Imomali Rahmon mamlakatda o‘ndan oshiq kadrlar almashuvini amalga oshirdi

Jahon 20:44 / 24.11.2020 8489

Prezident matbuot xizmatining xabar berishicha, kadrlarni o‘zgartirish to‘g‘risidagi farmon bugun, 24 noyabr kuni imzolangan.

Jumladan, Tog‘li Badaxshon avtonom viloyati ma'muriy markazi Xorug‘ va mamlakat shimolida joylashgan Isfara shahri hokimlari, Rudakiy, Shahrinav, Fayzobod, Mo‘minobod tumanlari rahbarlari o‘z lavozimidan bo‘shatilgan. Ularning o‘rniga yangi rahbarlar tayinlangan.

Xabar qilinishicha, Kishvar Shamirov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan Xorug‘ shahri rahbarligidan ozod etilgan. Alisher Mirzonabot shu shahar rahbari vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan. Tayinlovga qadar, u Tog‘li Badaxshon avtonom viloyati rahbari o‘rinbosari vazifasida ishlab kelgan.

Akram Sulaymonzoda boshqa ishga o‘tganligi sababli Isfara shahri hokimi lavozimidan ozod etilgan. Bahovaddin Bahodurzoda shu shahar hokimi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlangan.

Boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan Rustam Akramzoda Rudakiy tumani rahbarligi lavozimidan ozod etilgan. Ismatzoda Azizullo Ubaydullo ushbu tuman rahbari etib tayinlangan.

Shahrinav tumani rahbari Nusratullo Ayubzoda boshqa ishga o‘tganligi sababli lavozimidan ozod etilgan. Uning o‘rniga Jabbor Nosirzoda tayinlangan.

Mirali Rajabzoda boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan Fayzobod tumani rahbari lavozimidan ozod qilingan. Uning o‘rnini Bobisho Xolzoda egallagan. Ushbu shaxs tayinlovga qadar Tojikiston prezidenti huzuridagi ijro apparatida qishloq xo‘jaligi va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi rahbari lavozimida ishlagan.

Xatlon viloyati Mo‘minobod tumani rahbari Tohirxon Amirshozoda lavozimidan ozod etilgan. Uning o‘rniga Lutfiya Sharifzoda tayinlangan.

Shuningdek, prezident farmoni bilan Abdufayoz Abdujabbor sudya lavozimida ishlash yoshi muddati tugagani uchun Konibodom shahar sudi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etilgan.

Bundan tashqari, Imomali Rahmon Tojikistondagi to‘rtta universitet rektorini ham almashtirgan.

Muxtor Fozilzoda boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan Tojikiston kon-metallurgiya instituti rektori lavozimidan ozod etilgan. Uning o‘rnini Mahmadali Baxtiyor Nabi egallagan.

Shuningdek, boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan Tojikiston davlat tillari instituti rektori Rajabzoda Mahmadullo vazifasidan ozod etilgan. Uning o‘rniga Jilo Gulnazarzoda tayinlangan.

Tojikiston Energetika instituti rektori Xayrullo Nazarzoda lavozimidan ozod etilgan. Uning o‘rniga Dilovarshoh Isozoda tayinlangan.

Shermamad Jonmamadov nafaqaga chiqqanligi sababli Xorog universiteti rektori lavozimidan ozod etilgan. Uning o‘rniga Gulzorxon Yusufzoda tayinlangan.

Azizullo Ismatzoda boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan hukumat huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi agentligi direktori lavozimidan ozod etilgan.

Ko‘proq yangiliklar: