Qashqadaryo viloyatida kadastr hujjatlari rasmiylashtirilmagan ko‘chmas mulk obektlari xatlovdan o‘tkaziladi

O‘zbekiston 08:39 / 21.11.2020 9569

Vazirlar Mahkamasining “Qashqadaryo viloyati hududida yer hisobini yuritish hamda jismoniy va yuridik shaxslarning yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Hujjatda qayd etilishicha, Qashqadaryo viloyati bo‘yicha yer hisobini yuritish va yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ishlari qoniqarsiz olib borilgan.

Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi Qashqadaryo viloyati hokimligi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2021 yil 1 martga qadar:

Qashqadaryo viloyatida kadastr hujjatlari rasmiylashtirilmagan ko‘chmas mulk obektlarini xatlovdan o‘tkazadi;

Qashqadaryo viloyatida mavjud bino va inshootlar hamda yer turlari, o‘lchami, chegarasi va huquq egalari haqidagi barcha ma'lumotlar Kadastr agentligining onlayn geoportaliga kiritilishini tashkil etadi.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq Qashqadaryo viloyatida:

a) 2020 yil 25 noyabrdan boshlab 2021 yil 1 martga qadar:

  • xatlov jarayonida ko‘chmas mulk obektlariga yashil, sariq va qizil kadastr yig‘majildini (pasportini) tayyorlash tizimi joriy etiladi;
  • ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lgan ko‘chmas mulk obektlariga yashil kadastr yig‘majildi (pasporti) tayyorlanadi;
  • yer uchastkasi, bino va inshootlarga bo‘lgan mulk huquqi belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan ko‘chmas mulk obektlariga sariq kadastr yig‘majildi (pasporti) tayyorlanadi;
  • huquqi belgilanmagan va yer uchastkalaridan huquqni belgilovchi hujjatlarsiz foydalanilayotgan, o‘zboshimchalik bilan qurilgan bino va inshootlarga qizil kadastr yig‘majildi (pasportini) tayyorlanadi;
  • ko‘chmas mulk obektlariga tayyorlangan qizil va sariq kadastr yig‘majildi (pasporti) faqatgina ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organlarida hisobga olish va ma'lumotlar bazasi shakllantirish hamda ushbu ko‘chmas mulk obektlariga soliq solish maqsadida foydalaniladi va ko‘chmas mulkni oldi-sotdi qilish, ayirboshlash, meros, hadya va boshqa turdagi begonalashtirish, shuningdek, ko‘chmas mulk obektiga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun asos hisoblanmaydi;
  • Kadastr agentligi huzuridagi Davlat kadastrlari palatasining Qashqadaryo viloyati boshqarmasiga ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni birlamchi kadastr yig‘majildini (pasporti) istisno tariqasida ariza olmasdan tayyorlashga ruxsat beriladi;

b) 2021 yil 1 aprelga qadar:

  • moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalarning ro‘yxatlariga (“temir daftar”) kiritilgan jismoniy shaxslarga kadastr yig‘majildlarni (pasportlarni) tayyorlash bepul asosda amalga oshiriladi;
  • jismoniy va yuridik shaxslarga xatlov davrida kadastr yig‘majildlarni (pasportlarni) tayyorlash uchun to‘lov miqdorlari qonun hujjatlarida belgilangan miqdorlardan 50 foizga kamaytirilgan holda amalga oshiriladi;
  • jismoniy shaxslarga, fermer va dehqon xo‘jaliklariga tegishli ko‘chmas mulk obektlariga bo‘lgan huquqlarni birlamchi davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bepul asosda amalga oshiriladi.
Ko‘proq yangiliklar: