Rossiyalik diniy rahnamo: «YuNeSKO Tog‘li Qorabog‘dagi madaniy obidalar masalasida bir tomonlama qaror chiqarmasligi kerak»

Jahon 15:37 / 23.11.2020 4465

20 noyabr kuni rossiyalik bir guruh madaniyat arboblari YuNeSKO ga, Tog‘li Qorabog‘dagi nasroniy yodgorliklarni Butunjahon madaniy meroslar ro‘yxatiga kiritishni so‘rab murojaat yuborishdi. Murojaat qilganlar safida taniqli dirijyorlar Vladimir Spivakov, Teodor Kurentzis, musiqachi Boris Grebenshikov, rejissyorlar Aleksandr Sakurov, Aleksey German, Sarik Andreasyan, Eduard Boyakov, aktyorlar Andrey Merzlikin, Yana Poplovkaya, Konstantin Kryukov, arxitektor Yuriy Grigoriyan, Sergey Choban va yozuvchi Zaxar Prilepinlar bor.

Rossiya musulmonlari diniy boshqarmasi raisining birinchi o‘rinbosari Damir Muxetdinov rossiyalik madaniyat arboblarining Qorabog‘dagi moddiy yodgorliklarini saqlab qolish uchun YuNeSKO Butunjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritish haqidagi murojaatiga o‘z e'tirozlarini bildirdi.

«Rossiyalik madaniyat arboblarining Tog‘li Qorabog‘dagi moddiy yodgorliklarni saqlab qolish maqsadida YuNeSKOga jo‘natgan bir yoqlama murojaati meni hayron qoldirdi. Ular o‘z murojaatida Tog‘li Qorabog‘dagi nasroniy cherkovlarini madaniy meros deb hisoblashini bildirgan va musulmon yodgorliklarining tahqirlanishi hamda yo‘q qilinishiga ko‘z yumgan. Qolaversa, ularning murojaatida musulmon yodgorliklarini ham saqlab qolish kerakligi haqida umuman gap yo‘q», deb yozgan Damir Muxetdinov feysbukdagi sahifasida.

Muxetdinovning ta'kidlashicha, Tog‘li Qorabog‘ hududida armanlar tomonidan so‘nggi 30 yil davomida 67 ta masjiddan 63 tasi vayron qilingan.

Shu tufayli, u YuNeSKO ning e'tiborini vayron bo‘lgan musulmon obidalari masalasiga qaratish lozim deb hisoblaydi. Uning fikricha, YuNeSKO Tog‘li Qorabog‘dagi madaniy meros obektlarining diniy mansubligini hisobga olmasdan, yetarli ma'lumotga ega bo‘lmasdan mintaqa merosini himoya qilish bo‘yicha bir tomonlama qarorlar qabul qilishdan tiyilishi lozim.

Avvalroq Rossiya Tashqi ishlar vazirligi vakili Eleonora Mitrofanova «YuNeSKO ishtirok etgani bilan Tog‘li Qorabog‘dagi madaniy merosni saqlash jarayoni oson bo‘lmaydi. Sababi, Tog‘li Qorabog‘da Butunjahon madaniy meros obidalari yo‘q», deb aytgan edi.

Ayni paytda, Ozarboyjon Madaniyat vazirligi Shusha shahrining tarixiy markazini YuNeSKOning Butunjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha ish boshlanganini e'lon qildi. Vazirlik bundan oldin ham bir necha marta musulmon yodgorliklari bilan bir qatorda Tog‘li Qorabog‘dagi nasroniy merosi ham qayta tiklanishi va yuqori darajada himoya qilinishini bildirgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: