Koronavirus: britan vaksinasi samaradorligi 70 foizga baholandi, uning boshqa vaksinalarga qaraganda afzalliklari bor

Jahon 21:20 / 23.11.2020 8764

Bu bir vaqtning o‘zida ham muvaffaqiyat, ham muvaffaqiyatsizlikdir, chunki Pfizer va Moderna kompaniyalarining vaksinalari 95 foizlik himoyani ta'minlashi ma'lum bo‘lgandi. Rossiyadagi Sputnik V vaksinasi samaradorligi esa 92 foizga baholangan.

Shu bilan birga, britaniyaliklarning vaksinasi sezilarli darajada arzon, uni haddan tashqari past haroratda saqlash talab qilinmaydi, shu tufayli uni dunyoning istalgan burchagiga osonlik bilan yetkazib berish mumkin. Ishlab chiqaruvchilarning ma'lum qilishicha,vaksinani Tselsiy bo‘yicha 2-8 darajada saqlash va yetkazib berish mumkin, vaksinatsiya jarayoni esa alohida sharoitlarni talab qilmaydi.

«Bugungi xabar bizni bu virusning halokatli oqibatlarini tugatishimiz mumkin bo‘lgan vaqt tomon yanada yaqinlashtirdi», dedi yangi vaksina ishlab chiqaruvchilaridan biri bo‘lgan professor Sara Gilbert.

AstraZeneca Britaniya uchun yil oxiriga qadar 4 mln doza vaksina tayyorlashni rejalashtirgan, 2021 yil bahoriga qadar esa bu miqdor 40 mln dozaga yetkaziladi. Butun dunyo uchun esa kompaniya 3 mlrd doza vaksina tayyorlab bermoqchi.

Xavfsizlik bo‘yicha talablar bajarilgani, samaradorligi va ishlab chiqarish standartlariga javob berishi tasdiqlaganidan keyin emlash boshlanishi mumkin.

Ushbu vaksina sinovlarida Britaniya va Braziliyada 20 mingdan ortiq ko‘ngilli ishtirok etgan.

Sinovlar natijasida ma'lum bo‘lishicha, bir oy farq bilan ikki marta kuchli doza berilganida samaradorlik 62 foizga teng bo‘ladi, agar dastlab kichik doza berilib, bir oydan keyin doza oshirilganida samaradorlik 90 foizgacha yetishi mumkin.

«90 foiz - bu juda qiziq natija, bu shuni anglatadiki, agar biz birinchi inʼeksiya vaqtida dozaning faqat yarmini bersak, bizda ko‘proq vaksina bo‘ladi», degan BBC bilan intervyuda klinik sinovlarga mas'ul bo‘lgan professor Endryu Pollard.

Vaksinaning asosini odamlarda xavf tug‘dirmaydigan, shimpanzelarda shamollashni qo‘zg‘atuvchi virus tashkil etadi. Shu bilan birga, bu virus genetik jihatdan shunday o‘zgartirilganki, inson organizmi uni COVID-19 koronavirusi sifatida qabul qilmoqda.

Vaksina 14 kun davomida organizmning sog‘lom hujayralarini zararli virus hujayralariga hujum qilishga undagan. Antitanalar virusni 28 kun ichida zararsizlantirgan.

Bu virus odamlarga yuqmasligi uchun o‘zgartirilgan, u matritsalarni inson organizmiga olib kiradi, matritsalar esa koronavirusning boshoqli oqsillarini ishlab chiqaradi, immun tizimi ularni taniydi va ularga qarshi kurasha boshlaydi.

AstraZeneca pandemiya davrida vaksinadan foyda olish niyatida emasligini va uning bir dozasi uchun 4-5 dollar narx belgilashini bildirgan.

Taqqoslash uchun, Johnson & Johnson vaksinasi 10 dollar, Pfizer vaksinasi 19,5 dollar, Moderna vaksinasi esa 25-37 dollar atrofida bo‘ladi. Bundan tashqari, AstraZeneca vaksinasini oddiy muzlatkichda ham saqlash mumkin. Pfizer va Moderna vaksinalarini saqlash uchun esa ancha past harorat talab qilinadi. Masalan, Pfizer vaksinasi minus 70 daraja haroratda saqlanishi lozim.

Ko‘proq yangiliklar: