Angliyada Mourino – Gvardiola, Ispaniyada «Atletiko» – «Barsa», Italiyada peshqadamlar to‘qnashuvi. Hafta o‘yinlari anonsi

Sport 12:40 / 21.11.2020 12926

Ayniqsa, top klublar dekabr oyida har uch kunda maydonga tushadilar. Dastlabki kunlardan esa, bizni bir qator qiziqarli uchrashuvlar kutib turibdi. «Pichoqqa ilinadigan»lari bilan tanishing.

VILYaRReAL – ReAL MADRID (21 noyabr, 20:15)

Madridliklar mavsumni u qadar ishonchli boshlashmadi. Turnir jadvalida «Real» yo‘qotilgan ochkolar bo‘yicha 3-o‘rinda bo‘lsa-da, so‘nggi o‘yinda Valensiyadagi yirik mag‘lubiyat hamda yaqin taqvimda jamoani bir qator og‘ir uchrashuvlar kutib turgani Zidanning vazifasini yanada og‘irlashtiradi. «Real» keyingi 25 kun ichida 8 uchrashuvda maydonga tushadi. Bu to‘qnashuvlarda «Real» YeChL dagi og‘ir ahvolini o‘nglashi, shuningdek, «Vilyarreal», «Sevilya», «Atletiko» va «Atletik» kabi jamoalarga qarshi maydonga tushishi kerak. Mana shu mas'uliyatli oyda Madrid klubining muhim turnirlardagi imkoniyatlari yuzaga chiqadi.

«Vilyarreal» mana shu sinovlarning dastlabkisi. Emeri jamoasi yozda bir qator e'tiborli xaridlar bilan kuchaydi. Mavsum boshida «Barselona»dan mag‘lub bo‘lgach, barcha musobaqalardagi keyingi 10 uchrashuvni mag‘lubiyatsiz o‘tkazib, 8tasida g‘alaba qozondi. Bundan tashqari, «Vilyarreal» ayniqsa, uy uchrashuvlarida «Real» uchun juda noqulay raqib ekanini ham e'tirof etish kerak. Madridliklar «Estadio de la Keramika»da oxirgi 5 o‘yinning atigi 1 tasida g‘alaba qozonishgan, oxirgi uch o‘yin bir xil – 2:2 hisobida yakuniga yetgan.

Tarkiblarga to‘xtaladigan bo‘lsak, mehmonlarda yo‘qotishlar ancha ko‘p. Markaziy himoya endigina izga tushgan paytda, Ramos ham, Varan ham milliy jamoa safidagi o‘yinlarda jarohat olishdi va birinchi taymda almashtirilishdi. Jarohatlarning qay darajada jiddiyligi ma'lum emas, ammo bu o‘yinda Ramos ishtirok etmasligi aniq, Varanning esa tayyor bo‘lish ehtimoli juda past. Shuningdek, avvalroq Mendi, Odriosola, yarimhimoyada Vaskes, Kazemiro, Valverde kabi futbolchilar ham jarohat olishgandi. Karim Benzema ham «Real»ga yordam bera olmaydi. Mezbonlar safida esa, Xayme Kosta va Xuan Foytning holati so‘roq ostida, Alberto Moreno esa, bahorgacha safdan chiqqan.

Har ikki klub ham kelasi haftada yevrokuboklarda maydonga tushadilar. «Vilyarreal» yuz foizlik natija bilan Yevropa ligasi guruhida peshqadamlik qilayotgan bo‘lsa, «Real» yuqorida aytilganidek, YeChL da ancha masalani hal qilishi kerak. Chorshanba kuni Zidan shogirdlarini «Inter» kutib turibdi.

TOTTeNHEM – MANCheSTeR SITI (21 noyabr, 22:30)

Joze Pepga qarshi. O‘z vaqtida bu bahs nafaqat ma'lum bir chempionatning, balki butun Yevropaning asosiy qarama-qarshiligiga aylangandi. Murabbiylarning nafaqat yutuqlari, balki futbolga bo‘lgan munosabati, xarakteri va g‘oyalari tomonidan ham bu ikki shaxs go‘yoki ikki qutbga aylangandi. Hozirda Angliyada Pepni ko‘proq Klopp bilan qiyoslashmoqda, ammo «Tottenhem»ning so‘nggi paytlardagi ishonchli o‘yinlari va aksincha, «Manchester Siti»dagi ba'zi muammolar tufayli, bu o‘yin ham juda qiziqarli va shiddatli o‘tishi kutiladi. Shu yilning fevralida londonliklar g‘alaba qozonganliklari, odatiy ravishda Mourinoning ikkinchi mavsumlari ancha muvaffaqiyatli kechishini ham inobatga olsak, «Tottenhem» tomoniga yana bir-ikki tanga tashlanadi. Umuman so‘nggi ikki yilni olsak, «Tottenhem» o‘tgan mavsumda 4 ochko olishga muvaffaq bo‘ldi, Chempionlar Ligasida «shaharliklar»ni chiqarib yubordi.

Lekin «Tottenhem»ning bugungi peshqadamligi ham aslida biroz aldamchi bo‘lishi mumkin. Tan olish kerak, jamoa ancha oson taqvimda o‘ynadi hamda Son va Keynning individual mahorati ham ko‘p jabhada qo‘l keldi. Kuchsizroq jamoalarda ushbu yulduzlarni zararsizlantirish uchun yetarlicha malaka yetishmagan bo‘lsa, kuchli jamoalar buni eplashlari mumkin. «Tottenhem»ning yaqin bir oydagi uchrashuvlari – «Manchester Siti», «Arsenal», «Chelsi», «Liverpul» va «Lester»ga qarshi kechadi. Mana shu o‘yinlar «Tottenhem» va Joze ambitsiyalarini belgilab beradi.

Milliy jamoalar bilan bog‘liq tanaffus oqibatlari «Tottenhem»ni ham chetlab o‘tmadi. Mett Doerti bir necha haftaga safdan chiqdi. Shuningdek, Lamela, Ndombele Bergveynlarning ham tayyor bo‘lishlari so‘roq ostida. Ammo Son va Keynda muammo yo‘q, asosiysi shu. Mehmonlarda esa, Aguero ham, uning o‘rnini bosishga harakat qilib kelgan Sterling ham maydonga tushishlari so‘roq ostida. Natan Ake kelasi oyda tiklanadi. Benjamin Mendi ham hali tiklanib ulgurmadi, ammo Gvardiolada qanot himoyachilari «tiqilib yotibdi»

ATLeTIKO – BARSeLONA (22 noyabrga o‘tar kechasi, 01:00)

Xuddiki, iloji bo‘lganda, «Barselona» shu yil futbol o‘ynab turmaslikkayam rozi bo‘ladigandek tuyuladi. Rahbariyat saylov harakatlari-yu, futbolchilarning maoshlarini qirqishni rejalashtirish bilan ovora, Messi ketish uchun yozni kutyapti, Kuman hamon optimal jamoasini tasavvur ham qila olmayapti. Yagona yorqin nuqta Ansu Fati ham afsuski, uzoq muddatga safdan chiqdi. Shu pallada, liganing eng barqaror klubi maydoniga safar qilish ayni muddao emasdi.

Ha, Simeone jamoasini chempionatning soyadagi peshqadami deyish mumkin. Agar qoldirilgan o‘yinlarni yutsa, «Atletiko» yakkapeshqadam, «Atletiko» ligada eng kam – atigi 2 marotaba gol o‘tkazib yuborgan. «Atletiko» - hozircha La Ligada mag‘lubiyatga uchramagan yagona jamoa. Faqatgina «Sosedad» ko‘proq gol urgan, ammo madridliklarning zaxirasida ikki uchrashuv turibdi. Xullas, hozircha «Atletiko» peshqadamlar ichida eng barqaror, kuchli va chempionlik uchun asosiy da'vogardek ko‘rinyapti.

Lekin shuncha gapni chippakka chiqaradigan bir fakt borki, biz doim bu to‘qnashuvlarda eslashdan charchamaymiz. «Atletiko» 11 yildan beri La Liga doirasidagi uchrashuvlarda «Barselona»ni mag‘lub eta olmayapti. Chempionlar Ligasida g‘alaba bo‘lgan, Superkubokda ham, esingizda bo‘lsa, aynan «Atletiko» Valverdening iste'fosiga so‘nggi toshni qo‘ygandi. Ammo aynan La Liga bahsiga kelganda, haligacha «Atletiko» bu dovonni oshib o‘ta olgani yo‘q.

Jarohatlarga to‘xtalsak, mehmonlarda Fatidan tashqari, Serxio Buskets ham bir necha haftaga safdan chiqqandi. Mezbonlarda esa, hujum chizig‘ida jiddiy yo‘qotishlar bor – Kosta ham, Suares ham jamoasiga yordam bera olmasligi ehtimoli bor. Ektor Errera yana bir oygacha safga qayta olmasa, Lukas Torreyrada ham muammolar bor.

LIDS YuNAYTeD – ARSeNAL (22 noyabr, 21:30)

Angliyaning bugungi kundagi eng beqaror klublari o‘rtasidagi uchrashuv ham juda qiziq kechishi tabiiy. «Lids» oxirgi to‘rt o‘yindan uchtasini boy berdi, ammo bir g‘alaba o‘sha pallada turnir jadvalini boshqarib turgan «Aston Villa» ustidan yirik hisobda qo‘lga kiritildi. «Arsenal»ning «Old Trafford»dagi ishonchli g‘alabasi barcha mutaxassislarning olqishiga sazovor bo‘lgandi, ammo hafta o‘tib, o‘sha «Aston Villa» Londonda mezbonlar darvozasiga javobsiz uchta gol kiritgandi. «Lids»dagi bu sakrashlarning sababi, ko‘proq Belsaning xarakteri, o‘z uslubidan voz kechmasligi sabab bo‘lsa, Arteta g‘oyalari bir qator kuchli ijrochilarga ehtiyoj sezmoqda. Yosh va tajribasiz futbolchilar har doim ham ishonchni oqlay olishmayapti.

Bu qarama-qarshilik asr boshlarida APLning o‘ziga yarasha klassik to‘qnashuvlaridan biriga aylangandi. So‘nggi yillarda esa, tomonlar faqat Angliya kubogi bahslarida bahslashishmoqda. Masalan, shu yilning boshida kubok doirasida qur'a bu ikki jamoani ro‘para qilgan, o‘yin 1:0 hisobida «Arsenal» g‘alabasi bilan tugagan.

Yo‘qotishlar har ikki tomonda ham yetarli. «Arsenal» milliy jamoa yig‘inlarida markazdagi ikki asosiy kuchidan ayrildi. Tomas Parti jarohatlangan bo‘lsa, Muhammad El-Neni milliy jamoa yig‘inida koronavirus yuqtirib olgani aytilmoqda. Mezbonlardan esa asosiy yo‘qotish hujumchi Rodrigo bo‘lishi mumkin. Uning maydonga tushishi shubha ostida. Diyego Lorente ham jarohatlangan.

LIVeRPUL – LeSTeR (23 noyabrga o‘tar kechasi, 00:15)

«Liverpul» omadsizliklar girdobiga shu qadar kirib qoldiki, yaqinda Yurgen Klopp jarohatlansa ham, hech kim hayron qolmasa kerak. So‘nggi ikki mavsumda yetakchilarning jarohatlari deyarli sodir bo‘lmagan jamoada ayniqsa, himoyachilar birin ketin safdan chiqishmoqda. Avvaliga van Deyk, keyin Trent, Gomes, Roberson jarohatlanib, keyin ularni o‘rnini to‘ldirishi mumkin bo‘lgan Henderson va Fabinoda ham muammolar paydo bo‘ldi. Keyin navbat yoshlarga keldi – Uilyams Angliya yoshlar tarkibidan erta qaytdi. Sanalgan nomlar ichida faqat Roberston va Uilyamsning yakshanba oqshomiga qadar tayyor bo‘lish ehtimoli bor xolos. Shuningdek, Muhammad Salohning ham virus tufayli kamida o‘n kun o‘ynay olmasligi aytilmoqda. U Angliyada qayta analiz topshirishi kutilyapti. Alkantara va Oksleyd oy oxirida mashg‘ulotlarga qaytishadi. Mana sizga 10 futbolchi, butun tarkib.

«Lester»ning ham bu borada o‘z dardi bor. Bu yerda ham himoya chizig‘ida. Chag‘lar Suyunji, Rikardo Pereyra, Timoti Kastan va Uesli Fofana kabi futbolchilarning barchasi ushbu o‘yinda qatnasha olmaslik ehtimoli mavjud.

«Lester» 8 o‘yindan 18 ochko jamg‘argan bo‘lsa, «Liverpul»da atigi 1 ochkoga kam. 2-o‘rindagi «Tottenhem»ni bu turda «Manchester Siti» bilan qiyin uchrashuv kutib turganini e'tiborga olsak, «Liverpul» ushbu o‘yinni g‘alaba bilan yakunlasa, yakka peshqadamga aylanib olish ehtimoli katta. O‘z navbatida, peshqadamlikni mustahkamlash imkoniyati «Lester»da ham bor. Yana bir intrigalardan biri «Lester» bosh murabbiyi Brendon Rojyers o‘z vaqtida «Liverpul»ni boshqargan va chempionlikka ham sal qolgan. Sobiq jamoasiga qarshi o‘yin ushbu murabbiy uchun ham alohida tayyorgarlikni talab qilishi shubhasiz. O‘zaro o‘yinlarga qaralsa, «Lester» 6 o‘yindan buyon «Liverpul» ustidan g‘alaba qozona olmayotganini ta'kidlash joiz.

NAPOLI – MILAN (23 noyabrga o‘tar kechasi, 00:45)

Aytish mumkinki, Italiya chempionatida bu mavsumning eng yorqin ikki jamoasi bu turda ro‘baru keladi. «Milan» oxirgi uch o‘yindan ikkitasini durang bilan yakunlagan bo‘lsa-da, hamon A Seriyada yakka karvonboshi va mag‘lubiyat nimaligini bilmayotgan ikki jamoadan biri bo‘lib turibdi. Agar «Napoli»ga Turinga borishga pandemiya to‘sqinlik qilmaganda, ya'ni texnik mag‘lubiyat yozilib, ustiga yana bir ochko chegirilib tashlanmaganda, «Milan»ning asosiy ta'qibchisiga aylanardi. Bu holat bo‘yicha «Napoli» sudga ariza berdi. Shu holatda ham, «Napoli» ushbu o‘yinda g‘alaba qozonsa, «Milan»ga ochkolar bo‘yicha yetib olishi va to‘plar nisbatiga ko‘ra peshqadamga aylanib olishi ham mumkin.

Qiziq tomoni agar o‘zaro o‘yinlarga qaralsa, so‘nggi uchrashuvlar ayniqsa, juda murosasiz kechgan. Oxirgi 6 o‘yinning 4 tasida durang qayd etilgan. Tabiiyki, har ikki jamoa ham, shunchaki, raqobat qilmasdan, hali «Yuventus» o‘ziga kelguncha, imkon qadar ko‘proq ochko jamg‘arib olishga harakat qilishadi. Durang hech qaysi tomonni qoniqtirmaydi. «Milan»ning Neapolda g‘alaba qozonmaganiga esa roppa rosa 10 yil bo‘ldi.

Mezbonlar safida Elsaid Xyusay va Viktor Osimhenlarda jarohat bor. Ushbu futbolchilar bir necha hafta jamoaga yordam bera olishmaydi. Milanliklarda esa, yo‘qotishlar yo‘q.

BOShQA E'TIBORLI O‘YINLAR

21 noyabr. Nyukasl – CheLSI (17:30), BAVARIYa – Verder (19:30), SeVILYa – Selta (22:30), Herta – BORUSSIYa D (22 noyabrga o‘tar kechasi, 00:30), YuVeNTUS- Kalyari (22 noyabrga o‘tar kechasi, 00:45) MANCheSTeR YuNAYTeD – Vest Bromvich (22 noyabrga o‘tar kechasi, 01:00)

22 noyabr. Fulhem – EVeRTON (17:00), INTeR – Torino (19:00), ROMA – Parma (19:00).

Ko‘proq yangiliklar: