Rossiyada pandemiya davridagi «ortiqcha» o‘lim holatlari soni koronavirusning «rasmiy» qurbonlari sonidan to‘rt barobar ko‘pligi ma'lum bo‘ldi 

Jahon 22:12 / 24.11.2020 5525

Rossiyada koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha operativ shtabning rasmiy statistikasidagi ko‘rsatkichlar ortiqcha o‘lim holati ko‘rsatkichlaridan keskin farq qilmoqda.

«Mediazona»ning yozishicha, 2020 yilning aprelidan oktyabriga qadar qayd etilgan o‘limlar soni Rossiyada so‘nggi besh yilda shu davrdagi o‘rtacha o‘limlar soniga nisbatan 120 mingga ko‘proq. Operativ shtab esa bu vaqt oralig‘ida 28,2 ming kishi koronavirusdan vafot etganini tasdiqlagan.

Apreldan sentyabrga qadar («Rosstat» mazkur oylar bo‘yicha to‘liq ma'lumot bergan) mamlakatdagi ortiqcha o‘lim holati 106 ming kishini tashkil etgan. «Rosstat»ning hisoblashicha, o‘tgan davr mobaynida koronavirusdan 55,6 ming odam vafot etgan; operativ shtab esa faqat 20,7 mingta o‘lim holati haqida xabar bergan.

Demograf Aleksey Rashka «Mediazona»ga bergan intervyusida ortiqcha o‘lim holatlarining barchasi ham koronavirus sababli yuzaga kelmagani, sog‘liqni saqlash tizimida yuklama ortib ketgani tufayli ham o‘lim ko‘payganini aytib o‘tgan: «Tezkor xizmatlar band – kimdadir infarkt, yana boshqasida nimadir. Rejali operatsiyalar keyinga qoldirilmoqda».

Qayd etilishicha, mamlakatning turli hududlari pandemiyaga bog‘liq o‘lim holatlarini turlicha tan olmoqda. Masalan, Tiva, Komi, Sankt-Peterburg, Moskva va Magadan oblastlari ortiqcha o‘limlarning deyarli barchasini koronavirusga bog‘lagan. Checheniston, Tatariston, Boshqirdiston, Lipetsk va Leningradda esa ortiqcha o‘lim holatlari bo‘yicha rasman hech qanday izoh berilmagan.

Epidemiya davrida eng og‘ir oy iyulda kuzatilgan – bu vaqtda Rossiyada umumiy o‘lim holatlari o‘tgan yillarning shu davriga nisbatan 21 foizga oshgan. Oktyabrda Rossiyaning 23 regionidagi mavjud ma'lumotlarga ko‘ra, o‘lim holatlari 32 foizga oshgani kuzatilgan. «Rosstat» oktyabr oyi bo‘yicha to‘liq statistikani dekabr oyida taqdim etadi.

  • 23 noyabr kuni Rossiyada 491 kishi koronavirus qurboni bo‘ldi - bu pandemiya davrida e'lon qilingan kunlik o‘lim holatlari soni bo‘yicha navbatdagi antirekorddir. Avvalgi antirekord 21 noyabr kuni qayd etilgandi, o‘shanda operativ shtab 467 o‘limni tasdiqlagan, keyingi kunlarda raqamlar sezilarli darajada pasaygan - yakshanba kuni 401, dushanba kuni 361 o‘lim holati qayd etilgan.
  • Shu bilan birgalikda, kunlik kasallanish holatlari bo‘yicha ko‘rsatkich biroz pasaydi - so‘nggi bir kunda 24 ming 326ta yangi holat ro‘yxatga olingan, bir kun oldin yangi holatlar soni ilk marta 25 mingdan oshgandi. O‘tgan haftaning juma kunida ilk marta 24 minglik nuqtadan o‘tilgandi.
  • Butun pandemiya davrida shtab 2 138 828 zararlanish holatini qayd etgan, shu vaqtgacha 1 634 671 bemor tuzalib chiqqan, 37 ming 31 bemor vafot etgan.
  • Rossiya koronavirusdan zararlanish holatlari soni bo‘yicha dunyoda AQSh, Hindiston, Braziliya va Fransiyadan keyin beshinchi o‘rinda bormoqda, o‘lim holatlari soni bo‘yicha esa 11-o‘rinda joylashgan.
Ko‘proq yangiliklar: