sodir qilayotganlikda ayblangan», deya ta'kidlagan AOKA rahbari o‘z xatida.

Aslida, material energiya tashuvchilar bilan ta'minlash tizimida yuzaga kelgan muammolarga odamlar qanday reaksiya bildirayotgani haqida edi. Unda hukumatni ayblash maqsad qilinmagan. Materialdan, OAVga xos ravishda, voqelikni – bu o‘rinda ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolar tomonidan bildirayotgan fikr-mulohazalarni boricha ko‘rsatib berish ko‘zlangan.

Butun respublika bo‘ylab elektr energiyasi bot-bot va soatlab uzib qo‘yilayotgani – fakt. Buni ijtimoiy tarmoqlardagi dod-voylar va tahririyatimizga kelayotgan minglab murojaatlardan ham anglasa bo‘ladi.

Endi tasavvur qiling: koronavirus pandemiyasi hali tugagani yo‘q, davom etmoqda. Odamlarning uyida oddiy ovqat pishirish uchun svet va gaz yo‘q. Tadbirkorlarning ishi to‘xtab qolyapti, parrandasi, issiqxonadagi ekinlari nobud bo‘lyapti. Shunday sharoitda, OAV yoqilg‘i energetika kompleksini modernizatsiya qilish hamda iste'mol qilish sohasidagi qator islohotlarga atroflicha to‘xtalishi kerakmi?

Islohotlarni o‘tkazishga bevosita mas'ul idoralar o‘z vazifalarini belgilanganidek bajara olmasa ham, vaziyatni matbuot tomonidan hammasi zo‘r, hammasi joyida deb xaspo‘shlanishi qanday natijaga olib keladi? Holva degan bilan og‘iz chuchiydimi?

Qolaversa, yil davomida Kun.uz saytida yoqilg‘i energetika kompleksini modernizatsiya qilish hamda iste'mol qilish bo‘yicha qator maqolalar e'lon qilib borildi. Joylarda yangi gaz konlari ochilgani, tabiiy gaz qazib olish hajmi oshayotgani, elektr energiyasi uzatish tarmoqlari modernizatsiya qilinayotgani haqida tinimsiz materiallar e'lon qilib kelindi. Energetika vazirligi tomonidan uyushtirilgan press-turlarda Kun.uz muxbirlari ham qatnashdi va rasmiylar bergan ma'lumotlar aholiga yetkazib borildi.

Ikkinchidan, Energetika vazirligi va uning tarkibidagi tashkilot va korxonalarning axborot xizmatlari o‘z xabarlarida sohadagi holatni yaxshilash yuzasidan qilinayotan ishlar bo‘yicha berib borgan ma'lumotlari qanchalik rostligi bugungi kunda savol ostida qolmoqda. Aslida, AOKAning barcha e'tirozlari o‘shalarga nisbatan bo‘lishi kerak emasmidi?

OAVning bosh vazifalaridan biri – aholi muammolarini yuzaga olib chiqish, e'tiborga havola etishdir. Svet va gaz muammosi davlat rahbari o‘tkazayotgan yig‘ilishlarda ham, Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva va hukumat rahbari Abdulla Aripov tomonidan ham tilga olib o‘tildi.

«Ta'kidlash lozimki, KUN.UZ veb-saytidagi mazkur materialda muammoga bir tomonlama yondashuv, hissiyotga berilish, mamlakat hukumatini aholiga nisbatan jinoyat sodir etayotganlikda ayblash holatlari kuzatildi. Bu esa aholida mamlakat hukumati tomonidan ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan sa'y-harakatlarga nisbatan salbiy fikr-mulohazalar uyg‘onishiga sabab bo‘lib, mamlakatimizda aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularga farovon turmush kechirish uchun shart-sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga ishonchni susaytirishi mumkin.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda ta'kidlash joizki, umumfoydalanishdagi OAV sifatida davlat ro‘yxatiga olingan veb-saytlar sahifalarida keng ommaga mo‘ljallangan materiallar tarqatilishida ko‘tarilayotgan masalalar atroflicha o‘rganib chiqilishi hamda axborotlar xolisligi va ishonchliligi ta'minlashi maqsadga muvofiq hisoblanadi», – deb yozilgan xatda.

Qiziq paradoks: vaziyatni yaxshilash uchun mas'ul mutasaddilar islohotlarga ishonchni susaytirmas ekan-da, AOKA rahbarining fikricha, aziyat chekayotgan xalqning (ha, alamdan biroz) ehtirosli fikrlarini ommaga olib chiqqan sayt susaytirar ekanmi?

«KUN.UZ veb-sayti rahbariyati yuqorida ta'kidlab o‘tilgan axborotni tekshirmasdan joylashtirgan holatlari kelgusida takrorlanmasligi yuzasidan zarur chora-tadbirlar ko‘rmasa, uning davom etishi jiddiy huquqiy oqibatlarni keltirib chiqarishi haqida ogohlantiriladi», – deyiladi xat so‘ngida.

Kun.uz tahririyati AOKA bosh direktorining ushbu xatini jurnalistik faoliyat erkinligiga bosim o‘tkazish deb baholashini ma'lum qiladi.

Bu xatti-harakatdan Eski O‘zbekistonning isi kelmoqda, desak yanglishmagan bo‘lamiz.

So‘nggi paytlarda muammoni yaratgan mutasaddilar emas, uni ko‘tarib chiqqan matbuot xodimlarini ayblash oddiy holga aylanib bormoqda. Vaholanki, ushbu «kurash» jurnalistlarga emas, muammoning yechimiga qaratilsa, aholiga ko‘proq foyda keltirardi.

Xalqning katta qismini qiynayotgan muammo bor. U yozildi va yozilmoqda. Shu boisdan ham bu muammolar kerakli instansiyalarda eshitildi. Endi parlament ham, hukumat ham, tegishli vazirlik va idoralar ham muammoni bor bo‘yicha qabul qilib, uni bartaraf etish choralarini ko‘rishi maqsadga muvofiq.

Kun.uz qonun bilan belgilangan huquqlari doirasida, mavjud muammolarni xolis va shu bilan birga boricha yoritishda davom etadi.

Kun.uz tahririyati

Ko‘proq yangiliklar: