Tanqiddan so‘ng boshlangan ishlar. Qashqadaryoda sug‘orish tizimlari qay tarzda sozlanmoqda?

O‘zbekiston 07:36 / 20.11.2020 6022

Nega aynan bir sohaning kamchiligi baland minbarlarda aytilganidan keyingina ma'sul shaxslar bu muammolarini bartaraf qilish uchun qimirlab qolishadi? Nega ular bu kamchiliklarni bartaraf etish uchun o‘z vaqtida chora ko‘rishga uquvsiz yoki bo‘lmasa beparvo?

Nima bo‘lganda ham, ishga mas'uliyat bilan yondashilganida, viloyatdagi 38 ming gektar yer maydonlari bugungi kunda yaroqsiz holga kelib qolmas, 45 foiz yerlarning sho‘rlanib ketishining oldi olingan bo‘lardi.

Shavkat Mirziyoyev shu yilning 12–13 noyabr kunlari Qashqadaryo viloyatiga qilgan tashrifi chog‘ida hududdagi irrigatsiya va melioratsiya holatini keskin tanqid qilganidan keyin ham mazkur sohadagi mas'ullar yetarli xulosa chiqarmagan ko‘rinadi, chog‘i.

Misol uchun, Qashqadaryo viloyatida namunaviy markaz sifatida Nishon tumani tanlab olindi. Ushbu tumanda jami 30,6 km xo‘jalik kanallari, 2188 km ichki sug‘orish tarmoqlari mavjud bo‘lib, 2020 yil 1 sentyabrdan 2021 yilning 1 apreligacha 28,5 km qismini mexanizm bilan tozalash rejalashtirilgan.

17 noyabr holatiga ko‘ra, bu rejaning 5,5 km qismida tozalash ishlari amalga oshirilgan. Shuningdek, 680,5 km uzunlikdagi kanallarni tozalash ishlari rejalashtirilgan bo‘lib, hozirda 106 km masofada hashar tashkil qilinib, tozalash ishlari olib borilmoqda.

Hashar ishlariga turli tashkilotlardan 25 ga yaqin texnika jalb qilingan. 500 dan ortiq suv xo‘jaligi xodimlari ta'mirlash-tozalash ishlariga safarbar etilgan.

Lekin o‘rganish davomida namunaviy hudud sifatida tanlab olingan Nishon tumanida ishlar bemaqsad olib borilayotganiga guvoh bo‘ldik. Agar vaziyat o‘nglanmaydigan bo‘lsa, keyingi yilning shu davrida 38 ming gektar yaroqsiz holga tushib qolgan dala maydonlariga qo‘shimcha yana bir necha ming gektar yerlarning sifatiga havas qilib bo‘lmasligi oydinlashib bormoqda.

«Prezident tanqid qildi» deya, 500 nafardan ortiq ishchilarni hashar ishlariga bemaqsad olib chiqishdan biror ma'no bormikan?

Avvalo viloyatda irrigatsiya va melioratsiya holatining yaxshilanishiga hissa qo‘shadigan aniq manzilli dastur ishlab chiqilsa, yaroqsiz holga kelib qolgan yerlardan kelgusida unumli foydalanishiga zamin yaratilgan bo‘lmasmidi?

Qishloq xo‘jaligida vujudga kelgan muammolarning bartaraf etilishi, albatta, amaldorlardan ko‘ra, oddiy aholiga ko‘proq foydali bo‘ladi. Shu boisdan ham hududning tabiiy sharoitidan kelib chiqqan holda manzilli ishlar olib borilsa, mazkur sohada qilayotgan ishlar yakunda o‘z samarasini ko‘rsatmay qolmaydi.

Ilyosbek Mahmudov,
Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: