Mask Germaniyada elektromobillar uchun batareyalar ishlab chiqaruvchi dunyodagi eng katta zavodni qurmoqchi

Fan-texnika 23:00 / 24.11.2020 3841

Amerikalik milliarder va tadbirkor Ilon Mask Berlin yaqinidagi Tesla zavodida elektromobillar uchun batareyalar ishlab chiqaruvchi dunyodagi eng katta zavodni qurmoqchi. U bu haqda Yevropa batareya ishlab chiqaruvchilar konferensiyasida ma'lum qildi.

Kompaniyaning Gryunxayd shahrida qurilayotgan zavodida yiliga 500 mingga yaqin Tesla Model 3 va Tesla Model Y elektromobillari ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan. Shu bilan birga, ushbu zavod nafaqat elektromobillar, balki ular uchun batareyalar ishlab chiqaruvchi korxona ham bo‘ladi.

Hozirda Tesla kompaniyasi o‘z elektromobillari uchun batareyalarni Nevada shtatida, elektromobillarini esa Kaliforniyada ishlab chiqaradi. Kompaniya 2019 yilda Xitoyda ham elektromobillar ishlab chiqaradigan zavodini qurgan.

Avvalroq Mask uch yil ichida elektromobillar uchun akkumulyator batareyalarini bozorga hozirgidan ikki baravar arzon narxda chiqarishini aytgandi. 

Bloomberg milliarderlar reytingiga ko‘ra, Ilon Mask Amazon rahbari Jyeff Bezosdan so‘ng dunyoning ikkinchi badavlat odami bo‘lib turibdi. Uning boyligi 127,9 mlrd dollar deb baholanmoqda. 

Ko‘proq yangiliklar: