«Futbolchilarni xorijga sotish niyatida chaqirayotganim yo‘q». Vadim Abramov mag‘lubiyatlar, almashtirib bo‘lmas futbolchi va Lutfulla To‘rayevning yugurishi shart emasligi haqida

Sport 15:11 / 24.11.2020 21168

So‘nggi o‘yinlardagi mag‘lubiyatlar, milliy jamoadagi muammolar va muxlislarni qiziqtirayotgan bir qator savollar yuzasidan O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Vadim Abramov «Futbol plyus» radio eshittirishida mehmon bo‘lib, savollarga javob qaytardi. Tribuna.uz suhbatning asosiy qismini muxlislarga havola etadi.

O‘zbekiston milliy jamoasining 2020 yildagi so‘nggi yig‘ini haqida

- Afsuski, yig‘in doirasidagi ikki o‘yinda ham mag‘lubiyatga uchradik. Shu bois suhbatni aynan yig‘indagi mag‘lubiyatlar haqida boshlash hammaga ham yoqmasa kerak. Bu o‘yinlardagi asosiy maqsad g‘alaba bilan birga milliy jamoaga chaqirilgan futbolchilar holatini ko‘rib olish edi. Ammo hammasi biz o‘ylagandek kechmadi va ikki o‘yinda ham yutqazdik. Mag‘lubiyatlardan to‘g‘ri xulosalar chiqarishimiz kerak. Endi muhim bahslar oldidan o‘z muammolarimizni yaxshiroq bilib oldik.

Suriya va Iroq bilan mag‘lubiyatli o‘yindagi muammo va xulosalar

- Suriya bilan o‘yin boshidan maydonda 10 kishi bo‘lib qolib, kamchilikda to‘p surish borasida tajriba orttirdik. Son jihatdan kamchilik bo‘lsak-da, raqibdan qolishmadik. Ammo himoya markazimizdagi muammolar yana ko‘zga tashlandi. Avvalgi muammolar qanday bo‘lsa, o‘sha holida turibdi. Ha, himoyachilarimiz ko‘p, ammo sondan ko‘ra sifat muhimroq. Yegor Krimets ham milliy jamoa o‘yinlaridan oldin jarohat olayotgani tufayli himoya chizig‘i qanday ko‘rinish olishi haqida aniq tasavvurga ega emasmiz. Oldinda vaqtimiz bor, umid qilamanki bu muammoga yechim topa olamiz.

 Yana bir kamchiliklarimizdan biri tarkibdagi aksariyat yosh futbolchilarning kirishib ketishi uchun vaqt zarurligi. O‘yinlarimizdagi mag‘lubiyatga individual xatolarimiz sabab bo‘ldi. Qaysi futbolchi xatoga yo‘l qo‘yganini o‘zi biladi. Umid qilamanki, rasmiy o‘yinlarda bunday o‘ynamaymiz.

Himoya va hujumdagi muammolar haqida

- Markaziy himoya chizig‘i faqat bizda emas, juda ko‘p yetakchi klublarda ham muammo sanaladi. Shu bois, «Liverpul»dek klub ham van Deyk singari himoyachi uchun 100 million yevrodan ko‘proq mablag‘ sarfladi.

Markaziy himoyachilarni qanday tanlayman? O‘yinlar oldidan kim kuchli bo‘lsa, o‘sha himoyachini tanlayman. Islom To‘xtaxo‘jayevni yaxshi bilganim uchun Xitoydan chaqirgandim. U Iroq bilan bahsda asosiy tarkibda o‘ynashi kerak edi. Ammo o‘yindan bir kun oldin kutilmaganda choy ichayotganda oyog‘iga qaynoq suv to‘kildi va biroz kuydi.

Anzur Ismoilovning qaytarilishi? U qaror qilib bo‘ldi. O‘ylaymanki, u siz ham bir amallasak bo‘ladi. Igor Golban ham hali ishlash kerak. Rustam Ashurmatovni xatosi uchun darhol ayblamagan bo‘lardim. U ham uzoq safardan uchib keldi. Ancha vaqt o‘yin amaliyotisiz qoldi. Shunga qaramay, Superligadagi futbolchilarni ham xorijda to‘p surayotgan legionerlarimizdan qolishmaydi, deb ayta olaman. Ayniqsa, himoyachilarimiz. Mart oyida kim kuchli bo‘lsa, milliy jamoada aynan o‘sha o‘ynaydi.

Hujumdagi muammolar? Bu bugun paydo bo‘lgan emas, eski muammo. Gap shundaki, juda ko‘p klublarimiz bir hujumchi bilan o‘ynayotgani sababli hujumchilar muammosi yechimsiz qolmoqda. Yaxshi hujumchini mahalliylashtirish fikriga ham qo‘shilmayman. Chunki yaxshi hujumchi o‘z yurti milliy jamoasiga ham kerak. Shomurodovdan tashqari, Igor Sergeyev, Temurxo‘ja Abduxoliqov ham klubida yaxshi ishlashda davom etsa, hali bizga ko‘p yordami tegadi.

«Milliy jamoadagi almashtirib bo‘lmas? Yetakchi sifatida – Odil Ahmedov»

- Milliy jamoa uchun almashtirib bo‘lmas desa ham bo‘lar, ko‘proq yetakchi sifatida Odil Ahmedov kerak. Uning maydonda qanday holatda ekanligidan qat'i nazar bu futbolchilar ruhini ko‘taradi. Odilning zaxira o‘rindig‘i yoki kiyinish xonasida bo‘lishi shart emasdir, chunki u yerda men ham bo‘la olaman, ammo maydonda bo‘lishi muhim ahamiyatga ega. Shu bois asosiy bahslarda Odildan umidimiz katta.

Darvoza chizig‘idagi muammolar, 1-raqamli darvozabon kimligi haqida

- Darvozabonlar muammosi ham bizda bir necha yillardan buyon mavjud. Yodingizda bo‘lsa, 10 yillar oldin chempionatimiz o‘yinlarida legioner darvozabonlarga ruxsat bermay, faqat o‘zimizning darvozabonlarni o‘ynatish taklifi bilan chiqqandim. O‘shanda ko‘pchilik mening qarorimga qarshi chiqqandi. Negadir milliy jamoadan ketganimdan keyin esa o‘sha taklifim qabul qilindi. Shunga qaramay, bu qaror qandaydir effekt berganini sezganim yo‘q.

 Milliy jamoadagi 1-raqamli posboni «Paxtakor» darvozaboni Eldor Suyunov. Chunki Nesterovdan keyin aynan u eng ko‘p o‘yin amaliyotiga ega bo‘ldi. Darvozabon uchun tajriba muhim. Tajriba yordam bermasa, uning o‘rnida boshqa posbon o‘ynaydi.

 

Ne'matov? U yosh va yaxshi darvozabon. Ha, u xatoga yo‘l qo‘ydi, ammo kim ham xato qilmaydi? Shuningdek, «Lokomotiv» posboni Javohir Ilyosov ham yig‘inda menda yaxshi taassurot qoldirdi.

 Qo‘l ostimda darvozabonlar ko‘p xato qilishlaridan o‘zim ham hayron qolaman. Bizning o‘yin uslubimizda darvozabon zarur paytda so‘nggi himoyachiga aylana olishi, oyoq bilan yaxshi to‘p sura olishi kerak. Ammo bunday darvozabonlar juda kam. Jahon chempionatiga chiqishni istarkanmiz, zamonaviy futbol ko‘rsatishimiz shart. Futbolchilar meni tushunayotganliklariga hech qanday shubham yo‘q.

O‘tkir Yusupov? U bilan ham Farg‘onadagi faoliyatim davomida yarim yil ishlaganman. O‘tkirning kuchli va kuchsiz jihatlarini yaxshi bilaman. To‘g‘ri, u o‘tgan yillar davomida katta o‘sishga erishdi, ammo «Navbahor»dagi o‘yinlar bilan milliy jamoa safidagi o‘yinlar orasida farq juda katta. Buni avvalgi yig‘inlarda ham ko‘rganmiz. Bunday holat Golban bilan ham ko‘rinmoqda? Buni payqagan bo‘lsangiz yaxshi. Shu bois shunday o‘yinchilarni yig‘inda ko‘rib olayapmiz.

«Futbolchilarni xorijga sotish uchun o‘ynatmayman. Agent emas, murabbiyman»

- Ko‘pchilik Jasur Jaloliddinovning transferi masalasida gapirib yoki yozib chiqdi. Chunki ular uchun shuni ko‘tarib chiqish ko‘proq obro‘ keltirsa kerak. Menga esa bosh murabbiy sifatida Jaloliddinovning yangi klubda o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmayotgani ko‘proq tashvishlanarli holat. Ammo OAVga bu masaladan ko‘ra, uning qanchaga sotilgani va shunga o‘xshash masalalar qiziqroq bo‘lsa kerak.

Yozishlaricha, «Bunyodkor» futbolchilarini keyinchalik sotishim uchun O‘zbekiston milliy jamoasiga chaqirib, reklama qilayotgan ekanman. Bunga javoban aytmoqchiman – men bozorda emasman, murabbiyman, agent emas! Ularni sotish uchun chaqirmayman. Agar kimnidir sotmoqchi bo‘lsam, u holda «Bunyodkor»da kim bilan o‘ynayman? Futbolchisini sotadigan murabbiyni ko‘rganmisiz? Murabbiy yaxshi futbolchi sotib olishni istaydi, bu unga kerak. Ularni berib yuborish men uchun nimaga zarur? Ular qo‘l ostimda bo‘lishidan manfaatdorman. 

Xalqaro turnirlar ulkan bozor? To‘g‘ri, ammo bu men uchun emas, agentlar uchun shunday. Men uchun natija muhim. Har bir futbolchi o‘zini ko‘rsatishni va kuchliroq klubga yo‘l olishni istaydi, bu ularning orzusi. Mening orzum esa g‘alaba. Yaxshi futbolchini qo‘yib yuborib, keyin qanday yutishim mumkin?

Bosh murabbiylar futbolchini sotayotgani haqida eshitayapsiz? Murabbiylar emas, rahbariyat yoki agentlardir. Hech qaysi murabbiy futbolchilar oldi-sotdisida qatnashmaydi. Bilasizmi, «Bunyodkor» atrofida qancha agent aylanib yuradi? Barcha o‘yinchilarning o‘z agenti bor. Xurshid G‘iyosov transferini misol keltiraman. U qishda Janubiy Koreyadan taklif borligi va ketishini aytdi, uning shartnomasi tugagandi. Bizni esa oldinda Osiyo Chempionlar ligasi kutib turardi. U bilan bir soat shu masalada gaplashdik. Unga, «Qanaqa Koreya, G‘iyosov!? Qayerga shoshayapsan? Biz OChLda ishtirok etishimiz kerak. «Bunyodkor»ga yordam ber, turnirda kuchliroq klublar e'tiboriga tushishing mumkin» dedim. Uni qoldirishga har qancha intilmay, Xurshid Janubiy Koreyaga ketishini ma'lum qildi.

Shu bois, bizga futbolchini ushlab qolish muhim, uni sotish emas. Bunga Lutfulla To‘rayevni ham misol keltirish mumkin. Unda ham o‘tgan mavsum taklif bor edi. Uni qolishga ko‘ndirdim, yana bir yil yordami kerakligini aytdim. Chunki legionerlar kela olmaydigan vaqtda milliy jamoaga maydon markazida harakat qiladigan tajribali o‘yinchi zarur. Odil Ahmedov yo‘qligida Lutfullaning xizmati kerak bo‘ldi, buning ustiga Odil Hamrobekov hozirda jarohat olgan. Agar To‘rayev ketganida, kim bizga yordam berardi? Bu juda muhim chiziq.

Milliy jamoaga faqat «Bunyodkor» futbolchilarini chaqirayotganim yo‘q. Statistikaga qarang, «Bunyodkor»chilar jamoaning kuchsiz tomonidek ko‘rinyaptimi? Milliy jamoaga o‘g‘limni chaqirayotganim yo‘q, axir. Agar klub manfaatlarini o‘ylaydigan murabbiy bo‘lganimda Iroqqa qarshi o‘yinda «Bunyodkor» o‘yinchilarini maydonga tushirmagan bo‘lardim. Axir ikki kundan keyin bizni «Metallurg»ga qarshi o‘yin kutib turgandi.

Vadim Abramov «Bunyodkor»dan qachon ketmoqchi?

- Hozirgi paytda O‘zbekiston milliy jamoasining asosiy qismini «Paxtakor» futbolchilari tashkil etayotgani meni ko‘proq o‘ylantirmoqda. Bu milliy jamoa uchun katta minus. Bunaqada «Paxtakor» va O‘zbekiston milliy jamoasi o‘yinlarida Shota Arveladze bilan joy almashsak kifoya bo‘ladi, chunki tarkib o‘sha bo‘ladi. Uch kun ichida men tayyor tarkibga o‘z qarashlarimni singdira olmayman. Shu bois, «Bunyodkor»da ishlab O‘zbekiston milliy jamoasiga ko‘proq foydam tegishi mumkin. O‘zbekiston milliy jamoasi bilan hal qiluvchi bosqichga yetib kelsak, «Bunyodkor»dan o‘zim ketaman. Faqat milliy jamoa bilan shug‘ullanaman. Hozircha esa ikki jamoada ham ishlayotganimda hech qanday muammo ko‘rmayapman. Aksincha bu milliy jamoa uchun foyda.

«Lutfulla To‘rayev maydonda yugurishi shart emas»

- Lutfulla To‘rayevga ishonch bildirayotganimni bemalol tushuntira olaman. Birinchidan, u hali rasmiy o‘yinlarda maydonga tushganicha yo‘q. To‘g‘risi, o‘ynaganini eslolmayman. Aytishim mumkinki, Lutfulla hozirgi o‘ynayotgan pozitsiyasida O‘zbekistonning eng yaxshi futbolchilaridan biri. Uni reklama qilishni istamayman, chunki chetdan qaraganda bu boshqacha ko‘rinishi mumkin. Aytingchi, «Barselona»ni Busketsiz tasavvur qila olasizmi? Ammo u ham kimlargadir yoqmaydi. U ham maydonda deyarli piyoda yuradi. To‘rayev ham maydonda yugurishi shart emas, agar u to‘g‘ri pozitsiya tanlasa jamoaga ko‘proq foyda keltirishi mumkin. Qisqa davr ichida aynan uning atrofida yosh futbolchilarimiz qanday o‘sishga erishganiga e'tibor bering. U bizda yetakchi. Milliy jamoada Ahmedov va yana aksariyat yarimhimoyachilar yo‘qligi uchun aynan To‘rayev bu chiziq uchun kerak.

Yil boshida Belarus milliy jamoasiga qarshi o‘rtoqlik o‘yinimizda Lutfulla tarkibda bo‘lganida aminmanki, biz ularga mag‘lub bo‘lmasdik. Shunga qaramay, milliy jamoadagi har qanday muvaffaqiyatsizlik uchun toshlar menga qarata otilishini to‘g‘ri tushunaman va tarkibga Navkarovni chaqirsam ham, Lutfulla To‘rayevni chaqirsam ham bunga javobgar bo‘laman. Shunday ekan, barchasiga tayyorman va mas'uliyatni chuqur his qilgan holda Jahon chempionatiga chiqish uchun qo‘limdan kelgan hamma ishni qilaman.

Ko‘proq yangiliklar: