Nikohlanuvchi yoshlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish samaradorligini oshirish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborildi

O‘zbekiston 19:01 / 20.11.2020 1832

Senatning to‘qqizinchi yalpi majlisida nikohlanuvchi yoshlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish samaradorligini oshirish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovini yuborish haqidagi masala ko‘rib chiqildi.

Majlisda Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Dilorom Toshmuhamedova parlament so‘rovini yuborishdan oldin olib borilgan o‘rganishlar haqida ma'lumot berdi.

«So‘nggi bir necha yilda oilaviy ajrashishlar soni ko‘payib bormoqda. Oilaviy turmushda shaxslararo munosabatlarning buzilishi, bepushtlik, oila a'zolarining kasal bo‘lishi, nogiron bolalarning tug‘ilishi – muhim sabablardan biridir. Ajrashishlarning 60 foizidan ortig‘i 6 yilgacha yashagan oilalar bo‘lib kelyapti. Aksariyat ajrashishlar aynan yoshlar oilalarida bo‘lmoqda.

Globalizatsiya jarayonlari yoshlarimiz salomatligiga o‘z ta'sirini ko‘rsatmay qolmayapti. Bugungi kunda sog‘liqni saqlash tizimida yoshlarimizda qanday muammolar bor? Afsuski, sog‘liqni saqlash tizimidagi ba'zi bir kamchiliklar, yoshlarimizning tibbiy madaniyati sustligi natijasida onalar va go‘daklar o‘limi ko‘rsatkichlari, onalar o‘limi ko‘rsatkichlari so‘nggi yillarda kamayayotgani yo‘q. Nuqsonli go‘daklar tug‘ilishi o‘sib bormoqda.

Yoshlarning nikohdan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tish tartibi joriy qilinganiga qaramasdan 2019 yilda 2017 yildagiga nisbatan 1 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolalar sonining o‘sishi 110,5 foizni tashkil etmoqda», deya Dilorom Toshmuhamedovaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mamlakatimizda har yili o‘rtacha hisobda 300 mingdan ziyod nikoh qayd etilayotgan bo‘lsa, 600 mingdan ortiq kishi nikoh oldi tekshiruvidan o‘tadi.

Nikohdan ajralishlar soni yoshlar orasida barqaror o‘sib borib, 2015-2019 yillarda jami 29,3 mingtadan 31,4 mingtagacha oshdi. Oilaviy ajralishlarning sabablari o‘zaro shaxsiy munosabatlardagi kelishmovchiliklar, bepushtlik, nogiron bolalar tug‘ilishi, er yoki xotinning surunkali kasalligi bilan ham bog‘liq.

Sog‘liqni saqlash tizimidagi ayrim kamchiliklar, yoshlarning tibbiy madaniyati darajasi yetarli emasligi sababli 2019 yilda 3357 nafar, 2020 yilning 6 oyi davomida 4075 nafar bir yoshgacha go‘daklar o‘limi qayd etilgan. Bu holatga irsiy kasalliklar hamda yaqin qarindoshlar o‘rtasida tuzilgan nikoh ham sabab hisoblanadi.

Aynan shunday vaziyatlarga barham berish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksiga muvofiq nikohlanuvchi shaxslarning tibbiy ko‘rikdan o‘tish hajmi va tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Shu maqsadda 2003 yil 23 avgustda hukumatning «Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi 365-sonli qarori qabul qilingan.

Biroq nikohdan oldingi tibbiy ko‘rikdan o‘tishdagi tizimli muammolar mavjudligi, yoshlarning munosabati jiddiy emasligi, tibbiy ko‘riklar formal o‘tkazilishi, shifoxonalarda tegishli mutaxassislar hamda moddiy-texnika bazasi yetarli emasligi kelgusida oilalarning mustahkamligiga hamda tug‘ilayotgan farzandlar salomatligiga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda.

Yuqoridagilardan kelib chiqib nikohlanuvchi yoshlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish samaradorligini oshirish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish haqida Oliy Majlis Senatining qarori qabul qilindi.

Ko‘proq yangiliklar: