Koronavirus: Bill Geyts yangi pandemiyani bashorat qildi, Rossiyada yangi antirekord

Jahon 16:51 / 23.11.2020 36589

Jons Hopkins universiteti ma'lumotlariga ko‘ra, butun dunyoda Covid-19’dan kasallanganlar soni 58,2 mln kishidan oshdi. 1,38 mln bemor vafot etgan. Hamon AQSh, Hindiston, Braziliya, Fransiya va Rossiya kasallanish holatlari soni yuqoriligi bo‘yicha kuchli beshlikni to‘ldirib turibdi.

Rossiyada yangi antirekord

VLADIMIR SMIRNOV/TASS

Rossiya kunlik kasallanish holatlari bo‘yicha yangi antirekordni qayd etdi. So‘nggi bir kunda Covid-19 bilan zararlanish bo‘yicha kunlik holatlar soni ilk marta 25 mingdan oshdi - koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha operativ shtat yana 25 ming 173 kishida virus aniqlangani haqida ma'lum qilgan. Shtab shanba kuni 24 822, yakshanba kuni 24 581 kasallanish holati haqida ma'lum qilgandi. O‘tgan haftaning payshanba kunida ilk marta 23 minglik nuqtadan, juma kuni esa 24 minglik nuqtadan o‘tilgandi.

Rossiyada so‘nggi bir kunda 361 kishi koronavirus qurboni bo‘lib, jami qurbonlar soni 36 ming 540taga yetdi. Jami kasallanish holatlari soni 2 114 502tani tashkil etmoqda, shundan 1 611 445 kishi tuzalgan.

«Rospotrebnadzor» ma'lumotlariga ko‘ra, mamlakatda koronavirusni aniqlash bo‘yicha so‘nggi 24 soat ichida 520 mingta, umumiy hisobda esa 72,9 milliontadan ortiq test o‘tkazilgan.

Yakshanba kuni Rossiya xorijlik sportchilar, murabbiylar, hakamlar va jismoniy tarbiya sohasidagi boshqa mutaxassislarning oila a'zolariga mamlakatga kirish uchun ruxsat berdi.

Avgust oyida hukumat xorijlik sportchilar va murabbiylarning Rossiyaga kirishi bo‘yicha o‘rnatilgan taqiqni bekor qilgandi. Bu orqali xorijliklar mamlakat birinchiliklariga tayyorlanish uchun Rossiyaga kirish imkoniga ega bo‘lishgandi.

2009-2018 yillarda Xakasiya respublikasini boshqargan Viktor Mixaylovich Zimin 58 yoshida olamdan o‘tdi.

Viktor Zimin va Rossiya prezidenti Vladimir Putin Tuvada baliq ovi vaqtida, 2017 yil avgusti
ALEXEI NIKOLSKY/TASS

Zimin avgust oyi oxirida koronavirusga chalingani to‘g‘risida xabar bergandi. U 2018 yil sentyabrida ikkinchi tur saylovlaridan nomzodini qaytarib olgan, o‘shanda Kreml tomonidan qo‘llab-quvvatlansada, lavozimga qayta saylana olmagan to‘rt gubernatordan biri bo‘lgan, uning o‘rniga kommunistlar partiyasi vakili Valentin Konovalov kelgandi.

2020 yil iyunida Chuvashiyaning sobiq rahbari Mixail Ignatev ham koronavirus oqibatida vafot etgandi. Pandemiya davrida Rossiyada amaldagi gubernatorlardan 20 nafardan ortig‘i koronavirusga chalindi.

Britaniya cheklovlarni yumshatmoqda

Foto: Reuters

Britaniyada mahalliy hukumat Rojdestvogacha karantin choralarini yumshatishga va turli manzillarda yashovchi odamlar bir tom ostida yig‘ilishiga ruxsat berilishiga erishmoqchi.

Bundan maqsad, turli joylarda yashovchi qarindoshlar bayramni bir uyda nishonlashini ta'minlash hisoblanadi.

Hozirda amal qilayotgan karantin muddati 2 dekabrda nihoyasiga yetadi. Dam olish kunlarida hukumat karantinni uzaytirmaslikka qaror qilgani ma'lum bo‘ldi. Buning o‘rniga uch bosqichli cheklovlar tizimi kuchga kiradi.

Darajalarga tasniflash quyidagicha: o‘rtacha, yuqori va eng yuqori darajali xavfli. Cheklov choralar mamlakatning turli hududlaridagi epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib belgilanadi.

Bunday tizim mamlakatda oktabr oyi o‘rtalaridan buyon amal qilmoqda, ammo endi joriy qilinadigan cheklov choralari qat'iyroq bo‘ladi, uchinchi darajaga ko‘proq hududlar kiradi.

Bosh vazir Boris Jonson dushanba kuni o‘z rejasini taqdim etishi kutilmoqda, unda qarindoshlar yangi yil bayrami kunlari o‘zaro uchrashishiga ruxsat berilishi shartlari belgilangan.

«Kovid uchun qishki reja» nomini olgan bu konsepsiya tafsilotlari hozircha ma'lum emas, ammo taxminlarga ko‘ra, pablar va restoranlar soat 10dan keyin buyurtmalar qabul qilmaydi va soat 11da yopiladi - ungacha kelgan mijozlar uchun bir soat vaqt ajratiladi.

Bill Geyts yana bashorat qilmoqda

Amerikalik milliarder Bill Geyts insoniyatni yaqin kelajakda yangi pandemiya kutishi mumkinligi haqida gapirdi: eng yaxshi holatda 20 yildan keyin, yomon holatda esa - yaqin uch yilda. U bu haqda aktrisa Rashida Jons bilan birga o‘tkazilgan Bill Gates and Rashida Jones Ask Big Questions nomli yangi podkastida gapirgan.

«U [yangi pandemiya] hozirgiga qaraganda xavfliroq bo‘lmasligining asosiy sababi shundaki, biz tajribaga ega bo‘ldik. O‘sha payt harbiy mashg‘ulotlarga o‘xshash «pandemiya o‘yinlari»ni o‘tkazamiz va deyarli har bir davlat o‘z munosabatini bildiradi. Bunda barcha Janubiy Koreya yoki Avstraliya qilgan ishni amalga oshiradi - aholi tez testdan o‘tkaziladi, odamlar izolyatsiya qilinadi. Test o‘tkazish uskunalarimiz ham yaxshilanadi. Ikkinchi marta bu qadar ko‘p ahmoqlik qilmaymiz», degan u.

Dasturda AQShning yuqumli kasalliklar bo‘yicha bosh mutaxassisi Entoni Fauchi ham ishtirok etdi. 

Bill Geytsning emlashdan keyin ommaviy tadbirlarni o‘tkazishni boshlash va odatiy hayot tarziga qaytish qanchalik xavfsiz ekani haqidagi savoliga javoban Fauchi insoniyat vaksinalar va o‘rtacha cheklov choralari bilan uyg‘un tarzda normal hayotga asta-sekin qaytishi haqida aytib o‘tgan. 

«Agar 99 foiz samaradorlikka ega vaksina bo‘lganida va uni 99 foiz odam olganida, unda hammasi yaxshi bo‘lar edi. Ammo bu sodir bo‘lmaydi... Masalan, biz 75 foiz samaradorlikka ega vaksinani olib, uni 69 foiz aholiga bersak, virus tarqatishi mumkin bo‘lgan odamlar baribir juda ko‘p bo‘ladi», deya izohlaydi Fauchi. 

Shuningdek, u hozirgi pandemiya o‘z-o‘zidan tugamasligini aytdi: «Biz bu haqiqatni anglab yetishimiz kerak». 

Fauchi odamlar karantin choralariga amal qilishdan charchaganini tan olib, ularni taslim bo‘lmaslikka va ehtiyotkorlikni davom ettirishga, ya'ni niqob taqish, tez-tez qo‘llarni yuvish va odam ko‘p to‘plangan joylardan chetroq bo‘lishga chaqirgan.

Pfizer vaksinasi ikki ukol orqali qabul qilinadi / EPA/BIONTECH

Amerikaliklarni dekabrdayoq koronavirusga qarshi emlash boshlanadi
Amerikaliklarni koronavirusga qarshi emlash kampaniyasi 11 dekabrda boshlanishi mumkin. Bu haqda AQSh prezidentining vaksina ishlab chiqish bo‘yicha maslahatchisi Monsef Slaui ma'lum qildi.

U CNN’ga bergan intervyusida dori ma'qullanganidan keyingi 24 soat ichida vaksinalar partiyalarini emlash punktlariga yetkazishni boshlash rejalashtirilganini ma'lum qildi.

Gap Amerikadagi Pfizer farmatsevtika kompaniyasi va BioNTech hamkorligida tayyorlangan vaksina haqida ketmoqda.

Pfizer kompaniyasi Oziq-ovqatlar va dorilar sifati ustidan sanitar nazorat boshqarmasida (FDA) uchinchi bosqich sinovlarida 94 foizlik samaradorlik ko‘rsatgan vaksinasidan favqulodda vaziyatlarda foydalanish uchun ro‘yxatdan o‘tkazishga ariza bergan. Shu masala yuzasidan yig‘ilish 10 dekabrga belgilangan.

Pfizer shu yil oxirigacha 50 mln doza vaksina ishlab chiqarishni, keyingi yilga bu miqdor 1,3 mlrd dozaga yetkazilishini mo‘ljallamoqda. Har bir kishiga ikki doza - boshlang‘ich va kuchaytiruvchi dozalar beriladi.

AQShda antitanalardan qilingan kokteyl ma'qullandi. Undan Trampni davolashda foydalanishgan

AQSh Oziq-ovqatlar va dorilar sifati ustidan sanitar nazorat boshqarmasi (FDA) Regeneron Pharmaceuticals kompaniyasi tomonidan koronavirusni davolash uchun tayyorlangan preparat (REGN-COV2 antitanachalar kokteyli)dan favqulodda holatlarda foydalanishga ruxsat berdi.

AQSh prezidenti Donald Tramp kasallikdan sog‘ayishiga aynan shu preparat sabab bo‘lganini aytgandi. Kokteylga qo‘shilgan hujayralar abortdan keyingi embrion to‘qimalaridan olingan. O‘z navbatida, AQSh prezidenti ham, Oq uy ham bu boradagi tadqiqotlar o‘tkazishni taqiqlashga uringandi.

Preparat Covid-19’ning yengil yoki o‘rta darajasi bilan kasallangan, lekin kasallik asoratlanishi xavfi yuqori bo‘lgan bemorlarni davolash uchun tasdiqlangan. Oktabr oyi oxirida Regeneron kompaniyasi «xavfsizlik bilan bog‘liq muammolar» tufayli kokteyl sun'iy nafas oldirish apparatlariga ulangan og‘ir ahvoldagi bemorlar uchun qo‘llanmasligini ma'lum qilgandi.

Kaliforniyada komendantlik soati
Kaliforniyada koronavirus tarqalishini cheklash uchun shanba kunidan komendantlik soati amal qila boshladi (kechqurungi soat 22:00dan ertalabki soat 5 gacha).

Los Angeles Times xabariga ko‘ar, shtatda hozirda vaziyat avgust oyidagidan ham ko‘ra yomonroq.

AQShda so‘nggi bir kunda 2 mingdan ortiq bemor vafot etgan - bu may oyidan buyon eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.

Jons Hopkins ma'lumotlariga ko‘ra, mamlakatda shu vaqtgacha 12 milliondan ortiq kishi koronavirusga chalingan, 255 mingdan ortiq bemor vafot etgan.

O‘tgan haftaning juma kunida 187 ming yangi holat haqida e'lon qilingandi - bu kunlik o‘sish bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lib turibdi.

Bir necha shtatlarda niqob taqish majburiyligi joriy etilgan, virus tarqalishini kamaytirish uchun boshqa qo‘shimcha choralar ham kiritilgan. Texasda milliy gvardiya o‘likxonalarga yordam uchun El-Pasoga qo‘shimcha yordam yuborishiga to‘g‘ri keldi.

Ko‘proq yangiliklar: